Davlat xizmatlaridan foydalanishda Mobil-ID tizimi joriy etiladi
“Davlat xizmatlari koʻrsatishni soddalashtirish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF–113-son, 20.04.2022-y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2022-yil 1-avgustdan:
— davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qoʻshimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi (Mobil-ID tizimi) joriy etiladi;
— Mobil-ID tizimi “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash boʻyicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi;
— shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash DXM yoki notarial idora tomonidan yoxud YAIDXP mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi;
— bevosita Markazlar yoki notarial idora orqali fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish 2022-yil 31-dekabrgacha toʻlov undirilmasdan, 2023-yil 1-yanvardan BHMning 2 foizi miqdorida bir martalik toʻlov undirilgan holda amalga oshiriladi;
— Mobil-ID tizimi foydalanuvchilari elektron raqamli imzoni qoʻllamagan holda barcha davlat xizmatlaridan (bundan moliyaviy xizmatlar mustasno) foydalanishi mumkin;
— fuqaroning YAIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboriladigan barcha xabarnomalar Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalangan mobil telefon raqamiga SMS-xabar shaklida yuboriladi.
Farmonga koʻra, quyidagilar aholi va tadbirkorlarga davlat xizmatlari koʻrsatishda Adliya vazirligining kelgusi besh yillikdagi ustuvor faoliyat yoʻnalishlari etib belgilandi:
— “Fuqaro eʼtibor markazida” (Citizen – centric service) tamoyili asosida davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini modernizatsiya qilish;
— aholining elektron davlat xizmatlaridan foydalanish darajasini keskin oshirish hamda ish yuritishni “qogʻozsiz” tamoyil asosida olib borish;
— biznes jarayonlarini modernizatsiyalash usullari (Business Process Reengineering) asosida har bir davlat xizmatini maqbullashtirish, “bir darcha” tamoyilini amaliyotga toʻliq tatbiq etish;
— davlat xizmatlarining yangi turlarini yoʻlga qoʻyish hamda oʻz ahamiyatini yoʻqotgan davlat xizmatlarini birlashtirish yoki bekor qilish;
— jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda inklyuziv muhitni yaratish;
— davlat organlarining tashabbusi asosida proaktiv davlat xizmatlari hamda bitta soʻrov boʻyicha oʻzaro bogʻliq kompozit davlat xizmatlari koʻrsatish amaliyotini kengaytirish;
— oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, aholi va tadbirkorlik subyektlarining davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish koʻnikmalarini oshirib borish.
Farmon bilan 2022-yil 1-iyuldan ayrim talab va shartlari bekor qilinayotgan litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar roʻyxati tasdiqlandi.
Shuningdek, 2022-yil 1-iyundan 38 turdagi davlat xizmatlarini YAIDXPda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
2022-yil 1-sentyabrdan quyidagi nodavlat tashkilotlarga “Elektron hukumat” tizimi orqali olinishi mumkin boʻlgan maʼlumotlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi:
— tijorat banklari;
— telekommunikatsiya tashkilotlari;
— xususiy tibbiyot muassasalari;
— nodavlat taʼlim tashkilotlari;
— sugʻurta tashkilotlari.
“Elektron hukumat” tizimi doirasida maʼlumotlarni nodavlat tashkilotlarga taqdim etuvchi Raqamli maʼlumotlar platformasi ishlab chiqiladi.
2022-yil 1-avgustdan:
— davlat organlari tomonidan shaxsga doir maʼlumotlar “Elektron hukumat” tizimi orqali soʻrab olinganda shaxsga doir maʼlumotlar subyektining YAIDXPdagi shaxsiy kabineti yoki Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyadan oʻtgan mobil telefon raqamiga bu haqida xabarnoma yuboriladi (bundan davlat siri va qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan holatlar mustasno);
— xoʻjalik birlashmalari, davlat tashkilotlari va muassasalari, “Elektron hukumat” tizimidan foydalanishga ruxsat berilgan nodavlat tashkilotlar tomonidan ishlarni bajarish va xizmatlarni koʻrsatishda shaxsga doir maʼlumotlar uning subyekti roziligi bilan “Elektron hukumat” tizimi orqali taqdim etiladi. Bunda, maʼlumotlar tegishli tashkilotga shaxsga doir maʼlumotlar subyektining YAIDXPdagi shaxsiy kabineti yoki Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyadan oʻtgan mobil telefon raqamidan tasdiq olingandan soʻng “Elektron hukumat” tizimi orqali taqdim etiladi.
2022-yil 1-iyundan:
— “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar OTMga oʻqishga qabul qilishda oʻtkaziladigan kirish test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan toʻlovlardan ozod etiladi;
— Markazlarda aholi va tadbirkorlarga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish uchun oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatuvchi joylar tashkil etiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Saida Mirziyoyeva Dohadagi kino festivalga tashrif buyurdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring