Chiqindidan daromad sari
Tan olish kerak, bugungi kunda respublikamizda maishiy chiqindilardan unumli foydalanish masalasi yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagan. Vaholanki, rivojlangan davlatlarda bir tonna maishiy chiqindini qayta ishlash orqali oʻrtacha 80–150 AQSH dollarigacha qoʻshimcha qiymat yaratish mumkin. Ayrim mamlakatlarda chiqindidan energiya, ikkilamchi xomashyo va sanoat mahsulotlari olish orqali yanada yuqori iqtisodiy samaraga erishilmoqda. Bizda esa har kuni minglab tonna chiqindilar iqtisodiy aylanmaga kiritilmasdan, manfaatsiz holda poligonlarda yotibdi. Bu nafaqat iqtisodiy imkoniyatlarning yoʻqotilishi, balki ekologik muammolarning kuchayishiga ham sabab boʻlmoqda. Xoʻjaobod tumanida mazkur muammoning tizimli yechimini topish maqsadida yangi investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Xitoyning China CAMC Engineering Co., Ltd. kompaniyasi ishtirokidagi ushbu loyihaning qiymati 146 million AQSH dollarini tashkil etadi. U 10 gektar yer maydonida barpo etilmoqda va kelgusida chiqindini qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
-Korxona kuniga 1500 tonna maishiy chiqindilarni qayta ishlash quvvatiga ega boʻladi,-deydi viloyat hokimligi xodimi Rustamjon Eshonov. -Yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi esa 240 million kilovatt-soatni tashkil etishi kutilmoqda. Bu esa nafaqat chiqindilarni samarali utilizatsiya qilish, balki hududning energetik barqarorligini taʼminlashga ham xizmat qiladi. Loyiha doirasida 100 ga yaqin yangi doimiy ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
Mazkur investitsiya tashabbusi atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilar hajmini kamaytirish hamda “yashil energetika”ni rivojlantirish borasida muhim qadam sifatida ahamiyatlidir. Shuningdek, u Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik aloqalarining yanada mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
- Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi
- Uyushgan jinoyatchilik va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish takomillashtiriladi
- AQSH Hoʻrmuz boʻgʻozida kemalarni kuzatib borishni boshlashi mumkin
- 14-mart kuni kuzatiladigan ob-havo prognozi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring