Didimiz, qarashlarimiz zamonaviy boʻlishimi mumkin, ammo yuragimiz oʻzbekcha urishi shart!

13:25 21 Oktyabr 2024 Jamiyat
131 0

Vatanimiz kundan kundan chiroy ochib, goʻzallashib, koʻrkamlashib, bu yerga kelayotgan mehmonlaru yurtdoshlarimizni hayrat va havasini keltirmoqda. Ayniqsa, keyingi yillardagi bunyodkorlik namunalari — osmonoʻpar binolar, hududlarda qurilayotgan koʻrkam va shinam turarjoy va noturarjoy inshootlar har qanday odamning koʻzini quvontirishi tabiiy. Bunday oʻzgarishlar har birimizga gʻurur va faxr bagʻishlaydi, chindan ham Oʻzbekistonni bugun butun dunyo biladi, eʼtirof etadi. Respublikamizning turli viloyatlaridan, qolaversa, jahonning turli mamlakatlaridan bugun ming-minglab kishilar sayohat yoki xizmat yuzasidan yoki mehmon sifatida poytaxtimizga tashrif buyurmoqda, xalqimiz, milliy urf-odatlarimiz bilan tanishmoqda. Bu jihatlardan qanchalik quvonmaylik, lekin dilimizni xira qilib turadigan bir holatga beparvo qarab oʻtishning iloji yoʻq.

Bugun “supermarket”, “makro”, “minimarket,” “optom market” degan soʻzlarga koʻpchiligimizning koʻzimiz ham , oʻzimiz ham koʻnikdik va bunday joyni koʻrganda, bor-ye, deb qoʻl siltaydigan boʻldik. Shaharda “Nekst”, “Mejik siti”, “Andalus”, “Outlet”, “Diadora”, “Parus”, “Integro” degan joylar paydo boʻldiki, endi ularning nomini oʻzgartirsangiz ham, odamlarning xotirasidan haydab chiqarishingiz juda qiyin. Shahardan Qoʻyliqqa ketaverishda “Alfraganus” degan turarjoy dahasi qurilmoqda, Bu buyuk oʻzbek olimi al Fargʻoniyning inglizchasimi?

Ayni kunda shahrimizda faoliyat koʻrsatayotgan koʻplab xizmat koʻrsatish shoxobchalari, oʻquv markazlari, xususiy tibbiyot markazlari, doʻkonlarga qoʻyilayotgan nomlarni kuzatib, goʻyo oʻzimizni Toshkentda emas, qandaydir xorij shahrida yurgandek his etamiz, gʻashimiz keladi.

Bugun shaharning qay burchagiga bormang, albatta, xorijiy, asosan inglizcha yoki ruscha peshlavhalarga koʻzingiz tushadi. Xuddiki bu doʻkon yoki shoxobchalarni chet ellik investorlar, maxsus chet elliklarga ochgan, deb oʻylashingiz mumkin. Yoʻq yanglishasiz, unday emas ekan, uni ochganlar ham, u yerda ishlayotgan xodimlar ham, u yerda ovqatlanayotgan mijozlar ham, xullas, hammasi oʻzimizning oʻzbek qorakoʻzlarimiz. Unda mazkur oshxona yoki kafega xorijiy qandaydir tushunarsiz bir nomni qoʻyishga ne hojat? Bu nima oliftalikmi, dabdabami yoki shunday nom qoʻyilgani mijozlarning sonini oshiradimi?! Yoki biz milliy gʻururimiz, milliy immunitetimizni butunlay yoʻqotib qoʻyganmizmi?

Qachon, qanday qilib yoʻqotdik, axir davlatimiz mustaqil boʻlganiga oʻttiz uch yil boʻldi. Oʻzbek tilining davlat tili deb eʼlon qilinganiga esa bu yil oz emas, koʻp emas, oʻttiz besh yil boʻldi. Nega bizlar yildan yilga xorijiy tillardagi atamalardan foydalanishni kamaytirish oʻrniga, aksincha ularni yanada urchitib, koʻpaytirib yuboryapmiz. Bizga buni birov majburlayaptimi?

Ovqatlanish shoxobchalarida “Bistro”, “Evos”(kafe), “Look”(kafe), “FasT food” kabi yozuvlarga deyarli koʻzlarimiz oʻrganib boʻldi. “Osh siti”, “Norin siti” degan nomlar nimani anglatadi? Doʻkonlarga “Legenda”, “Arabella”, “Inter”, “Gold 999” deya nom qoʻyishdan nima maʼno bor? Qurilish yoki uy-roʻzgʻor ashyolari sotiladigan doʻkonlarning nomlariga eʼtibor bering: “Всё для дома”, “Шторы и жалюзы”, “Мужской обувь”, “Электротовары” va hokazo. Shu atamalarning chiroyli muqobili oʻzbek tilida yoʻqmi? Albatta bor, lekin nimagadir u nomlarni qoʻyishni istamaymiz.

Bilamizki, Sagʻbon koʻchasi Toshkentning qadimiy koʻchalaridan boʻlib, azaldan mahalliy xalq yashab kelgan. Hozir ham bu hududda aksariyat oʻzbeklar yashaydigan mahallalar joylashgan. Lekin Chorsu tarafdan bu koʻcha boʻylab Keles tarafga yurar ekansiz, turli-tuman xorijiy nomlarga koʻzingiz tushadi. Masalan, Sagʻbon koʻchasi bilan Nurafshon koʻchasi kesishgan chorrahaga yetmasingizdan “Rich market” degan doʻkonga duch kelasiz. Oʻzi kichkina bir doʻkoncha boʻlsa, bunday xorijiy nom qoʻyishga zarurat bormikan?

Shu koʻchadan yana sal yursangiz “IzolMag” degan yozuvga, undan keyin oʻtib esa “Paradize” degan salonga duch yekelasiz. Undan yana nariroq boraversangiz, “Xozmarket” “Xodovoy”, “Car vash”, “Koleso”, “Moy sam” kabi yozuvlarga duch kelasiz. Xullas, ularni birma-bir sanab, birma-bir qogʻozga tushirishga hafsala ham yetmaydi. Aynan shu koʻchada “Gold plov”, “Sosiski” degan oshxona yoki xizmat koʻrsatish shoxobchalariga ham duch kelasiz. Endi oʻylang, Toshkentdagi oʻzbeklar gavjum yashaydigan bir koʻchamizdagi ahvol shunaqa achinarli holda boʻlgach, boshqa koʻchalar haqida gapirishga hojat ham yoʻq.

Shu oʻrinda yana bir narsani aytmoqchi edim, ming marta gapirilganiga qaramasdan, “Мы открылись”, “дом продаётся” degan eʼlonlar hali hanuz har qadamda uchrab turibdi. Oʻsha joyga telefon qilib soʻrasangiz, albatta, telefonda oʻzbek kishi boʻladi. Sotuvchi ham oʻzbek, xaridor ham oʻzbek , lekin berilgan eʼlon ruscha. Toʻgʻrisi, buning maʼnosiga umuman tushunmadim.

Yana bir achinarli jihat: xususiy maktabgacha taʼlim tashkilotlarining aksariyati boshqa tilda nomlanishi. Toʻgʻri, zamonga moslashishni, davr bilan hamqadam yurishni, tillarni puxta oʻzlashtirishni har birimiz istaymiz. Ammo...., ammo yuragimiz oʻzbekcha urishi kerak-ku! Bugun yurt yetakchisining qatʼiy siyosiy irodasi sabab ona tilimiz – oʻzbek tili dunyo minbarlarida, xalqaro maydonda baralla yangrayapti. Ana oʻsha pallalar yuragimiz boshqacha urishi rost-ku! Shunday ekan, nega biz maʼnaviy mulkimizni munosib muhofaza qilmayapmiz?! Uning bor imkoniyatlaridan toʻliq foydalanmayapmiz?!

Bu masalada siz ham bir mushohada qilib koʻringga!

Bahora Ahmedova,

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat

markazi rahbarining Axborot siyosati

masalalari bo‘yicha maslaxatchi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?