Dogʻistonda otishma, ziyoratchilarning oʻlimi va Bahrayn—Eron aloqalari (video+)
 
                Assalomu alaykum, xalqaro maydonda yuz berayotgan voqea va hodisalarning qisqacha sharhi “Xalq soʻzi” va “Народное слово” gazetalarining tahliliy-informatsion dasturida
Dogʻistonda otishma sodir boʻldi
Dogʻistonda 23-iyun kuni tunda Maxachqalʼa va Darband shahrida qurollangan nomaʼlum shaxslar pravoslav cherkovlari, sinagogalar va yoʻl-patrul xizmati postiga hujum qildi. Oqibatda 15 dan ortiq politsiya xodimi halok boʻldi, jangarilar esa oʻldirilgan. Dogʻistonda holat yuzasidan uch kunlik motam eʼlon qilindi.
Milliy antiterror qoʻmitasi Darbanddagi otishmalar yarim tungacha davom etganini maʼlum qilgan. Xabarlarga koʻra, 6 nafar jangari oʻldirilgan.
Huquq-tartibot idoralari aytishicha, jangarilar xalqaro terrorchilik tashkiloti aʼzolaridir.
Oʻldirilgan jangarilardan ikki nafari Dogʻistonning Sergokalinskiy tumani rahbari Magomed Omarovning oʻgʻillari, yana bir jangari esa uning jiyani ekani aytilmoqda.
“Terrorchilar yana bir bor oʻzlarining haqiqiy qabih va qoʻrqoq tabiatini koʻrsatdilar. Doimgidek qurolsiz, himoyasiz odamlarni qurbon sifatida tanladi va keksa ruhoniyni oʻldirishdi. Boʻlib oʻtgan voqea qabih provokatsiya va dinlar oʻrtasida kelishmovchilikni keltirib chiqarishga urinishdek koʻrinadi. Jinoyatni sodir etganlarning na iymoni, na millati bor. Ularni joyida yoʻq qilish kerak”, — degan Ramzan Qodirov telegram kanalida.
“Sionistik rejim yoʻq qilinadi”
Isroil yaqin orada “Hizbulloh” guruhiga qarshi kurash boʻyicha kerakli qarorlar qabul qilishini aytayotgan bir vaqtda guruh qoʻllovchisi sifatida aytiladigan Eron yahudiy davlatini Livan bilan boʻladigan keng koʻlamli urushda butunlay yoʻq qilishini maʼlum qildi.
“Bosqinchi Isroil rejimining oʻzini qutqarish boʻyicha har qanday mulohazasiz qarori mintaqani yangi urushga olib kelishi, buning oqibatida Livan infratuzilmasi hamda 1948-yilda bosib olingan hududlarning inqiroziga yetaklashi mumkin. Shubhasiz, bu urushda bitta magʻlub boʻladi, u ham boʻlsa sionistik rejimdir”, deyiladi Tehron bayonotida.
“Hizbulloh” janglar hech qanday cheklovlarsiz boʻlishidan ogohlantirdi. Shuningdek, guruh Oʻrta yer dengizining gʻarbida joylashgan, Yevropa Ittifoqi aʼzosi hisoblanadigan Kiprga ham tahdid qilgan. Maʼlum boʻlishicha, Isroil u yerda harbiy mashgʻulot oʻtkazmoqda. Kipr hukumati esa maʼlumotlar haqiqatga asoslanmaganligi va Livan bilan yaxshi munosabatda ekanligini taʼkidlagan.
Halok boʻlgan Haj ziyoratchilari soni oshdi
Haj ziyoratida halok boʻlganlar soni 1301 kishiga yetdi. Bu haqda Saudiya Arabistoni sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlum qilgan. Marhumlarning 83 foizi kerakli ruxsatnomalarsiz safarga chiqqan ziyoratchilar ekanligi aytilgan. Ular issiq ob-havoda uzoq masofalarni bosib oʻtgan.
Marhumlar Makkada hurmat va ehtirom bilan dafn etilmoqda.
Haj ziyorati boshlanishidan oldin mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligi ziyoratchilarni issiq ob-havodan ogohlantirib shunga monand tayyorgarlik koʻrishini soʻragan edi.
Bahrayn va Eron aloqalarni qayta tiklashga harakat qilib koʻradi
Bahrayn 2016-yilda Eron bilan aloqalarini uzgan edi. Ammo oʻtgan yili Saudiya—Eron yaqinlashuvi ortidan munosabatlar yaxshilandi.
“Bahrayn va Eron tashqi ishlar vazirlarining Tehronda boʻlib oʻtgan uchrashuvidan soʻng ikki davlat oʻrtasidagi siyosiy munosabatlarni tiklashga qaratilgan muzokaralarni boshlashga kelishib oldilar”, — deb xabar qildi Bahrayn tashqi ishlar vazirligi.
2016-yilda rasmiy Manama Saudiya Arabistoni va Eron oʻrtasidagi keskinlikdan keyin Tehron bilan aloqalarni uzgan edi. Oʻtgan yili Xitoy Saudiya—Eron munosabatlarini tiklagandan soʻng Manama—Tehron aloqalari ham iliqlasha boshladi.
Eron axborot agentliklari xabar qilishicha, iyun oyi boshida Bahrayn Rossiya orqali Eron bilan diplomatik munosabatlarni tiklash boʻyicha soʻrov yuborgan. May oyida esa Bahrayn qiroli Hamad bin Iso Al Xalifa mamlakat Eron bilan munosabatlarni yaxshilashni intiqlik bilan kutayotganini maʼlum qilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
 
                 
        
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring