Buxoroning qadimiy darvozalari nechta boʻlgan?

19:01 10 Yanvar 2024 Madaniyat
3438 0

Buxoro tarixi bitmas-tuganmas xazina. Qadimiy kent haqida koʻplab rivoyatlar, afsonalar yaratilgan. Ammo ularning hammasini ham ilmiy asosga ega deya olmaymiz. Zero, aniqlik va toʻgʻrilik asl voqelikni bilish, tarixni bexato, boricha talqin qilishga yordam beradi.

Bugungi kunda ayrim fuqarolar, hatto ziyolilar oʻrtasida Buxoro darvozalari soni 11 tami yoki 12 ta degan masala bahs-munozaraga sabab boʻlmoqda. Yanglish raqamlar tilga olinyapti.

Mazkur masalada manbalar, ilmiy-tarixiy adabiyotlar, arxiv maʼlumotlaridan xabardor tarixchilar fikri muhim ahamiyatga ega, albatta. Shaharsozlikdagi muhim element sanalgan devor, darvoza, ark, saroy, hammom, tim va toqlar soni aniq boʻlib, shahar haqidagi deyarli barcha manbalarda bular qayd etiladi. Mana, hozirgacha Toshkent shahrida 12 ta, Xiva Ichanqalʼada 4 ta darvoza boʻlganligi yaxshi maʼlum. Xuddi shunday Buxoro shahri darvozalari soni 11 ta. Bu inkor etib boʻlmaydigan haqiqat. Sababi, darvozalar nomi, joyi, surati va koʻrinishi maʼlum.

Ilk oʻrta asrlarda shahriston 18-20 gektar hududni egallab, 7 darvozali boʻlgan. Ular darvozai bozor, darvozai shahriston, darvozai Bani Saʼd, darvozai Bani Asad, Darvozai Kabiriya, darvozai Hafs, darvozai Nav nomlari bilan atalgan. Keyinchalik, shahar devori kengaytirilishi natijasida darvozalar soni oshib borgan.

Shahar devori oxirgi marotaba 1540-1549-yillarda shayboniylar sulolasi vakili Abdulazizxon davrida kengaytirilgan. Natijada shahar umumiy maydoni 440-450 gektarni tashkil etgan va darvozalar 11 taga yetgan. Darvozalar soni XX asr boshlarigacha shu holatda oʻzgarmay kelgan. Devor boʻylab joylashgan 11 darvoza orqali shaharga kirish-chiqish nazorat qilingan va mustahkam qoʻriqlangan. Yarim aylana silindrsimon shakldagi qoʻsh minorali darvozalar shom namozidan keyin yopilib, bomdod namozidan soʻng ochilgan.

Ayrimlar Ark darvozasini ham shahar darvozalari qatoriga qoʻshib, ular sonini 12 ta deb atashadi. Bu mutlaqo xato. Ark qalʼasining 800 metrli devori mavjud va u ikki darvozali boʻlgan. Shaharning 555 gektarlik maydonni oʻrab turuvchi devor uzunligi esa 12 kilometrni tashkil etgan. Oʻz-oʻzidan koʻrinib turibdiki, bir-biriga dahli boʻlmagan ikki devor bor: Ark qoʻrgʻoni ihotasi va shahar ihotasi. Shu sababdan ham Arkni shahar ichidagi shaharcha deb atashadi.

Agar Ark darvozasi umumiy roʻyxatga qoʻshiladigan boʻlsa, nega uning ikkinchi darvozasi ham aytilmaydi. Ark hisorining gʻarbiy darvozasi – Registon, sharqiy darvozasi – Goʻriyon deb nomlangan. Hozirda faqat Registon darvozasi saqlangan. Siyovush Vali dafn etilgan Goʻriyon darvozasi esa buzib tashlangan va ustidan devor tiklangan.

Buxoro haqidagi koʻplab tarixiy asarlar, manbalar, ilmiy adabiyotlar, esdalik va kundaliklar, xarita va chizmalarda darvozalar haqida yetarli maʼlumotlar berilgan. Masalan, 1812-1813-yillarda Oʻrta Osiyoga sayohat qilgan hind sayyohi Mirza Izzatulla oʻz koʻzi bilan Buxoroning 11 darvozasini koʻrib, sharqiy tomondan boshlab har biri qanday nomlanganini kundaliklarida qayd etadi:

