“Dargʻom” kanali boʻyida zamonaviy dam olish bogʻi barpo etilmoqda

14:05 22 Yanvar 2026 Jamiyat
221 0

Samarqand viloyatida turizm sohasini rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan master-reja asosida Samarqand shahri boʻylab aholi dam olishi uchun qulay hordiq chiqarish maskani tashkil etish ishlari davom etmoqda. Shulardan biri “Dargʻom” kanali boʻyida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyiha hisoblanadi.

Hozirda mazkur yangi bogʻda piyodalar yoʻlaklari, yashil maydonlar tashkil etilgan boʻlib, yoritish tizimlari va oʻtirgichlar oʻrnatilgan. Hududda aholi uchun barcha qulayliklarni yaratib, toʻliq zamonaviy dam olish maskaniga aylantirish koʻzda tutilgan.

24/7 tartibida faoliyati yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan hudud auksion orqali tadbirkorlarga taklif etilishi belgilangan boʻlib, loyiha yakunlangach bu yerda oilaviy dam olish maskanlari, sayr va hordiq uchun qulay infratuzilma obyektlari tashkil etiladi.

Kelgusida Urgut, Toyloq, Samarqand, Past Dargʻom tumanlaridagi “Dargʻom” kanali sohil boʻylarida ham tadbirkorlar tomonidan rekreatsion maskanlar tashkil qilinadi.

Shuningdek, Urgut tumanining Omonqoʻton va Qoratepa mahallalarida ham 80 gektar maydonda yirik turizm loyihalari amalga oshiriladi. Jumladan, Qoratepa suv ombori va togʻ yonbagʻirlarida kemping va kapsula “Eco village” shaharchalari, Omonqoʻton mahallasida xizmat koʻrsatish nuqtalari va “Omonqoʻton” milliy qoʻriqxonasining rekreatsion zonasida sayyohlar uchun kuzatuv maydoni va yoʻlaklar tashkil etiladi.

Tumanning Chorchinor mahallasini turizm qishlogʻiga aylantirish rejalashtirilgan boʻlib, 25 million dollarlik investitsiya mablagʻi hisobiga zamonaviy ovqatlanish maskanlari, kanat yoʻli, ekouylar, oʻtovlar, mehmonxona, servis va savdo obyektlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi va natijada 300 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi.

Bundan tashqari Urgut, Nurobod, Samarqand tumanlari hamda Kattaqoʻrgʻon suv ombori hududlari birlashgan holda turizm zonasi direksiyasi tashkil etiladi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, 2025-yilda Nurobod tumani Oqsoy qishlogʻiga turizm qishlogʻi, Urgut tumanidagi Omonqoʻton va Samarqand tumanidagi Yangijoy mahallalariga — turizm mahallasi maqomi berildi.

Sayyohlarga yaratilayotgan qulayliklar natijasida oʻtgan yili viloyatga 8,5 million nafarga yaqin xorijiy va mahalliy sayyohlar keldi. Natijada turizm xizmatlari eksporti 600 million dollardan oshdi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?