Deputatlar Hukumatning Davlat dasturi ijrosi yuzasidan taqdim etgan hisobotini maʼqulladi

06:39 12 May 2023 Siyosat
559 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Vazirlar Mahkamasining “2022 – 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2023-yil birinchi choragida bajarilishi yuzasidan hisoboti keng muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, oʻtgan davrda aholining hayot darajasini yanada yuksaltirish, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash, taʼlim sifatini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, Davlat dasturida belgilangan tadbirlarning bajarilishini taʼminlash va doimiy monitoring olib borish yuzasidan yaxlit tizim yaratildi, tegishli taqvim-jadval tasdiqlandi. Davlat dasturi bajarilishi har oyda tahlil qilinib, topshiriqlar ijrosi yuzasidan haftalik monitoring yuritildi, masʼullarning hisobotlarini eshitib borish tartibi joriy etildi.

Davlat dasturida belgilangan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ishlab chiqilishida hukumat va parlament oʻrtasida yaqin hamkorlikda faoliyat olib borildi. Qonunchilik palatasining qoʻmitalari va hukumat tomonidan nazorat-tahlil tadbirlari doirasida koʻtarilgan masalalarni birgalikda hal etish amaliyotidan unumli foydalanildi.

Hisobot davrida Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan jami 41 ta hujjat qabul qilingan. Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar tahlili, statistik koʻrsatkichlar iqtisodiy-ijtimoiy sohadagi islohotlarning samaradorligini taʼminlash, hududlarni kompleks rivojlantirish borasida sezilarli natijalarga erishilganligini koʻrsatmoqda.

Qayd etilganidek, yalpi ichki mahsulot oʻsishi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 105,5 foizga oʻsgan. Davlat byudjeti daromadlari 47,3 trln. soʻmga ijro etilgan. Aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida Davlat byudjetidan ijtimoiy sohalarga yoʻnaltirilgan xarajatlar 18,1 trln. soʻmni tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 22,3 foizga oshgan. Hisobot davrida jami qiymati 2,55 mlrd. dollarlik xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilgan, tovarlar va xizmatlar eksporti 3,2 mlrd. dollarga yetgan. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 6,2 trln. soʻmlik import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilgan.

Shuningdek, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish dasturi tasdiqlanib, uning doirasida sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish boʻyicha umumiy qiymati 37,8 mlrd. soʻmga teng 31 ta loyiha moliyalashtirilgan.

Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish borasida belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlar doirasida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy etiladigan va maqbullashtiriladigan 72 turdagi davlat xizmatlari va servislarini elektron shaklga oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar tasdiqlangan.

Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish borasida ham tizimli ishlar bajarilgan. Jumladan, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ishsiz xotin-qizlarni davlat hisobidan mehnat bozorida talab yuqori kasb-hunarlarga oʻqitish maqsadida 78 ming nafar xotin-qizlarning manzilli roʻyxati shakllantirilgan.

Shuningdek, aholiga tibbiy yordam koʻrsatish samaradorligini yanada oshirish, reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish maqsadida 46 ta tumanlararo perinatal markazlarni tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash boʻyicha tegishli shartnomalar imzolangan. Xorijiy davlatlarda mehnat qilib qaytgan fuqarolarning bandligini taʼminlash va ularni reintegratsiya qilish maqsadida 80,2 ming nafarga yaqin fuqaroning bandligi taʼminlangan.

Bundan tashqari, “Yoshlar daftari”ga jami 70 ming 798 nafar yosh kiritilib, ularning 24 ming 467 nafariga kontrakt toʻlovi, mehnat qurollari uchun mablagʻ, muddatli hariy xizmat badali, haydovchilik kurslari, kasb-hunarga oʻqish va davolanish kabi yoshlar orasida talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlardagi xarajatlar uchun 21,9 mlrd soʻm qoplab berildi.

Majlisda qayd etilganidek, Davlat dasturidagi joriy yil birinchi choragida jami 59 ta yaxlit va kichik bandning ijrosini taʼminlash belgilangan boʻlib, shundan 53 tasining ijrosi toʻliq bajarilgan, 6 tasining ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan tegishli hujjat loyihalari koʻrib chiqilmoqda.

Muhokamalarga boy boʻlgan majlisda deputatlar Davlat dasturining ayrim bandlarida belgilangan vazifalarning dolzarbligidan kelib chiqib, ularning ijrosi toʻliq taʼminlanib, aniq natijalarga erishilmaguniga qadar kelgusi choraklarda ham bu kabi bandlarni ijrodan olib tashlamasligini alohida qayd etishdi.