  1. Mozor — Bahouddin Naqshband mozoriga chiqib ketilganligi uchun “Mozor” darvozasi deb nomlangan (sharqiy).
  2. Samarqand — (shimoli gʻarbda)
  3. Imom — (gʻarbda, Abu Xafs Kabir qabri uchun)
  4. Oʻgʻlon — (shimolda)
  5. Talipoch — (shimoli gʻarbda)
  6. Shergiron — (shimoli gʻarbda)
  7. Qorakoʻl — (gʻarbda)
  8. Shayx Jalol — (janubi gʻarbda)
  9. Namozgoh — (janubi gʻarbda)
  10. Sallaxona — (shimoli gʻarbda)
  11. Qavola yoki Qarshi — (shimoli gʻarbda)

Har bir darvoza maʼlum maʼno va vazifalarga ega boʻlgan. Masalan, Mozori sharif darvozasi — sharofatli mozorga olib boradigan darvoza deb atalgan. Mahalliy aholi uni “Dari Mozor” yoki “Dari mozori Bahouddin” deb atashgan. Chunki shu darvoza orqali chiqib Qasri Hinduvon qishlogʻidagi Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga borilgan.

XIX asr ikkinchi yarmi va XX asrda Buxoro shahrining koʻplab mukammal topografik xaritalari tuzilgan boʻlib, ularda shahar darvozalari soni, oʻrni va nomi aniq koʻrsatilgan. 1911-1912-yillarda Turkiston harbiy batalyoni leytenanti Parfenov va kapitan Feninlar tomonidan tayyorlangan xaritada Buxoro shahridagi 547 ta topografik punkt va binolar qatorida 11 darvoza nomi koʻrsatilgan. 1933-yilda mazkur shahar plani Turkiston harbiy okrugi shtabi tomonidan nashr etilgan. Bu muhim ilmiy, amaliy ahamiyatga ega shahar chizmasi hozirda nufuzli muzey fondlari va kutubxonalarida saqlanmoqda.

Bugungi kunga qadar faqat Qorakoʻl va Talipoch darvozalari saqlanib qolgan. Soʻnggi yillarda Hazrati Imom, Samarqand, Salloxona va Shayx Jalol darvozalari oʻz oʻrnida qayta tiklandi.

Darvozalarning shaharning hozirgi kundagi qaysi hududida joylashganini eslatish foydadan xoli emas.

  1. Mozor darvozasi (saqlanmagan) — Navoiy nomli 4-sonli maktab qarshisida boʻlgan.
  2. Samarqand (qayta tiklangan) — Samarqand mavzesida.
  3. Hazrati Imom (qayta tiklangan) — xalq tilida Raymag deb ataladigan aylanma yoʻl oldida.
  4. Oʻgʻlon (saqlanmagan) — Ark qalʼasidan Markaziy dehqon bozori chorrahasiga borish yoʻlida.
  5. Talipoch (saqlangan) — Dehqon bozori avtoturargohi oʻng tomonida.
  6. Shergiron (saqlanmagan) — Yogʻdu restorani yoʻlida, Eski “bombey” koʻchasida.
  7. Qorakoʻl (saqlangan) — Trikotaj fabrikasi bekati oldida.
  8. Shayx Jalol (qayta tiklangan) — Buxoro viloyat koʻp tarmoqli shifoxonasi yoʻli, “Karavan” kafesi oldida.
  9. Namozgoh (saqlanmagan) — Turki Jandi mahallasi hududida, Rimkontor yoʻlida.
  10. Sallaxona (qayta tiklangan) — shahar hokimligi va kadastr agentligi binolari oraligʻida.
  11. Qavola yoki Qarshi (saqlanmagan) — shaharning “vokzal” chorrahasidan Labi hovuz majmuasiga kirish yoʻlida.

Buxoro darvozalari xususida shaharning har bir guzarini qadamma qadam aylangan etnograf olima Olga Aleksandrovna Suxareva, shahar arxitektura yodgorliklarini sinchiklab oʻrgangan sanʼatshunos Lazar Izrailovich Rempel, arxeologlar В.А.Шишкин, С.Н.Юренов, oʻlkashunos Musojon Saidjonov, Umnyakov asarlaridan ham koʻplab misollar keltirish mumkin.

Buxoro — jahonga mashhur shahar. Bejizga unga Rim tengdoshi, Sharq Venetsiyasi, deya taʼrif berilmagan. Qadim kent tarixini jahon ilmiy jamoatchiligi, hatto sayyohlar ham bilishadi. Ammo shahar darvozalari soni 12 emas, 11 taligini ayrim buxoroliklarning oʻzlari bilmasligi xijolatli holat hisoblanadi.

Olamga ziyo taratgan jonajon shaharlarimiz tarixini oʻrganaylik. Oʻrganish esa bizni xatoliklarga yoʻl qoʻyishdan asrab qoladi.

Shavkat BOBOJONOV,

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika

universiteti dotsenti vazifasini bajaruvchi,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер