Dunyoda koronavirusdan oʻlim koʻrsatkichlari 43 foizga oshdi
Hozir jahondagi epidemiologik vaziyatni faqat koʻrsatkichlar dinamikasi bilan aniq baholash mushkul. Chunki bir tomondan qarasangiz, pandemiya soʻnggi kunlarda birmuncha yumshaganday tuyuladi.
Masalan, oʻtgan hafta davomida jahonda koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlar soni 14-20-mart sanalariga nisbatan 14 foizga kamayib, 10,8 million nafarni tashkil etdi. Albatta, bu ijobiy holat.
Ammo ushbu koʻrsatkichlar orqali dunyoda epidemiyaning salbiy taʼsiri pasayib bormoqda, deya xulosa chiqara olmaymiz. Nega?
Chunki 21-27-mart oraligʻida COVID-19 tufayli hayotdan koʻz yumganlar soni undan avvalgi haftaga qiyoslaganda 43 foizga oshgan. Yaʼni kasallikdan 45,7 mingdan ortiq kishi vafot etgan.
Baʼzi mutaxassislar fikricha, mazkur holat “omikron”ning yer yuzida keng tarqalayotgan yangi VA.2 mutatsiyasi avvalgi subvariantga nisbatan birmuncha asoratli ekani bilan bogʻliq.
Qolaversa, JSSTning fikricha, bu raqamlar Chili, AQSH, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasi davlatlarida oʻlim koʻrsatkichlarini aniqlash va qayd etish mezonlariga oʻzgartirish kiritilgani bilan bogʻliq boʻlishi ham mumkin.
Oʻtgan haftada koronavirusni yuqtirish bilan bogʻliq sezilarli pasayish tendensiyasi barcha mintaqalarda kuzatilgan. Misol uchun, Sharqiy Oʻrta yer dengizi mintaqasi mamlakatlarida 32, Afrikada 29 va Gʻarbiy Tinch okeani mintaqasi davlatlarida kasallanish 24 foiz kamaydi. Yevropada bu koʻrsatkich 4 foizni tashkil etdi.
Oʻlim holatlari Janubiy va Shimoliy Amerikada 182, Janubi-Sharqiy Osiyoda esa 116 foizga oshgan. Qolgan mintaqalarda buning aksi qayd etildi. Jumladan, mazkur infeksiyadan oʻlimlar miqdori Afrikada 30, Sharqiy Oʻrta yer dengizi mintaqasida 22 hamda Yevropada 17 foiz pasaygan.
Oʻtgan haftada koronavirus tashxisi qoʻyilgan eng koʻp bemor Koreya Respublikasida roʻyxatga olingan — 2,4 million nafar. Ikkinchi oʻrinni 1,5 milliondan ziyod koʻrsatkich bilan Germaniya band etdi.
Vyetnam esa uchinchi oʻrinda — mamlakatda 1,1 milliondan ortiq odam koronavirusni yuqtirgan. Toʻrtinchi oʻrinni 846 mingga yaqin holat bilan Fransiya, beshinchi pogʻonani esa 503 mingdan ortiq bemor bilan Italiya egalladi.
Jahonda COVID-19dan oʻlim koʻrsatkichlarining katta qismi Chilida qayd etildi — qariyb 12 ming nafar. Ikkinchi oʻrinda — AQSH. Mamlakatda hafta davomida 5,3 mingdan ziyod bemor xastalikdan vafot etdi. Hindistonda esa bu koʻrsatkich 4,5 ming nafarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, Rossiyada 2,8 ming nafardan ortiq hamda Koreya Respublikasida 2,5 ming nafarga yaqin bemor koronavirus qurboniga aylandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Saida Mirziyoyeva Dohadagi kino festivalga tashrif buyurdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring