“Buyuk Ipak yoʻli” xalqaro maqom festivali yakunlandi

Margʻilon shahrida oʻtkazilgan “Buyuk Ipak yoʻli” xalqaro maqom festivali dunyo xalqlarining doʻstlik, hamjihatlik ayyomi sifatida keng nishonlandi.
Rang-barang tadbirlar doirasida mamlakatimiz hududlari, shuningdek, Turkiya, Ozarbayjon, qoʻshni Qozogʻiston va Qirgʻizistondan 70 nafarga yaqin sanʼat namoyandalari, maqom ijodiy jamoalari, hunarmandlar, mumtoz sanʼat ixlosmandlari, keng jamoatchilik vakillari faol qatnashdi.
Erta tongda Margʻilon shahridagi Ijodkorlar bogʻi hamyurtlarimiz, sanʼat va madaniyat ahli, sayyohlar bilan gavjum boʻldi. Festival doirasida milliy hunarmandchilik koʻrgazmalari tashkil etilib, maqom chiqishlari hamda askiya sayli oʻtkazildi.
— Margʻilon shahar musiqali maqom teatrida namoyish etilgan “Ikki qalb nolasi” spektakli menda unutilmas taassurotlar qoldirdi, — deydi turkiyalik Nilgun Qizilchi. — Boisi Farididdin Attorning “Ilohiynoma” dostonidagi “Robiya va Bektosh” qissasi asosida Xoʻjamberdi Egamberdiyev rejissyorligida sahnalashtirilgan teatr tomoshasida yuksak insoniy fazilatlar oʻz ifodasini topgan.
Oʻz navbatida, sahna bezaklari, aktyorlar ijrosi va mumtoz navolarning oʻzaro uygʻunligi taʼminlangan. Ijodiy jamoaning bu muvaffaqiyati olqishga sazovor.
Shuningdek, fargʻonalik xushovoz xonanda Otabek Muhammadzohidning konsert dasturi festival mehmonlariga juda manzur boʻldi. Hunarmandlar markazida dizaynerlar ishtirokida modalar namoyishi uyushtirildi. Unda milliy va zamonaviy uslubdagi liboslar, hunarmandlarning koʻhna madaniyat hamda yangi davr talabiga monand ravishda tayyorlangan mahsulotlari taqdim etildi.
— Bu boradagi milliy qadriyat va anʼanalarimiz bir-biriga juda oʻxshaydi, — deydi Ozarbayjondan tashrif buyurgan taniqli sanʼatkor Aydan Sulaymonzoda. — Shu sababli turkiy tillarda kuylanayotgan qadrdon kuy-qoʻshiqlarni hech bir qiyinchiliksiz tushunamiz. Kiyim-kechak, hunarmandchilik sohasidagi qadriyatlarimiz ham deyarli farq qilmaydi.
Eshpoʻlat Ortiqov festivalda ishtirok etish uchun Buxorodan keldi. Qardosh yurtlardan tashrif buyurgan sanʼatkorlar ijrosidagi maqom qoʻshiqlari ohangi, sehri unga yangi ilhom manbai boʻldi. Asrlar mobaynida sayqallanib, avloddan-avlodga bezavol oʻtib kelayotgan anʼanalar bardavom ekanligiga yana bir ishonch hosil qildi.
— Azaldan asl sanʼatkorlar maskani boʻlgan Margʻilondagi Ijodkorlar bogʻida ustoz ijodkorlarimiz uchun ajoyib xiyobon barpo etilibdi, — deydi u. — Bu xalqimizning ulugʻ sanʼatkorlariga boʻlgan hurmat va ehtiromi ramzidir.
Bunday tadbirlarning tez-tez oʻtkazib turilishi esa yangi avlodda mumtoz sanʼat durdonalarini avaylab-asrash, davom ettirishga boʻlgan qiziqishni yanada kuchaytiradi.
Tantanali yopilish marosimida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning festival qatnashchilariga yoʻllagan tabrigi oʻqib eshittirildi. Shundan soʻng har bir ishtirokchining chiqishi hakamlar hayʼati tomonidan yuksak eʼtirof etilib, munosib ragʻbatlantirildi.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Dollar kursi tushishda davom etmoqda
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring