Diqqat! Endilikda yoshga doir pensiyalar avtomatik tarzda tayinlanadi

18:43 29 Iyul 2024 Iqtisodiyot
395 0

2025-yil 1-martdan boshlab yoshga doir pensiyalar fuqarolarning murojaatisiz (avtomatik) tayinlanadi. Bu haqda Pensiya jamgʻarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, pensiya taʼminoti tizimiga axborot texnologiyalarini faol joriy qilish orqali fuqarolarga koʻrsatilayotgan xizmatlar bosqichma-bosqich interaktiv va proaktiv shaklga oʻtkazilmoqda.

Xususan, 2025-yil 1-martdan boshlab:

- pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga pensiyalar «avtomatik» tarzda, yaʼni hech qanday hujjat talab etmagan holda va fuqaroning murojaatisiz tayinlanadi;

- fuqaroning shaxsiga oid barcha maʼlumotlar vazirlik va idoralarning elektron bazalaridan olinadi.

Ushbu qulayliklarning yoʻlga qoʻyilishi natijasida:

Birinchidan, fuqarolardan pensiya tayinlash uchun qoʻshimcha hujjatlar yigʻish uchun Pensiya jamgʻarmasining hududiy boʻlinmasiga murojaat qilish talab etilmaydi.

Ikkinchidan, pensiya yoshiga yetgan fuqaroga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida pensiya tayinlash haqida qaror qabul qilinganida uning telefon raqamiga «pensiya tayinlanganligi va uning miqdori» toʻgʻrisida maʼlumot yuboriladi.

Shuningdek, pensiyaga chiqmasdan ish faoliyatini davom ettirish istagida boʻlgan yoki pensiya miqdoridan norozi boʻlgan fuqarolarga «avtomatik» tayinlangan pensiyani rad etish huquqi berilmoqda.

Fuqaro pensiya tayinlanganidan, pensiya miqdoridan yoki pensiya tayinlanishi rad etilganidan norozi boʻlgan taqdirda Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimiga tegishli tartibda ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер