Buxoroda 700 dan ziyod fuqaroning muammosi joyida hal etildi

20:56 14 Iyul 2022 Jamiyat
809 0

Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilib, hayotga izchil joriy qilinayotgan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida xalq bilan muloqot tizimi mexanizmlarini ham takomillashtirish belgilangan. Bu “Xalqparvar davlat” milliy dasturini izchil amalga oshirishda nihoyatda muhim qadamdir. 

Davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Buxoro viloyatidagi ommaviy qabullari ham ayni shu ezgu maqsadga — “Inson qadri uchun” gʻoyasini hayotimizda toʻla qaror toptirishga xizmat qilmoqda.

Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi masʼullari, Bosh prokuratura, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, oʻttizga yaqin vazirliklar, qoʻmitalar va idoralar rahbarlarining Peshku tumanining Yangibozor, Kogon shahridagi Temiryoʻlchilar, Jondor tumanining Zarafshon mahallalaridagi ochiq-jonli muloqotlarida viloyatning barcha hududi aholisi qamrab olindi. Qabullar davomida esa murojaatlari ijobiy hal qilingan koʻplab insonlarni uchratdik. 

Yechim topilgan masalalar mavzusi-yu yoʻnalishi turfa, biroq ularning zamirida bir hayotiy haqiqat, mamlakatimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq-erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, qonun ustuvorligi, adolatni qaror toptirish yoʻlidagi ezgu saʼy-harakatlar mujassam.

Masalan, Bosh prokuratura masʼullari gʻijduvonlik 70 yoshli taʼlim faxriysi Anna Gilyovaning murojaatini joyiga chiqib oʻrgangach, masala joyida hal qilindi. Taqdir taqozosi tufayli yoshligida Buxoroga koʻchib kelgan, Gʻijduvonda ulgʻayib, bir umr muallimalik qilgan Anna momoga madaniy meros obyekti sifatida olingan ixchamgina uychasi oʻrniga Gʻijduvon tumani Guliston mahallasidan egalik huquqi asosida uy-joy ajratilishi taʼminlandi. Yangi xonadon kaliti ham shu yerda topshirildi.

Prezidentimiz asos solgan xalq bilan muloqot tizimi bois buxorolik Hojiakbar Atoyev, kogonlik Sodiqjon Nurov, gʻijduvonlik Ashraf Qilichev, qorakoʻllik Xurshid Hojiqulov hayotida ham bugun adolat gʻalaba qildi. Bu insonlarning barchasi ancha yillar avval ichki ishlar tizimida turli vazifalarda xizmat qilgan: biri mayor, ikkisi katta leytenant, yana biri kichik serjant boʻlgan. 

Sud hujjatlarini oʻqirkanmiz, 2008 — 2016-yillarda ular yetarlicha fakt-isbotlarsiz, dalillar majmui bilan tasdiqlanmagan koʻrsatuvlar asosida ishdan chetlatilganiga guvoh boʻlish mumkin.

Bu galgi muloqotlarda esa Ichki ishlar vazirligi masʼullari 6-14 yil deganda yana sohaga qaytgan mayor Hojiakbar Atoyev, katta leytenantlar Sodiqjon Nurov va Ashraf Qilichev hamda kichik serjant Xurshid Xoʻjaqulovni birma-bir tabriklab, ularga masʼuliyatli vazifada omad tiladi.

Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Oliy sud masʼullariga murojaatlardan soʻng aybiga iqror-u qilmishiga ming pushaymon boʻlgan, munosib jazo olganini tan olish bilan birga, tuzalish yoʻliga oʻtgan, hayotini izga solish uchun imkoniyat soʻragan bir qator shaxslar muddatidan avval jazodan shartli ozod qilindi.

Xususan, murojaatlar asosida jinoyat ishlari boʻyicha Kogon tumanidagi sudi jazoni ijro etish koloniyasida tashkil qilgan ochiq sud ishida 29 nafar mahkum manzil koloniyasiga oʻtkazildi, bir nafar mahkumning esa jazosi yengilrogʻi bilan almashtirilib, muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.

Murojaatlar asosida oilaviy zoʻravonlik va tazyiqqa uchragan bir qator xotin-qizlar davlat himoyasiga olinib, ularga himoya orderlari berildi. Xalq qabulxonalari va 3-sektor masʼullariga avval murojaat qilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 10 dan ziyod oilalar farzandlariga ichki imkoniyatlar hisobidan bepul rasmiylashtirib berilgan fuqarolik pasportlari – aydi kartalar topshirildi.

Buxoro shahrida yashovchi Kamol Husenovning farzandi avvalroq kredit evaziga ixchamgina issiqxona barpo qiladi, biroq, taqdir-peshona ekan, mehnatining rohatini koʻra olmaydi: yaqinda olamdan oʻtadi. Kreditdan qolgan 18 million soʻm qarzdorlikni toʻlashga Kamol ota imkon topa olmayapti. Qarzdorlik esa sudga oshirilgan, suddan ijroga qaratilgan.

Ayni shu masalada Sudyalar oliy kengashi masʼullaridan maslahat va yordam soʻragan Kamol Husenovning kredit qarzdorligi ichki imkoniyatlar hisobidan biratoʻla qoplab berildi. Yirik issiqxona tarmogʻiga ega tadbirkorlardan biri yolgʻiz qizi bilan qolgan otaxonning issiqxonasini barqaror ishlab ketishini taʼminlab beradigan boʻldi.

Qabullarda koʻplab tadbirkorlarning ham muammolari hal qilindi. Bir misol: Markaziy bank va Maktabgacha taʼlim vazirligi masʼullari bilan muloqotlar asnosida tadbirkor Kimyo Yodgorovaga Kogon tumanida 150 oʻrinli nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti barpo qilish uchun berilgan kreditning imtiyozli davri yana bir yilga uzaytirib berildi.

Jondorlik Zarina Boqiyevaning murojaati asosida uning xorijda ogʻir xastalikka chalingan otasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi jamgʻarmasi hisobidan mamlakatimizga olib kelinadigan, Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullari esa Zarinaning bemor otasini mamlakatimizda davolashga yordam beradigan boʻldi.

Qabullardan soʻng qator murojaatlar joyiga chiqib oʻrganildi, mahallalarda, xonadonlarda kechgan muloqotlar asnosida ham qator masalalar yechimi boʻyicha aniq muddatli vazifalar belgilab olindi. Aytaylik, Markaziy bank masʼullarining Shofirkon tumanining Arabxona, Shoʻrobod qishloqlaridagi oʻrganishlaridan soʻng Arabxona” mahalla fuqarolar yigʻinining maʼmuriy binosini barpo qilish uchun tamal toshi qoʻyildi. Shofirkonning Shoʻrobod qishlogʻida yashovchi bir guruh murojaatchi xotin-qizlar yaqinda ayni shu mahallada ish boshlaydigan “Buxoro agro klaster” korxonasiga ishga joylashtiriladigan boʻldi.

Bir soʻz bilan aytganda, davlatimiz rahbarining alohida topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Buxoro viloyatidagi uch kunlik ommaviy qabullarida qariyb 1 ming 600 ta masala koʻrib chiqilib, ularning 714 tasi joyida hal qilindi. 322 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan boʻlsa, qariyb 560 ta masalani hal qilish boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?