Choʻponotada yangi bogʻlar barpo etiladi

00:29 20 Avgust 2023 Jamiyat
771 0

Olib borilayotgan barcha ishlar bevosita “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida tashkil etilmoqda.

Loyihaga muvofiq daraxt, buta va gul koʻchatlarini ekish tizimida jiddiy oʻzgarishlar amalga oshirilyapti. “Yashil bogʻ”, “Yashil jamoat parki”, deb ataladigan yangi tabiiy hordiq maskanlari nafaqat aholi uchun qulaylik yaratadi, balki shaharning ekologik holatini yaxshilashga ham xizmat qiladi. Shu maqsadda Samarqandning hamma joyini daraxtzor, butazor, gulzor va maysazorga aylantirish borasidagi ishlarga keng urgʻu berilyapti.

— Shahardagi yashil maskanlar maydonini kengaytirish, bogʻ, xiyobon va koʻchalardagi kasallangan, qurib qolgan daraxtlar oʻrniga yangisini oʻtqazish orqali tabiiy moʻtadillikni taʼminlash choralari koʻrilyapti, — deydi Samarqand shahar hokimi oʻrinbosari F. Najmiddinov. — Bu borada shaharning sharqiy chekkasida joylashgan Choʻponota tepaligida katta maydonda manzarali va ignabargli daraxt koʻchatlari oʻtqazilib, yashil hudud barpo etildi.

Boshlangan bu xayrli ishni qutlugʻ maqsad yoʻlida davom ettirishga bel bogʻlangan. Shu yoʻlda “Rasadxona” mahallasining Choʻponota tepaligiga tutash hududida shu yil kuz faslida Oʻrmon xoʻjaligi tomonidan umumiy maydoni 4,8 gektar boʻlgan “Yashil bogʻ” barpo etishga kirishiladi. 2024-yili bu ish yana davom ettirilib, 7,8 gektar maydonda yangi bogʻ barpo etish koʻzda tutilgan.

Bogʻdagi koʻchatlarga agrotexnik ishlov berish, sugʻorish, oziqlantirish, kasalliklardan saqlash uchun oʻrmon xoʻjaligi va tegishli tashkilotlar ishtirokida maxsus xizmat tizimi tashkil qilinadi. Choʻponotada boshlangan xayrli ishlar shaharning barcha burchaklarida tizimli ravishda davom ettiriladi va bu ishga yetarli miqdorda mablagʻ, texnika vositalari hamda ishchi kuchi ajratiladi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, koʻchat ekish bilangina obodonchilikka erishib boʻlmaydi. Ekilgan nihollarni parvarishlash, ularni payhon qilinishdan asrashdek muhim va davomli vazifa ham borki, bu jarayon koʻchatlarning daraxtga aylanishida muhim hayotiy omil hisoblanadi. Eng muhimi, ularning parvarishi muhofaza bilan chambarchas bogʻliq holda olib borilishi zarur.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?