Davlat dasturining ijrosiga oid hisobot yuzasidan har bir siyosiy partiya fraksiyasi oʻz nuqtayi nazarini, fikr-mulohazalarini bildirdi.

OʻzLiDeP fraksiyasi partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, Davlat dasturining milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga alohida eʼtibor qaratdi. Fraksiya aʼzolari raqamli iqtisodiyotni asosiy “drayver” sohaga aylantirish maqsadida “Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish dasturi” tasdiqlangani, unga muvofiq, sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish boʻyicha umumiy qiymati 37,8 mlrd. soʻmga teng 31 ta loyiha moliyalashtirilganini eʼtirof etishdi. Shuningdek, Davlat dasturining har bir bandida xalqimizning turmush sharoitini yaxshilash, tadbirkorlar safini kengaytirishdek muhim maqsadlar turganini aytib, ularning ijrosini oʻz vaqtida, sifatli taʼminlash boʻyicha qator takliflar berdi.

OʻzMTDP fraksiyasi deputatlari taʼkidlaganidek, fraksiya yigʻilishida oliy taʼlim muassasalarining 6 ta taʼlim muassasasida xorijiy ekspert ishtirokida ichki va tashqi taʼlim sifatni taʼminlash amaliyotini joriy etish, professional taʼlim xodimlariga mehnatga xaq toʻlashni takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar borasida belgilangan vazifalar ijrosi atroflicha koʻrib chiqildi. Shundan kelib chiqib, fraksiya taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, pedagog va tarbiyachilar tayyorlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish, jarayonga yangi yondoshuvlarni joriy qilish yuzasidan takliflar berishdi.

“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzolari korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish choralari koʻrilayotganini eʼtirof etib, amaliyotda bu borada hali-hanuz ayrim muammolar, xususan, inson omili saqlanib qolayotganligi, shu bois, ayrim sohalarda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi holatlarning oldini olish, advokatura instituti jozibadorligini yanada oshirish orqali sohaga yosh kadrlarni jalb etishning samarali tizimini yaratish, advokaturaga ishga qabul qilish tartibini yanada soddalashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.

OʻzXDP fraksiyasi vakillari taʼkidlaganidek, Davlat dasturining ijrosida partiya elektorati uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan — adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yoʻnalishlarida eʼtirofga loyiq ishlar amalga oshirilgan. Shu bilan birga, fraksiya Hukumat kelgusida ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarning 160 ming nafarini talabgor kasblarga oʻqitish hamda ulardan kamida 5 ming nafarining kasbiy malaka darajasi tasdiqlash va ularga malaka pasportlarini taqdim etish, reabilitatsiya markazlarida nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya choralari bilan qamrab olish koʻlamini 5 baravarga oshirish masalalarga alohida eʼtibor qaratish zarur deb hisoblaydi.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiya aʼzolari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahorgi koʻchat ekish mavsumida 127,7 mln. dona koʻchat va qalamchalar ekilganini eʼtirof etib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish maqsadida irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda sugʻorish quduqdarini oʻrnatish orkali respublika boʻyicha jami 1983 gektar yer maydonlari qayta foydalanishga kiritilganligi qayd etilib, joriy yilda belgilangan rejani oʻz muddatida amalga oshirish lozimligini qayd etishdi. Shuningdek, Orolboʻyi hududini ekologik jihatdan tiklash ishlarini kengaytirish, olis hududlaridagi aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlash, maishiy chiqindilarni yigʻish va uni qayta ishlash tadbirlarini oʻz muddatida, sifatli ijrosini taʼminlash borasida taklif va mulohazalar bildirildi.

Savol-javoblarga boy boʻlgan majlisda deputatlar joriy yilning ikkinchi choragida Davlat dasturining ijrosi ustidan tizimli ravishda monitoring oʻrnatish, parlament nazoratining barcha shakllaridan unumli foydalanish lozimligini qayd etdilar. Bundan tashqari, aholi farovonligini yanada yaxshilash borasidagi tadbirlarning samarali amalga oshirilishi zarurligi taʼkidlandi. Mazkur masalalar yuzasidan ham deputatlarning Hukumatga taklif va tavsiyalari berildi.

Majlisda Vazirlar Mahkamasining Davlat dasturi ijrosi yuzasidan taqdim etgan hisoboti maʼqullanib, Hukumatning tegishli faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar aks etgan tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер