CITES CoP20 doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorlik kelishuviga erishdi

21:52 06 Dekabr 2025 Jamiyat
569 0

Soʻnggi ikki hafta mobaynida Samarqand shahri Yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdoni tartibga solish toʻgʻrisidagi konvensiya (CITES) ishtirokchi davlatlarining XVI Konferensiyasi (CITES CoP20) ga muvaffaqiyatli mezbonlik qildi.

Forumda 184 mamlakat va Yevropa Ittifoqidan 3 mingdan ziyod ishtirokchi — davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar va nodavlat sektor vakillari ishtirok etdi. Asosiy eʼtibor bioxilma-xillikni muhofaza qilish boʻyicha global saʼy-harakatlarni kuchaytirish, yoʻqolib borayotgan turlar bilan bogʻliq xalqaro savdoni tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish va keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratildi.

“CITES CoP20” tashkilotning 50-yilligiga bagʻishlangani ham Konferensiyani yanada tarixiy ahamiyatli qildi. Uning Samarqandda oʻtkazilishi Oʻzbekistonning yovvoyi tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan barqaror foydalanish borasidagi qatʼiy pozitsiyasini yana bir bor namoyish etdi.

CITESning bosh maqsadi — turlarning yoʻqolib ketishiga olib keluvchi ortiqcha ekspluatatsiyani cheklash hamda ular bilan xalqaro savdoni masʼuliyatli, qonuniy va barqaror tarzda amalga oshirishdir. Konvensiya doirasida yoʻqolib ketish xavfi yuqori boʻlgan turlar bilan savdo qisman cheklanadi yoki mutlaqo taqiqlanadi, shuningdek, tabiiy populyatsiyalarga zarar yetkazmaydigan darajada nazorat tizimlari joriy etiladi.

Oʻzbekiston 1997-yildan buyon CITES ishtirokchisi boʻlib, Konvensiya Ilovalariga kiritilgan qator noyob turlar — qor qoploni, saygʻoq va kamyob dorivor oʻsimliklarning vatani hisoblanadi. Samarqanddagi konferensiyada yoʻqolib borayotgan turlar bilan xalqaro savdo barqarorligi, qonuniyligi, monitoring mexanizmlarini takomillashtirish, ayniqsa CITES I va II ilovalaridagi turlar boʻyicha nazoratni kuchaytirish masalalari keng muhokama etildi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda yovvoyi tabiatni muhofaza qilish va noqonuniy savdoga qarshi kurashish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yaqinda Prezident tomonidan imzolangan tarixiy farmonga muvofiq, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi Prezident va Senat oldida hisobdor etib belgilandi. Qoʻmitaga “Bio-meros”, “Yashil makon”, “Ekologik madaniyat”, “Toza havo”, “Chiqindisiz hududlar” kabi yirik milliy dasturlarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, Ekopolitsiya va Atrof-muhit monitoringi markazi tashkil etilib, yovvoyi hayvonlar noqonuniy savdosi hamda ekologik huquqbuzarliklarga qarshi kurashish boʻyicha keng vakolatlar berildi.

“CITES CoP20” doirasida 5-dekabrga qadar yovvoyi tabiatni muhofaza qilish boʻyicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan koʻplab yalpi yigʻilishlar, Konvensiya Ilovalariga oʻzgartishlar muhokamasi, tematik tadbirlar va yuqori darajadagi uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Konferensiya doirasidagi muhim voqealardan biri — Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasida 2026–2032-yillarga moʻljallangan Samarqand deklaratsiyasi va mintaqaviy hamkorlik rejasining imzolanishi boʻldi. Traffic International bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan mazkur hujjat Markaziy Osiyo mamlakatlarining bioxilma-xillikka tahdid solayotgan omillarga — iqlim oʻzgarishi, yashash muhiti qisqarishi, brakonyerlik va noqonuniy savdo kabi muammolarga qarshi birgalikda kurashishga sadoqatini ifodalaydi.

Deklaratsiyada milliy ekologik, bojxona, huquqni muhofaza qilish va sud organlari oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash, yovvoyi hayvonlar bilan bogʻliq jinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha ishchi guruhlarni tashkil etish, axborot almashinuvini yaxshilash va zamonaviy monitoring texnologiyalarini joriy etish vazifalari belgilandi.

Shuningdek, mamlakatlar yovvoyi turlarni himoya qilish, ekotizimni tiklash, mutaxassislar malakasini oshirish, ekoturizmni rivojlantirish va mahalliy jamoalarni tabiatni muhofaza qilish tashabbuslariga keng jalb etish boʻyicha yagona strategik asos ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Samarqand deklaratsiyasining imzolanishi Markaziy Osiyo davlatlari uchun tabiiy merosni asrab-avaylash, ekologik barqarorlikni taʼminlash va mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini uygʻunlashtirish yoʻlida muhim qadam boʻldi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер