DTM izoh berishi shart! — deputat mandat kechikayotganini keskin tanqid qildi

17:32 02 Sentyabr 2021 Jamiyat
1722 0

Shu kunlarda Mustaqilligimizning 30 yilligini katta tantanalar bilan nishonlayapmiz. Koʻpchilik bayram kayfiyatida. Ammo abituriyentlar emas. Ular mandat qachon chiqarkin, oʻqishga kirdimmi yoki yoʻq, degan oʻyda yuragini hovuchlab yuribdi. Koʻngliga chiroq yoqsa, yorishmaydi.

Aslida natijalar test tugagan kundan boshlab, bir hafta muddatda chiqishi shart. Hayotimizning har bir sohasiga raqamlashtirish kirib kelgan, imtihon savollarining javoblari toʻgʻriligini kompyuter tekshirayotgan vaqtda natijalarni choʻzish kimga kerak boʻlib qoldi? Ijtimoiy tarmoqlarda “adolatsizlik qachon barham topadi”, qabilidagi savollar bejiz ilgari surilayotgani yoʻq. Toʻgʻri, abituriyent qancha ball olganini qisqa muddatda bilib olyapti, ammo mandatni eʼlon qilishga, nahotki, bir oyga yaqin vaqt ketsa? Bizningcha, hamma soha raqamlashtirilgan davrda “bahona izlash” befoyda. Hech boʻlmaganda Davlat test markazi mutasaddilari xalq oldida hisobdorligini anglab, oʻz harakatlariga vaqtida izoh berishlari kerak.

Aholi, ayniqsa umidvor yoshlarning talabiga javob bera olmaydigan Davlat test markazi faoliyatini butunlay qaytadan koʻrib chiqish kerak.

Inson katta hayotga taʼlim orqali kirib keladi, oliy taʼlimdagi adolatsizlik yoshlar qalbida jamiyatga, oʻz kelajagiga ishonchsizlik bilan qarashga sabab boʻladi.

Rivojlangan mamlakatlar tajribasini oʻrganganimizda ularda bizdagi kabi oʻqishga kirish boʻyicha baʼzi toifalarga imtiyozlar emas,yuqori bilim uchun ragʻbat, stipendiyalar, taʼlim grantlari mavjudligini koʻramiz. Bu albatta, barcha uchun barobar qilib qoʻyilgan: biliming boʻlsa, marhamat, stipendiya, grant yutib olib imkoniyatlarga ega boʻl. Hech kimga qoʻsh qoʻllab imtiyoz taqdim etilmaydi.

Taʼlimda aholining barcha qatlamlariga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida oliy oʻquv yurtlariga kirishdagi imtiyozlar tizimini jiddiy isloh etish zarur. Imtiyozlar faqat respublika va xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblari, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun (maxsus shartlar asosida, oʻz yoʻnalishlari boʻyicha) qoldirilsa, mantiqan toʻgʻri boʻladi. Qolgan barcha abituriyentlar sogʻlom raqobat muhitida, adolat mezoni boʻyicha saralanishi darkor.

Toʻlov-kontrakt miqdorini belgilashda ham aholining real daromadlarini hisobga olish adolatdan boʻlar edi. Zotan, ayrim abituriyentlar kontrakt pulini toʻlashga qurbi yetmagani bois oʻqishni tashlab ketayotganini bilamiz. Shunga muvofiq, aholining kam daromadli qatlami uchun ham maqbul keladigan taʼlim krediti liniyasini ishlab chiqish, ularga grantlar ajratish, kontrakt miqdorini qabul paytigina emas, balki oʻqish jarayonida ham differensiallashtirish maqsadga muvofiqdir. Masalan, talaba oʻquv yilini aʼlo baholarga tugatsa, bu uning stipendiyasiga ham, kontrakt miqdoriga ham taʼsir koʻrsatsin. Shunda yoshlarda ilm olishga ishitiyoq kuchayadi, taʼlim sifati ortadi. Jamiyatimiz yuqori bilimli, vatanparvar, qiziquvchan, adolat tamoyillarida tarbiya topgan oʻtyurak kadrlarga juda muhtoj.

Maqsuda Vorisova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP Markaziy Kengashi raisi oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер