Chusovitina Jahon kubogida oltin medalni qoʻlga kiritdi

10:24 05 Mart 2022 Sport
685 0

Foto: Sportni rivojlantirish vazirligi

Shu kunlarda Qatar poytaxti Doha shahrida sport gimnastikasi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi boʻlib oʻtmoqda. Ushbu nufuzli musobaqada dunyoning 30ta davlatidan eng kuchli gimnastlar gʻoliblik uchun bahslarga kirishgan.

Musobaqada oʻzbek sporti afsonasi, Olimpiada oʻyinlarida 8 marotaba qatnashgan tarixdagi yagona gimnastikachi Oksana Chusovitina yetakchiligidagi bir guruh sportchilarimiz ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilishmoqda.

Kecha, 4-mart kuni Jahon kubogining tayanib sakrash mashqlari final bahslarida 46 yoshli sportimiz faxri Oksana Chusovitina eng yaxshi natija qayd etdi va yakunda oltin medalga sazovor boʻldi. Uning yakuniy koʻrsatkichi 13.433 ballni tashkil qildi.

Ushbu yoʻnalishda 2-oʻrin umumiy 13.150 ball jamgʻargan vengriyalik Maria Bachkayga nasib etdi. Rossiyalik 16 yoshli sportchi Viktoriya Listunova esa saralashda eng yaxshi natija qayd etgan boʻlsada, final bosqichida tajribasizligi pand berdimi, yakunda 13.133 ball bilan uchinchi boʻldi.

Chusovitinaning gʻalabasi sharafiga Dohada Oʻzbekiston madhiyasi yangradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?