“E–kon” loyihasi yangi imkoniyatlar eshigini ochdi

16:02 25 Noyabr 2024 Jamiyat
417 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Dilshod Choriyev Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tizimida ishlaydi. Muhandis-operator. Toʻrt yillik ish tajribasiga ega. Odatda, bu kasbdagilar biyday sahroda, qum barxanlari bagʻrida ochilgan konlarda mehnat qiladi. Dilshod ham bundan istisno emas.

— Biz uchun maxsus ishchilar shaharchasi barpo etilgan, — deydi asli jondorlik boʻlgan yigit. — Shart-sharoitlardan nolimaymiz. Ishga kelsak, endilikda avvalgidek, ortiqcha ovoragarchiliklarga hojat qolmadi. Ilgari u yoki bu quduq holatini aniqlash uchun bir-ikki kun vaqt sarflardik.

Agar Gazlidagi har bir quduqdan ikkinchisini oʻnlab kilometr masofa ajratib turishi nazarda tutilsa, bu anoyi ish emasdi. Birgina avtotransport xarajatiga qanchadan-qancha mablagʻ sarflashga toʻgʻri kelardi. “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi konlardan tabiiy gaz qazib chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish doirasida “E–kon” loyihasini amalga oshirishga kirishildi– yu bu muammo kun tartibidan tushdi.

— Shu loyihaning 2023 – 2024-yillarga moʻljallangan dastlabki bosqichiga koʻra, 23 ta konimizdagi 257 ta quduqqa 770 tadan ziyod bosim va harorat oʻlchov vositalari oʻrnatildi, — deydi Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi boshligʻi Jasur Ahmedov. — Shuningdek, quduqlardan maʼlumotlarni “onlayn” tarzda olib turish uchun konlarda aloqa vositalari ishga tushirildi.

Bu quduqlar ish rejimini “E-kon” dasturiy platformasida masofadan turib kecha-yu kunduz nazorat qilish imkonini yaratdi. Raqamlashtirish natijasida quduqlarni ishlatish bilan bogʻliq jarayonga sarf etiladigan vaqt keskin qisqardi. Ularning barqaror ishlashi uchun tezkor qarorlar qabul qilish imkoni yuzaga keldi. Negaki, operator-muhandislar mavjud quduqlardan qancha gaz qazib olinayotgani, qanday muammo tugʻilganidan oʻsha lahzaning oʻzidayoq xabardor boʻladi. Jarayonni nazorat va tahlil qilib boradi.

Boshqarmadagi konlarda 14 ta shunday qurilmani ishga tushirish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda gazni tayyorlash qurilmalarining 10 tasida ishlar yakunlandi. Bunga “Uchqir” konida amalga oshirilgan ishlarni misol tariqasida keltirish mumkin. Konda umumiy kunlik quvvati 2,5 million kub metr boʻlgan 3 ta gazni tayyorlash qurilmasi ishga tushirildi. Eʼtiborlisi, barcha yumushlar mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan bajarildi. Chunonchi, loyihalash “OʻzLITIneftgaz” AJ jamoasi, separator, degazator va boshqa texnologik jihozlarni yetkazish “Oʻzbekkimyomash zavodi” AJ tomonidan amalga oshirildi.

— “Uchqir” koni 1960-yilda ochilgan, — deydi boshqarma bosh muhandisi Gʻayrat Temirov. — Konda hozirgi kunda ishlatilayotgan 29 ta quduqdan qazib chiqarilayotgan tabiiy gaz maxsus qurilmalarda dastlabki tarzda tayyorlanmoqda. Yaʼni uning tarkibidagi suyuqliklar va mexanik aralashmalar ajratib olinyapti. Shundan soʻng Gazli gazni qayta ishlash zavodiga yoʻnaltirilmoqda.

Bunday qurilmalarning ishga tushirilishi quvurlardagi gidravlik qarshiliklarni bartaraf etish, shuning evaziga konlarda qazib chiqarish barqarorligini taʼminlash, tabiiy gazning tezkor hisobini yuritish imkoniyatini yaratyapti.

Kondagi ish jarayonlarini kuzatar ekansiz, uyimizga beminnat yetkazilayotgan “zangori olov” qanchadan-qancha ishchi-xodimlarning qishning sovugʻi, yozning jaziramasi demay qilayotgan mashaqqatli mehnati mahsuli ekanini his etasiz. Binobarin, tabiiy gazdan tejamkorlik bilan oqilona foydalanish qandaydir maʼnoda shu ogʻir mehnatning qadru qimmatiga yetishni ham anglatadi.

Darvoqe, yaqinda ”Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga press-tur tashkil etildi. Unda jurnalistlar Gazli neftni qayta ishlash zavodida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yakuni va korxona ish faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, “Oʻzbekneftgaz”AJda joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyida korrupsiyaga qarshi kurash doirasida amalga oshirilgan ishlarga oid “Ochiq eshiklar kuni” ham oʻtkazildi.

“E-kon” loyihasiga kelsak, joriy yilda “Oʻzbekneftgaz”AJga qarashli 1400 dan ortiq quduqqa masofadan turib maʼlumot olish imkonini beradigan vositalar oʻrnatildi. Hozir loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер