“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fraksiyalari yigʻilishida muhokama qilindi

02:55 20 Dekabr 2021 Hujjatlar
1322 0

Joriy yilning 20-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida faoliyat yuritayotgan barcha siyosiy partiyalarning fraksiyalari yigʻilishlarida “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Muhokamalarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi masʼul vakillari ishtirok etib, fraksiyalar aʼzolariga Qonun loyihasini qabul qilishning zarurati, ahamiyati va kutilayotgan natijalar yuzasidan batafsil maʼlumot berishdi.

Jumladan, davlat organlari va tashkilotlariga xodimlarni mustaqil tanlov asosida qabul qilinishi, ularga yuklatilgan funksional vazifalarni amalga oshirishda natijadorlikni taʼminlash maqsadida ularning faoliyati eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholab borilishi, davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy maqomi belgilanishi, ularning ijtimoiy va huquqiy himoya kafolatlari, xizmatni oʻtashda kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirib borish bosh mezon sifatida belgilanishi kabi loyihaning muhim jihatlariga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Fraksiya aʼzolari hozirda davlat hokimiyat boshqaruvining ijro etuvchi hokimiyat tizimiga kiruvchi davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar maʼmuriyatchiligiga oid yagona qoidalar mavjud emasligi hamda ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi mazkur sohadagi munosabatlarni qonun bilan tartibga solinishiga xizmat qilishini eʼtiborga olib, uni bir ovozdan qoʻllab-quvvatlab, “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini tez orada qabul qilish zarurati toʻgʻrisida fikr bildirishdi.

Fraksiya aʼzolari ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi davlat fuqarolik xizmati bilan bogʻliq munosabatlarni qonun bilan tartibga solinishiga xizmat qilishini eʼtiborga olib, loyihani qoʻllab-quvvatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?