Davlat xizmatchilari tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi

16:07 22 Yanvar 2025 Jamiyat
239 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Tibbiy koʻrik deganda koʻpchilik ishga qabul qilinayotganida salomatligi yuzasidan taqdim etiladigan maʼlumotnomani tushunadi. Mazkur bir varaq qogʻoz shu qadar nomiga, rasmiyatchilik uchun boʻlib ketganki, uni aksariyat idoralarda xodimlar boʻlimi mutaxassislari ham sinchiklab oʻqib chiqishmaydi. Vaholanki, chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan yiliga bir bor oʻtib turish, eng avvalo, fuqaroning oʻz salomatligi uchun foydali. Uning organizmida yashirin tarzda kechayotgan noxush oʻzgarish va turli xastaliklar erta aniqlanib, davolash choralari koʻriladi. Zero, kasallikni davolashdan koʻra oldini olish osonroq, deb bejiz aytishmaydi.

Mamlakatimiz Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirish orqali jamoat salomatligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida kasalliklar va ularni keltirib chiqaruvchi xavf omillarini erta bosqichlarda aniqlash boʻyicha maqsadli tibbiy koʻriklar va skrining tekshiruvlarini oʻtkazish belgilangan.

Ushbu vazifadan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Navoiy viloyati filiali, Navoiy viloyati hokimligi hamda Navoiy viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining hududiy va tuman (shahar) boʻlinmalari rahbarlari (boshqarma boshligʻi va uning oʻrinbosarlari, tuman (shahar) boʻlimi boshliqlari) va viloyat hamda tuman (shahar) hokimliklarida faoliyat yuritayotgan davlat fuqarolik xizmatchilari profilaktik tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

— Mazkur tibbiy koʻrikning dastlabki bosqichida malakali shifokorlar tomonidan 500 nafardan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilari sogʻligʻining barqarorligi koʻzdan kechirilib, tibbiy tahlillar va yuzma-yuz muloqotlar asosida tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi, — deydi agentlikning Navoiy viloyati filiali inson resurslari va kadrlar salohiyatini rivojlantirish boʻlimi bosh inspektori Abror Latipov. — Ushbu tibbiy koʻriklarda salomatligi bilan bogʻliq muammolar aniqlangan davlat xizmatchilariga zarur tibbiy maslahat va tavsiyalar, ayrim holatlarda esa chuqurlashtirilgan koʻrik va davolanishlari uchun yoʻllanmalar berildi.

Tan olish joiz, tibbiy koʻrikdan muntazam oʻtib turishga davlat xizmatchilari har doim ham vaqt ajratavermaydi. Shu jihatdan mazkur tadbirdan ular bilan birga idoralar ham manfaatdor boʻlishi tayin. Negaki, xalqimiz “sogʻ tanda — sogʻlom aql”, deya bejiz aytmagan. Bu omil — oilada sogʻlom muhit va farovonlik, davlat xizmatida esa samaradorlikni taʼminlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер