“Buxoro” jamoasi oʻz futbol maydonida oʻyin oʻtkazadi

15:20 13 Noyabr 2024 Jamiyat
449 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Mabodo, dunyo boʻyicha oʻz maydonida uzoq vaqt davomida oʻyin oʻtkazmagan futbol jamoalari roʻyxati tuzilsa “Buxoro” uning old qatoridan oʻrin olishi tayin edi.

Gap shundaki, jamoa ikki mavsumdan ziyod vaqt mobaynida oʻz oʻyinlarini oʻzga maydonda, aniqrogʻi, qoʻshni Qashqadaryo viloyati Muborak shahrining “Bahrom Vafoyev” stadionida oʻtkazdi. Bunga sobiq “Buxoro” sport majmuasidagi maydon holatining yomonligi sabab boʻldi. Majmuada drenaj, sugʻorish tizimi, maysa parvarishi bilan bogʻliq keng qamrovli ishlar amalga oshirilgach, katta futbol Buxoroga qaytgandek boʻldi. “Boqiy Buxoro” turizm etnoparki loyihasi sabab stadion “snos”ga tushdi. Oqibatda jamoa uy uchrashuvlarini Toshkentda oʻtkazishga majbur boʻldi.

Jamoa muxlislarini xursand qilgani shuki, “Buxoro” joriy mavsumda pro-liga risoladagidek qatnashdi. Superliga yoʻllanmasini muddatidan avval qoʻlga kiritdi. Yana bir quvonchli xabar-jamoa endilikda uy uchrashuvlarini Buxoroda oʻtkazish imkoniga ega boʻldi.

Viloyat hokimligi tashabbusi bilan Buxoro futbol assotsiatsiyasiga qarashli futbol akademiyasi maydonida katta hajmdagi qurilish- bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Natijada qisqa muddat oraligʻida 10 ming tomoshabinga moʻljallangan stadion yuzaga keldi. Ayni damda arenani Oʻzbekiston professional futbol ligasi talablari darajasida jihozlash, futbolchilar, hakamlar uchun zarur qulayliklar yaratish kabi yumushlar nihoyasiga yetkazilmoqda. Maʼlumotlarga qaraganda, “Buxoro”ning pro-liga doirasida “Aral” jamoasiga qarshi 22-noyabr kuni oʻtkazadigan oʻyiniga xuddi shu stadion mezbonlik qiladi.

Kelasi mavsumdan buxoroliklarning suyumli jamoasi superligada viloyat sharafini himoya qiladi. Kuchlilar davrasida “Buxoro”ga oson boʻlmaydi. Uning pro-ligadagi ayrim uchrashuvlarni boʻsh oʻtkazgani muxlislarda ana shunday xavotir uygʻotmoqda. Yaqin oʻtmishning taniqli futbolchilaridan biri sanalgan Ulugʻbek Baqoyev boshchiligidagi murabbiylar shtabi ham gap nima haqida borayotganini yaxshi tushunsa kerak. Nima boʻlganida ham ishqibozlar futbolimizda ligada jon saqlash uchun qaygʻuradigan komandani emas, mazmunli oʻyin namoyish etishga qodir raqobatbardosh jamoani koʻrish umidida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер