Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi: London Moskvani ogʻir ahvolga solib qoʻymoqchi

11:29 22 Mart 2025 Dunyo
227 0

Buyuk Britaniya Ukrainadagi urush boshlanganidan beri Rossiyaga tegishli 25 milliard funt sterlingdan (deyarli 30 milliard yevro) ortiq aktivlarni muzlatib qoʻydi. Bu haqda mamlakat Moliya vazirligi qoshidagi Moliyaviy sanksiyalarni amalga oshirish boshqarmasi (OFSI) 21-mart kuni maʼlum qildi. London va uning ittifoqchilari Rossiyaga nisbatan tarixdagi eng qattiq moliyaviy sanksiyalar joriy etilganini qayd etmoqda.

OFSI hisobotida qayd etilishicha, 2022-yil fevral oyidagi toʻliq miqyosli urushdan soʻng Rossiya taxminan 400 milliard dollardan (475 milliard yevroga yaqin) ortiq mablagʻdan mahrum boʻlgan. Bu mamlakatning toʻrt yillik mudofaa xarajatlariga teng mablagʻni tashkil etadi. Britaniya xazinasida taʼkidlanishicha, bu sanksiyalar natijasida Rossiyaning umumiy moliyaviy holati zaiflashgan va federal byudjet kamida 2026-yilgacha defitsitli boʻlib qolishi kutilyapti.

Moliyaviy bosimlar fonida rubl qiymatsizlandi, ishchi kuch yetishmovchiligi, inflyatsiyaning yuqori surʼatda oʻsishi va qimmat kreditlar Rossiya iqtisodiyotiga yanada ogʻirlik qilmoqda. Sanksiyalar Rossiya armiyasini Eron va Shimoliy Koreya kabi davlatlardan harbiy ehtiyojlar uchun mahsulot sotib olishga majbur qilgan.

Buyuk Britaniya xazinasining iqtisodiy kotibi Emma Reynolds “Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga qarshi keng qamrovli choralar doirasida moliyaviy sanksiyalarni qatʼiy tarzda amalga oshirishda davom etamiz”, dedi.

2024-yil 6-yanvarda Britaniya parlamenti aʼzolari Rossiya aktivlarini Ukrainaga oʻtkazish taklifini ilgari surdi. Ochiq maktubda deputatlar Gʻarb mamlakatlarida muzlatilgan Rossiya aktivlarini Kiyevga berish orqali Rossiya oʻz jinoyatlari uchun javobgarlikni his qilishi lozimligini taʼkidlashdi. Ushbu taklif Britaniya parlamentining oʻndan ortiq aʼzolari hamda Germaniya kabi boshqa davlatlar deputatlari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan.

Maʼlumotlarga koʻra, Gʻarb davlatlari tomonidan muzlatilgan Rossiya aktivlarining umumiy qiymati 280 milliard yevroga yetadi, ularning asosiy qismi Yevropa Ittifoqida saqlanmoqda. YEIda ushbu aktivlarni musodara qilish va ularni Ukrainaga yetkazish boʻyicha qarama-qarshi fikrlar mavjud. Ayrim davlatlar bunday taklifni qoʻllab-quvvatlasa, boshqalari faqat aktivlardan tushgan foizlarni berishni maʼqul koʻrmoqda.

20-mart kuni Yevropa Ittifoqi tomonidan Ukrainaga yana 1 milliard yevrolik moliyaviy yordam ajratilgani maʼlum boʻldi. Ushbu kreditlar boʻyicha toʻlovlar Ukraina tomonidan emas, balki muzlatilgan Rossiya aktivlaridan tushgan foizlar hisobiga amalga oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?