Chet tillarini oʻqitishda Buxoro tajribasi samara bermoqda

12:57 07 May 2025 Jamiyat
184 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Vobkent tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabida oʻqituvchilarning 16 nafari milliy va xalqaro darajadagi sertifikatga ega. Feruza Joʻrayeva ana shularning biri.

— “Zamonaviy maktab” maqomiga ega ushbu maskanda faoliyat koʻrsatayotganimdan xursandman, — deydi u. — Bilim dargohimiz, ayniqsa, chet tillarni oʻqitish borasida aytsa arzigulik yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda. U Prezident sovrini uchun oʻtkazilayotgan “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovining viloyat bosqichi gʻolibi sanaladi. Oʻzimga kelsak, xalqaro hamkorlik loyihalari doirasida uch marta Germaniyada malaka oshirdim. Bu menga oʻquvchilarga sifatli taʼlim berish, xususan, nazariya bilan amaliyotni uygʻunlikda olib borishda yaxshigina tajriba toʻplash imkonini berdi.

Bugungi kunda viloyat maktablarida mehnat qilayotgan 3020 nafar xorijiy til fani muallimlarining 74 foizi yoki 2235 nafari til bilish darajasidagi milliy va xalqaro sertifikatlarga ega. Gʻijduvon tumanidagi 26–umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi Nozima Shokirova ham ular qatorida.

— Yaqinda Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan ajratilgan grant asosida Nissa shahrida malaka oshirib qaytdim, — deydi u. — Bu kasbiy mahoratimni oshirish imkonini berdi. Toʻgʻri, xorijda maktablarning moddiy-texnika bazasi nisbatan mustahkam. Lekin bizdagi ustunlik shundaki, ilmga tashna oʻgʻil-qizlarimiz juda koʻp. Ularga zamon talablari darajasida saboq bersak marra bizniki boʻladi.

Viloyatdagi umumtaʼlim maktablarida ingliz, nemis, fransuz va koreys tillari oʻqitilmoqda. 28 ta maktabning 10–11 sinf oʻquvchilariga ikkinchi xorijiy til oʻqitilishi yoʻlga qoʻyildi. Til oʻrgatish oʻquv markazlari bilan hamkorlikda 71 ta maktabdagi boʻsh xonalar bepul ijaraga berilib, toʻgaraklar tashkil etildi. Ularda 1120 nafar oʻquvchi qamrab olingan. Ingliz, nemis, koreys, rus tillari hamda matematika va biologiya fanlarini oʻqitish boʻyicha oʻn nafar xorijiy mutaxassis jalb etilganini ham taʼkidlamoqchimiz.

— Oliy toifali kimyo fani oʻqituvchisiman, — deydi yana bir suhbatdoshimiz Lobar Islomova. — Gʻijduvon tumanidagi 60–ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktabida ishlayman. Test sinovidan 92 ball toʻplashga muvaffaq boʻldim. Davlatimiz tomonidan muallimning mehnati qadrlanayotganidan mamnunman. Toʻqqiz, oʻn million soʻm miqdorida maosh olyapman. Yaratib berilgan imkoniyatlardan foydalanib, oʻquv markazi ham ochganman.

Ana shunday fidoyi, oʻz ustida ishlashni kanda qilmaydigan, kasbiy mahorat sinovida oʻz bilimi bilan oʻqituvchilar oʻrtasida yaxshi maʼnodagi raqobatni kuchaytirayotgan ustozlar bor ekan, yoshlarimizning ertasidan koʻngil toʻq boʻladi. Chunki xalqimiz “Bilimli mingni yiqar...” deb bejiz aytmagan. Buni viloyatda joriy yilning dastlabki choragida erishilgan natijalar ham koʻrsatib turibdi.

Chunonchi, joriy yilgi asosiy fan olimpiadalarida buxorolik oʻquvchilar 7 ta sovrinli oʻrinni qoʻlga kiritib, respublika reytingida 3-pogʻonani zabt etdi. Shuningdek, 21-25-aprel kunlari Turkmanistonning Ashxobod shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro matematika olimpiadasida 2 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, terma jamoaga nomzodlarni aniqlash boʻyicha ingliz tili olimpiadasi saralash bosqichida kichik yosh toifasida ham, katta yosh toifasida ham viloyat jamoalari gʻoliblar qatoridan joy oldi. Iordaniyada oʻtadigan ingliz tili olimpiadasiga yoʻllanma naqd qilindi. Bunday yutuqlarda albatta, jonkuyar va fidoyi pedagoglarning xizmatlari beqiyos.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?