“Daryoning u tomonida jurnalist, bu tomonida bloger turib, bir-biriga tosh otmasligi kerak” — Bugun matbuotda...

11:31 25 Iyun 2020 Jamiyat
1486 0

“...Jangu jadallarda hech kim gʻolib boʻlmaydi. Kuchsizlar bilan birga kuchlilar ham ogʻir yoʻqotishlarga duchor boʻladi. Gʻolibning ham, magʻlubning ham uyi buziladi, yeri qonga toʻladi, dalasi porox hidiga toʻyinadi. Patron ichidan otilib chiqayotgan oʻq odam tanlamaydi. Yanada dahshatlisi, ulugʻ adib Chingiz Aytmatov yozganidek, urushlarning fojiasi shundaki, uni boshlagan sarkardalarning nomlari tarixda qoladi, ularga yodgorliklar oʻrnatiladi, ammo janggohlarda qurbon boʻlgan million-million odamlar orasida daho olimlar, millatning faxru gʻururiga aylanadigan buyuk isteʼdod egalari borligi haqida hech kim oʻylamaydi”.

Yangi Oʻzbekistongazetasida chop etilgan “Navoiyni oʻqib, Pushkindan bahra olib...” sarlavhali materialda shunday mulohazalarni oʻqiysiz. Maqola muallifi — “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyevning yozishicha, bu yil Gʻalaba kunini nishonlashda vatandoshlarimizning janggohlarda koʻrsatgan mislsiz jasoratlari, Gʻalabaga qoʻshgan salmoqli hissalari alohida eʼtirof etildi. Yanada muhimi, shu paytgacha toʻla oshkor qilinmagan koʻpdan-koʻp maʼlumotlar ochiqlandi. Oʻzbekistonliklarning koʻpdan-koʻp jasoratlari yangi faktlar, raqamlar, front hujjatlari, arxiv materiallari, shaxsiy xotiralar misolida keng ochib berildi.

Xalq soʻzigazetasida bosilgan “Kambagʻallik: daromad tengsizligimi yoki taʼlim olishga eʼtiborsizlik?” sarlavhali maqolada esa mualliflar — iqtisodiyot fanlari doktorlari Nodir Jumayev va Dilshodjon Rahmonovlar kambagʻallik mezonlarini asoslashga harakat qiladi. Buning uchun bu boradagi tadqiqot tahlillarini keltirib oʻtadi. Materialda pandemiya sharoitida daromadlar pasayishi va jamgʻarmalarning uzoq muddatga yetmaslik ehtimoli davlat tomonidan qoʻshimcha mablagʻlarni safarbar etishni taqozo qilishi, bu esa byudjet daromadlari qisqargan sharoitda qarz mablagʻlarini jalb etish zaruratini keltirib chiqarishi alohida qayd etiladi. Mualliflar Oʻzbekistonda kambagʻallikni keltirib chiqarishga sabab boʻlgan muhim sabablar haqida ham toʻxtalib, kambagʻallikni kamaytirish borasida oʻz takliflarini ilgari surishgan.

Tojdor virusdan eng koʻp ziyon koʻrgan sohalardan biri — turizm. Bu esa, oʻz navbatida, koʻplab mamlakatlar iqtisodiyotiga ogʻir zarba boʻldi. Jumladan, Oʻzbekiston uchun ham. Mamlakatimiz joriy yilning 16-martidan xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun oʻz eshiklarini yopdi. Oqibatda 1500 ortiq turoperator va 1200 ta mehmonxona oʻz faoliyatini toʻxtatdi. Bu esa 250 mingdan ziyod odamning, xususan, gidlar, hunarmandlar, dam olish maskanlari, ovqatlanish shoxobchalari, transport xizmati va boshqa soha vakillarining daromadi keskin pasayishiga sabab boʻldi. Xoʻsh, bunday vaziyatda Oʻzbekiston qanday yoʻldan bormoqda? «Pravda Vostoka» gazetasida eʼlon qilingan «Trevel-karantin: kak eto budet?» sarlavhali materialda shu haqdagi maʼlumotlar, fikr-mulohazalar bilan tanishishasiz.

«Narodnoye slovo»gazetasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidovning «Sotrudnichestvo vo imya mira» (“Tinchlik yoʻlida hamkorlik”) sarlavhali materialini eʼlon qilgan. Unda Oʻzbekistonning BMT bilan aloqalari haqida batafsil toʻxtalinib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida soʻzlagan nutqi bu hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqani taʼkidlanadi. Qayd etilishicha, joriy yilda mazkur tuzilma oʻzining 75 yilligini nishonlaydi. Shu munosabat bilan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish “BMT-75” global diskussiyasini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqdi. Uning doirasida 26-iyun kuni BMT Ustavi qabul qilingan kunning 75 yilligiga bagʻishlangan onlayn-marosim boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston ham oʻzining barqaror rivojlanish maqsadlariga xayrixoh ekanligini namoyish etgan holda bu marosimda ishtirok etadi.

Oʻzaro muloqotlarda “Karantin qachon tugar ekan-a?” mazmunidagi savollarga tez-tez duch kelamiz. Ammo hammamiz ham oʻzimizga “Karantin tugashi uchun men nima qilyapman?” degan savolni berib koʻrishni istamaymiz. Koʻcha-koʻyda niqobsiz yurgan, ijtimoiy masofa saqlashni parvoyiga ham keltirmayotgan, qoʻl berib koʻrishishni kanda qilmayotgan insonlar karantin muddati choʻzilishiga ozmi-koʻp hissa qoʻshayotgani haqida oʻylab koʻrishganmikin?! Ishonch gazetasida chop etilgan “Karantin tugashi oʻzimizga bogʻliq” sarlavhali maqolada korxona va tashkilotlarda oʻtkazilgan jamoatchilik nazoratida ayni shu holat koʻplab uchrayotgani qayd etiladi.

Oʻquvchining maktabda olgan bilimi toshga oʻyilgan naqshdir. Ammo u oʻqiyotgan darslik chalkashlik va xatolarga toʻla boʻlsa-chi? Rustam Ibrohimov 9-sinflar uchun “Biologiya” darsligini tahlil qilish asnosida unda koʻplab xatoliklar mavjudligini koʻrsatib oʻtadi.

“Kasb kasalligi” degan atamani koʻpchiligimiz eshitganmiz, albatta. Ammo bugungi shiddatkor zamonda yuksak texnologiyalar sabab ish jarayoni ham oʻzgarib bormoqda. Xoʻsh, bugun qaysi kasbda ishlash mashaqqat? Qaysi kasblar inson ruhiyati va salomatligiga hamon oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatib kelmoqda? Zebo Namozovaning “Kasb kasalliklari: soha islohotga muhtoj” sarlavhali maqolasida shu haqda fikr yuritiladi.

Mahallagazetasida eʼlon qilingan “Daryoning u tomonida jurnalist, bu tomonida bloger turib, bir-biriga tosh otmasligi kerak” sarlavhasi ostida berilgan maqolada bugungi kun jurnalistikasi, uning yutuq va kamchiliklari, jurnalist odobi va masʼuliyati, yosh kadrlarni tayyorlashdagi muhim jihatlarga eʼtibor qaratilgan. “Jurnalistlarimiz amaldagi qonun hujjatlaridan xabardor boʻlsa, odob-axloq mezonlariga koʻra ish yuritsa, unga nisbatan munosabat ham tubdan oʻzgaradi... Koʻpchiligimizda mavzuni puxta oʻrganmaslik, tavakkalchilik qusuri borki, bundan tezroq xalos boʻlishimiz zarur. Shunday boʻlaylikki, bizdagi axborotga egalik, diplomatik qobiliyatni koʻrib, soha mutaxassislari bajonidil qabul qilsin” deyiladi materialda.

Qonunda jamoat joyida tamaki mahsulotlari isteʼmol qilish taqiqlangan. Jarimasi ham bor. Eng kam oylik ish haqining uchdan bir qismi. Ammo shu paytgacha amaliyotda biror kishining tamaki chekkanligi uchun jarimaga tortilganini eshitganmisiz? Yoʻq. Boʻlsa ham bu miqdor nihoyatda kam. “Shaxs yoki idora qonundan ustun boʻlmasligi kerak” sarlavhali maqoladan shu haqdagi mulohazalar oʻrin olgan.

Postda — Na postugazetasida berilgan “Innovatsion texnologiyalar — xavfsizlik garovi” maqolasida mamlakatimiz xalqaro aeroportlarida xavfsizlik qanchalik ishonchli qoʻriqlanayotgani, harbiy sohaga jalb etilayotgan zamonaviy texnologiyalar haqida soʻz boradi. “...Siz hozir kelayotganday boʻlib tuyuladi menga” sarlavhali maqolada esa jurnalistning Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq yozuvchisi Said Ahmad va uning suyukli rafiqasi, benazir shoira Saida Zunnunovaning hayot yoʻllariga bagʻishlangan «Sabru sadoqat» teleserialidan olgan taassurotlari bilan tanishasiz.

27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Ushbu sana munosabati bilan “Qishloq hayoti” gazetasi bosh muharriri, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Chori Latipov bilan suhbat eʼlon qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер