DTM test sinovlari natijasi boʻyicha apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish tartibi haqida maʼlumot berdi

11:17 05 Sentyabr 2021 Jamiyat
1213 0

Qayd etilishicha, unga koʻra, apellyatsiya shikoyatini bergan abituriyentlarga uni koʻrib chiqish sanasi va vaqti koʻrsatilgan xabarnoma beriladi.

Abituriyent xabarnomada belgilangan vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjat, xabarnoma va abituriyent ruxsatnomasi bilan Davlat test markaziga kelishi shart.

DTMda apellyatsiya shikoyati koʻrilayotgan abituriyentga uning javoblar varaqasi nusxasi, test topshiriqlari notoʻgʻri bajarilgan javoblar roʻyxati hamda test sinovlarida abituriyentga taqdim etilgan test topshiriqlari kitobi beriladi.

Taqdim etilgan hujjatlar asosida abituriyent har bir notoʻgʻri deb hisoblangan test topshirigʻiga oʻzining javoblarini yozma ravishda bayon qiladi va qabul qilib olgan barcha test materiallari bilan birga apellatsiya komissiyasiga taqdim etadi.

Apellyatsiya shikoyati apellatsiya komissiyasi tomonidan faqat abituriyent ishtirokida, uning yozma javoblari asosida koʻrib chiqiladi.

Abituriyentning yozma javoblari oʻz tasdigʻini topmagan boʻlsa, apellatsiya komissiyasi test sinovlari natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Abituriyent murojaat qilganda unga apellatsiya shikoyati boʻyicha qabul qilingan qarordan koʻchirma beriladi.

Abituriyentning javoblar varaqasi, test topshiriqlari kitobi Davlat test markaziga belgilangan tartibda yetkazilmagan, yirtilgan boʻlsa, shuningdek, test sinovlaridan chetlashtirilgan yoki oʻzining javoblarini yozma ravishda bayon qilmagan abituriyentning apellyatsiya shikoyati koʻrib chiqilmaydi.

Apellyatsiya komissiyasining qarori Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangandan soʻng kuchga kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?