Davlat xaridlari jarayonida 763 ta holatda manfaatlar toʻqnashuvi aniqlangan

11:16 14 Mart 2022 Iqtisodiyot
879 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilish Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2021-yilgi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni eshitish bilan boshlandi. Bu haqda Hisob palatasi masʼul xodimi Sardor Mirzayev maʼruza qildi.

Taʼkidlanganidek, palata tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida”gi qonunda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan 2021-yilda 60 ta nazorat tadbiri oʻtkazilgan. Natijada 2021-yil uchun rejalashtirilgan byudjet xarajatlari 2,1 trln. soʻmga, 2022-yil byudjet loyihasida koʻzda tutilgan xarajatlar 641 mlrd. soʻmga maqbullashtirilib, mazkur mablagʻlar boshqa ustuvor yoʻnalishlarga qayta taqsimlanishi yuzasidan takliflar kiritilgan.

Bundan tashqari, byudjet mablagʻlaridan 338 mlrd. soʻmi noqonuniy xarajat qilingan va oʻzlashtirilgani, davlat xaridlari jarayonida 763 ta holatda 971,1 mlrd. soʻmlik manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgani aniqlangan. Shuning bilan birga, oʻtkazilgan 41 ta nazorat tadbiri natijasida aniqlangan korrupsiyaviy holatlar boʻyicha toʻplangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Hisob palatasi tomonidan tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklar bilan birga qurilish, kommunal xoʻjaligi va yoʻl qurilishi sohalarida investitsiyaviy loyihalarning joriy holati, shu jumladan, 2021-yil investitsiya dasturiga kiritilgan obyektlarda qurilish-taʼmirlash ishlarini loyihalashtirish va ishlarni bajarish uchun mablagʻlarning toʻlaqonli ajratilganligi oʻrganilgan. Ushbu jarayonda barcha manbalar hisobidan 5 trln. soʻmlik 783 ta muammoli obyektlar borligi, xususan, 144 ta maktabgacha taʼlim, 117 ta maktab, 57 ta sogʻliqni saqlash, 17 ta madaniyat, 5 ta oliy taʼlim, 15 ta sport, 214 ta kommunali xoʻjaligi, 69 ta avtomobil yoʻllari va 145 ta boshqa ijtimoiy obyektlar belgilangan muddatda foydalanishga topshirilmagani aniqlangan. Koʻrsatilgan amaliy yordamlar natijasida 221 ta ijtimoiy obyektning ishga tushirilishi taʼminlangan.

Qizgʻin muhokamalardan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2021-yilgi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti deputatlar tomonidan maʼqullandi.

Shuningdek, yigʻilishda “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida»gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi hamda “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida»gi qonun loyihalari koʻrib chiqildi.

Fraksiya aʼzolari kun tartibidagi qonun loyihalari yuzasidan ham elektorat nuqtayi nazaridan munosabat bildirdilar.

Yigʻilishda fraksiya faoliyatiga oid masala ham koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?