Buxorolik yurtdoshimiz 46 yillik dardiga asalaridan shifo topdi

18:03 22 Yanvar 2020 Lifestyle
6891 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Istam Ibrohimov/Buxoro. Aytishga oson: buxorolik jurnalist, mehnat faxriysi Shavkat Asadov 46 yildirki, yurak ishemiya kasalligi bilan kurashib keladi. Ne-ne muolajalar olmadi, ne-ne shifokorlar qabulida boʻlmadi, deysiz. Ajablanarlisi, haqiqiy shifoni u asalaridan topdi.

—Necha yildirki, bu xastalikni asal va asalarining noyob mahsuloti — ona ari suti bilan davolab kelaman, — deydi Shavkat aka.— Bundan tashqari, vaqt-vaqti bilan tanamning yurak joylashgan qismi atrofini asalariga chaqtiraman ham.Shu kabi usullar vositasida yuragim urishi meʼyoriga tushadi.Oʻzimni ancha yaxshi his etaman.

Asal va asalarining foydali xususiyatlari toʻgʻrisida soatlab suhbatlashish mumkin. Xususan, Shavkat aka bilan. Bu inson bolaligidan shu sohaga mehr qoʻygan. Asalarichilikka oid kitoblarni oʻqiydi, manbalarni izlaydi.Oʻzi ham asalari parvarish qiladi. Xonadonida ayni paytda 70 ta asalari oilasi bor.

—Tib ilmining sultoni sanalgan Abu Ali ibn Sino “Asal aʼzoyi badanga tetiklik bagʻishlaydi, ovqat hazm qilishni yaxshilaydi, ishtahani ochadi, xotirani mustahkamlaydi, erta qarishning oldini oladi,” deya yozib qoldirgan, — deya davom etadi suhbatdoshimiz. — Asalning oshqozon va oʻn ikki barmoqli ichak yarasini, gastritni,jigar xastaligini, buyrak, yurak, asab, koʻz kasalliklarini, anemiya — kamqonlikni davolashda asqotishi fanda yaxshi maʼlum. Lekin biz nazarimda, hozir koʻproq asal yetishtirish haqida oʻylash bilan cheklanib qolyapmiz. Vaholanki, asalarining boshqa mahsulotlari, xususan, urgʻochi asalari suti inson salomatligi uchun juda foydalidir. Men hatto asalarining jasadi ham shifobaxsh ekanligiga oʻz tajribamda ishonch hosil qildim.

Havaskor asalarichining buni alohida taʼkidlashi bejiz emas. Shu sohaga oid ozgina maʼlumotga ega kishi ham yaxshi biladi: bu qanotli mavjudotlarning umri u qadar uzoq emas. Shavkat aka nobud boʻlgan asalarilarni tashlab yubormaydi. Ularning jonsiz tanasidan maxsus aralashma tayyorlaydi.”Turmush oʻrtogʻim ancha yillardan buyon qand xastaligidan aziyat chekadi. Men uni mana shu aralashma bilan davolab kelyapman”, deydi suhbatdoshimiz.

Ha, tabiat sir — sinoatga boy. Undagi mitti jonzot asalari ham bundan istisno emas. Bu sirlarni oʻrganish, asalarining hali toʻliq kashf etilmagan xususiyatlarini aniqlash foydadan xoli emas, albatta.

Izoh: Ushbu usullardan foydalanib koʻrish tavsiya etilmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?