Chiroqchilik 96 yoshli Temur bobo yon daftaridagi bitiklar
Foto: Халқ сўзи
Temur boboni Chiroqchi tumanida bir yigʻilishda uchratib qoldim. Bu samimiy va xushchaqchaq otaxon bilan suhbatimiz tezda qovushib ketdi. Qariyani 80 yoshlarni qoralagan boʻlsa kerak, deb oʻylagandim. Oʻzidan soʻrasam, shu yil aprel oyida 96 yoshga qadam qoʻyishini aytdi. Soʻzlari burro, qaddi -qomati tik, fikrlari tiniq bu begʻubor qariyaga ixlosim oshdi va undan shunday ulugʻ yoshda ham xuddi yoshlardek bardam ekanining siri haqida soʻradim.
U bittagina marvariddek tishini koʻrsatib samimiy jilmaydida, kiftimga kaftlarini qoʻyib soʻz boshladi:
— Harakatda barakat, deganlaridek, har kuni tongda chamasi 3 kilometr piyoda yuraman, — deydi otaxon. — Hech bu odatimni kanda qilganim yoʻq, agar bir kun piyoda yurmasam, oʻzimni lohas sezaman, nimanidir yoʻqotganday boʻlaveraman. Toʻy va tadbirlar, osh-xudoyiga ham piyoda boraman. Hassamni orqaga qoʻyib, ikki qoʻlimni oʻtkazib olganimdan soʻng, meni hech kim toʻxtata olmaydi.
Temur bobo choʻntagidan yon daftarchasini olib, nimalarnidir qayd etib qoʻydi. Qariyb 100 yoshga yaqinlashayotgan otaxonning yon daftarcha olib yurishi meni hayratlantirdi. Otadan nimalarni yozib qoʻyganini soʻradim.
— Ey, bolama, kim bilan gaplashsam, daftarchamga yozib qoʻyish odatim hech qolmaganda. “Xalq soʻzi” muxbiri bilan gaplashdim» deb, sizning telefon raqamingizni yozib qoʻydim. Bu daftarchada hokimning, oʻrinbosarlarning, tashkilot rahbarlarining telefonlari bor. Mana, hozir koʻrdingiz, Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov yangi binoning ochilish (bir tadbirda uchrashganmiz otaxon bilan) marosimida yashil lentani kesishni menga topshirdi. Mendan duo olishdi. Axir men Chiroqchi tumanidagi 96 yoshga kirgan va oyoqda yuradigan keksalarning birimanda.
— Yon daftarchangizda yana nimalar yozilgan?- deya qiziqib soʻrayman Temir bobodan.
— Oʻgʻlim, mana qarang, “Temur tuzuklari”dan olingan ibratli fikrlarni yozib qoʻyibman. Masalan, mana “Oʻch olish payida boʻlmadim, kim menga yomonlik qilgan boʻlsa, Xudoga soldim” Amir Temur bobomizning bu gaplarini farzandlarim, nabiralarim ongiga singdirishga harakat qilaman. 9 farzandim bor, 3 qizim va 2 oʻgʻlim pensiyaga chiqqan, ulardan 4 nafari oliy maʼlumotli. Oʻzim ham oʻtgan asrda Samarqand zooveterinariya institutini bitirib, uzoq yillar zootexnik boʻlib ishlaganman.
— Demak siz, kitob ham oʻqib turasiz, shundaymi?
— Nega endi oʻqib turaman, muntazam oʻqiyman. Yevgeniy Berezakovning “Buyuk Temur”, Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” kabi asarlarni sevib mutolaa qilaman. Uyimdagi javonda bir nechta kitoblarim bor, uni farzandlar va nabiralar “Bobomning xazinasi” deyishadi. Ularga mendan keyin sizlarga shu kitoblar qoladi, deb hazillashaman.
Xayrlashar chogʻimda otaxon qoʻlini duoga ochib, yurtga tinchlik, omonlik, har bir yurtdoshimiz roʻzgʻoriga qut-baraka tiladi. Oradan bir necha kun oʻtib, tagʻin Temur bobo qoʻngʻiroq qilib qoldi:
— Ha, Temur bobo, nimanidir unutibsizmi?
— Oʻgʻlim, shu yon daftarchamga familiyangizni yozmabman, aytib yuboring.
Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring