Dubayning yirik port operatori rahbari isteʼfoga chiqdi

18:23 14 Fevral 2026 Dunyo
327 0

Dubayning yirik port operatori — DP World juma kuni kompaniya raisi va bosh ijrochi direktori Sulton Ahmad bin Sulayem isteʼfoga chiqqanini maʼlum qildi. Bu qaror uning marhum moliyachi Jeffri Epshteyn bilan ehtimoliy aloqalariga oid hujjatlar eʼlon qilinganidan keyin kuchaygan bosim fonida qabul qilindi, deb yozmoqda “Reuters”.

Maʼlum qilinishicha, DP World direktorlar kengashi raisi etib Essa Kazim, guruh bosh ijrochi direktori lavozimiga esa Yuvraj Narayan tayinlandi. Kazim ayni paytda Dubay xalqaro moliya markazi hokimi hisoblanadi. Narayan 2004-yildan buyon kompaniyada ishlab keladi va soʻnggi vaqtgacha bosh direktor oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Sulton Ahmad bin Sulayem rahbarlik qilgan tashkilotga bosim soʻnggi kunlarda yanada ortayotgan edi. Xususan, Britaniya rivojlanishni moliyalashtirish agentligi (“British International Investment”) hamda Kanadaning “La Caisse” pensiya jamgʻarmasi DP World bilan yangi investitsiyalarni vaqtincha toʻxtatishini bildirdi. 13-fevral kuni Britaniya agentligi kompaniya qarorini qoʻllab-quvvatlab, Afrikadagi savdo portlarini rivojlantirish boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga umid bildirgan. “La Caisse” ham kompaniya “zarur choralarni koʻrgani”ni qayd etgan.

Epshteynga oid hujjatlar eʼlon qilinishi xalqaro miqyosda jiddiy oqibatlarga sabab boʻlmoqda. Xabarlarga koʻra, “Goldman Sachs” kompaniyasining bosh maslahatchisi Keti Ruyemmler ham isteʼfo berishini bildirgan. Hujjatlarda Epshteyn 2008-yilda voyaga yetmagan qizlarni fohishalikka yollash ayblovi boʻyicha sudlanganidan keyin ham bin Sulayem bilan oʻn yildan ortiq yaqin aloqada boʻlgani taxmin qilinadi. Eslatib oʻtish joiz, Epshteyn 2019-yil avgust oyida Nyu-York qamoqxonasida oʻz joniga qasd qilib vafot etgan.

Maʼlumotlarga koʻra, DP World dunyo konteyner yuk aylanmasining taxminan 10 foizini qayta ishlaydi va Kanada, Peru, Hindiston, Angola kabi davlatlarda faoliyat yuritadi. Kompaniya 2023-yildan buyon “McLaren”ning “Formula 1” jamoasiga logistika hamkori sifatida ham xizmat koʻrsatib kelmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер