Buloqboshi tumanida zamonaviy issiqxona loyihasi asosida eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda

15:56 06 Fevral 2026 Jamiyat
249 0

Issiqxonachilik qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda samarali usul boʻlibgina qolmay, aholini yil davomida sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashning muhim yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda. Shu bois Buloqboshi tumanida ham mazkur sohaga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, tumanning Yuksalish mahallasi hududida tashkil etilgan 3 gektar maydondagi zamonaviy issiqxonada xitoylik hamkorlar ishtirokida pomidor va bodring koʻchatlari parvarishlanmoqda. Ilgʻor agrotexnologiyalar asosida yoʻlga qoʻyilgan ushbu loyiha qisqa muddat ichida oʻz samarasini koʻrsatmoqda.

— Hozirgi kunda har oyda 30–40 tonna pomidor xorijiy bozorlarga eksport qilinmoqda, — deydi tuman hokimligi masʼul xodimi Ibrohimjon Yuldashev. — Bu bir yil davomida oʻrtacha 420 tonna mahsulot eksport qilinib, 2–2,5 milliard soʻm daromad olish imkonini beradi. Shuningdek, issiqxonaning bir gektar maydonida bodring yetishtirilib, ichki bozorga yil davomida 15–20 tonna mahsulot yetkazib berilmoqda. Bu esa 700–800 million soʻmgacha qoʻshimcha daromad keltirmoqda.

Qayd etish joizki, zamonaviy issiqxona texnologiyalari turli ob-havo sharoitlarida ham barqaror mikroiqlimni saqlash, suv resurslaridan tejamkor foydalanish, mehnat xarajatlarini kamaytirish hamda oʻsimlik kasalliklarining oldini olish imkonini beradi. Natijada mahsulot hosildorligi yuqori darajada taʼminlanib, aholiga barqaror, sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishga xizmat qilmoqda.

Umuman olganda, mazkur issiqxona loyihasi qishloq xoʻjaligida ilgʻor tajribalarni joriy etish, eksport salohiyatini oshirish va mahalliy aholi daromadlarini koʻpaytirish yoʻlida muhim qadam boʻlmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер