Deputatning shaxsiy kutubxonasi bormi?

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Rustam Norov — xalq deputatlari Romitan tumani Kengashi deputati. Yaqindan bilganlar unga “Bilimli, dunyoqarashi keng, yaxshi suhbatdosh”, deya taʼrif berishadi. Hatto bir hamkasbimiz “Oʻqimagan kitobi qolmagan”, deb biroz mubolagʻa ham qildi.
Sirasini aytganda, bu mubolagʻa ham emas. Asl kasbi muhandis-gidrotexnik boʻlgan Rustam aka Alisher Navoiy, Jaloliddin Rumiy, Bobur, Maxtumquli kabi buyuk shoirlarning asarlarini oʻqib, sheʼrlarini yod olgan. Gʻazallarini bir adabiyotshunos darajasida tahlil qila oladi. Pirimqul Qodirov, Oʻtkir Hoshimov, Abdulla Oripov singari adabiyotimiz dargʻalari kitoblarini mutolaa qilgan. Yurtimiz, xususan, Buxoro tarixini chuqur biladi.
— Alisher Navoiy gʻazallarini oʻqiganimda dunyoni bilish borasida ongimizda hali boʻshliq bor, deya oʻylanib qolaman, — deydi u. — Navoiy bobomiz bizdan besh yuz yil narida turib bizu sizga saboq berayotgandek tuyuladi.
Qishloq xoʻjaligi sohasida masʼul vazifalarda ishlagan Rustam aka saylovchilar koʻngliga darhol yoʻl topadi. Ularni oʻylantirayotgan masalalar yechimini izlaydi. Davralarda esa davlatimiz olib borayotgan siyosatning mazmun-mohiyatini, jamiyatimizdagi oʻzgarishlarni dehqonchasiga tushuntirib, bahslashishga shaylanganning, ayrim noshukr bandalarning popugini pasaytirib qoʻyadi. Bilimli mingni yiqar, deganlari shu boʻlsa ne ajab?!
Shuncha gapdan soʻng biz Rustam akadan “Kitob javoningiz bormi?” deb soʻrashga istihola qildik. U qisqa, biroq maroqli gurungi bilan bu savolga hojat ham qoldirmadi. Ammo yana bir yurtdoshimiz Shamsiya Saidova bilan muloqotda uning shaxsiy kutubxonasi bor-yoʻqligi bilan qiziqdik.
— Shaxsiy kutubxonam bor, albatta, — deydi xalq deputatlari Vobkent tumani Kengashi deputati Sh. Saidova. — Kitob javonimdan 400 tacha adabiyot oʻrin olgan. Esimda, bolaligimizda otam barchamizni atrofiga toʻplab “Qobusnoma”ni oʻqib berardi. Mendagi kitobga mehr xuddi oʻsha pallada uygʻongan. Bilasiz, deputat notiqlik sanʼatiga ega boʻlishi maqsadga muvofiq. Uning tili ravon, fikri tiniq, maʼnaviy dunyoqarashi keng boʻlmogʻi darkor. Deputatlik faoliyatimda ancha-muncha kitob mutolaa qilganim qoʻl kelyapti, degan fikrdaman. Koʻp holda xotin-qizlar masalalari bilan shugʻullanaman. U yoki bu muammoga oqilona yechim topish, xalqona aytganda, “Yetti oʻlchab bir kesish” zarurati tugʻiladi. Shunda koʻplab badiiy asarlar qatorida Amir Temur, Bobur hayotiga oid, shuningdek, jamiyat, oila toʻgʻrisida fikr-mulohaza yuritgan jadid yozuvchilar qalamiga mansub kitoblarni oʻqiganim asqatadi. Davriy nashrlar – gazeta-jurnallarni imkon qadar koʻzdan kechirib boraman.
Shamsiya Saidovaning bu soʻzlarini tinglarkanmiz, beixtiyor tuzukkina joyda ishlaydigan sobiq bir deputat yodimizga tushdi. Uning maqolasi qaysidir gazetada chop etilgan ekan. “Siz nashriyotda ishlaysizku. Oʻsha gazitdan topib bersangiz”, degandi u dabdurustdan. Qarang, bir ogʻiz soʻz bilan u oʻz saviyasini koʻrsatdi-qoʻydi. Nashriyot bilan tahririyatni, viloyat gazetasi bilan respublika matbuotini farqlamaydigan bu kishi kitob, gazeta-jurnal mutolaasidan yiroqligi shundoq bilinib qoldi.
— 2010-yildan 2020-yilgacha xalq deputatlari viloyat va Romitan tumani Kengashlari deputati sifatida faoliyat olib borganman, — deydi ayni paytda Buxoro davlat pedagogika institutida talabalarga saboq berayotgan Shuhrat Ismatov. — Oʻz tajribamdan kelib chiqqan holda ayta olamanki, deputat kitobxon boʻlsa, uning aholi oʻy-tashvishlarini tinglab, tahlil qilishi, muammolar yechimi ustida ishlashi osonlashadi. Faoliyatiga professional darajada yondashadi. Qolaversa, koʻp kitob mutolaa qilish insonning oʻziga boʻlgan ishonchini ham oshiradi. Ishonch esa jamiyatdagi faollik garovi sanaladi. Afsuski, deputatlarimizning baʼzilarida aynan shu faollik yetishmayapti. Ayrimlari hatto oʻz huquqlari, vakolatlarini toʻliq bilishmaydi. Aholini tashvishlantirayotgan masalalarga yechim topishda qiynalishadi. Huquqlaridan oqilona foydalana olishmaydi. U yoki bu masala yechimi yuzasidan tegishli tashkilotlarga murojaat qilish yoki oʻzlari saylangan mahalliy Kengash sessiyalarida muammolarni kun tartibiga qoʻyish borasida jon kuydirishmaydi. Bir mahalla yoki tuman darajasida hal etilishi mumkin boʻlgan kichik masala ayrim mutasaddilar yoki deputatlarning loqaydligi oqibatida katta qozonga qaynayotgan hollar ham uchrab turibdi.
Suhbatdoshimizning kuyinganicha bor. Nazarimizda, deputatlarimiz kitobxonlik, gazetxonlik borasida ham oʻz saylovchilariga namuna boʻlishlari kerak.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib aytish mumkinki, kitobxonlikdan hech kim, jumladan, deputat ham ziyon koʻrgan emas. Shunday ekan, xalq vakili sanalgan deputatlarimizning shaxsiy kutubxonasi boʻlganiga nima yetsin?!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring