Buxoro viloyati hokimining “xususiy bogʻchani buzib tashlash” haqidagi buyrugʻi yuzasidan izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hokimi tomonidan “xususiy bogʻchani buzib tashlash” kerakligi toʻgʻrisida topshiriq bergani aks etgan video keng tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati hokimligi munosabat bildirdi.
Unda aytilishicha, joriy yilning 22-may kuni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro shahridagi 2-sonli davlat maktabgacha taʼlim muassasasida amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlarining borishini koʻzdan kechirgan. 140 oʻringa moʻljallangan mazkur muassasa 1961-yilda qurilgan va hozirda taʼmirtalab holga kelib qolgan hamda mahalliy byudjet hisobidan zarur mablagʻlar ajratilib, bogʻchada kapital taʼmirlash ishlari boshlangan.
Oʻrganish ishlari chogʻida viloyat hokimi davlat bogʻchasi hududi obodonlashtirilmagani, bogʻchaga tutash boʻlgan hududdan oʻzboshimchalik bilan egallangan umumiy ovqatlanish obyekti egasi tomonidan bogʻcha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufiyona noqonuniy kirish-chiqish yoʻlagi ochilgani, bundan tashqari, bogʻcha hududining bir qismida yuqori kuchlanishli transformator atrofi temir panjara bilan oʻrab olinmagani yuzasidan eʼtirozlarini bildirgan.
“Amaldagi qonunchilikka koʻra, viloyat hokimlari zimmasiga muassasalarning xavfsizligini taʼminlash, shu jumladan, hududlar atrofini oʻrash, ularga huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha inspektorlarni biriktirish, kuzatuv kameralari va yongʻinga qarshi signalizatsiya tizimlarini oʻrnatish choralarini koʻrish, shuningdek, muassasa hududining va koʻchmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda taʼminlash vazifalari yuklatilgan”, — deyiladi hokimlik munosabatida.
Shuningdek, videolavhada tilga olingan “buzib tashla” jumlasida aynan oʻsha bogʻcha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufiyona, noqonuniy kirish-chiqish yoʻlagini bartaraf etilishi nazarda tutilgani aytilgan.
“Viloyat hokimi tomonidan 140 nafar bogʻcha tarbiyalanuvchilarini xavfsizligi, hamda yuz berishi mumkin boʻlgan turli noxush, noqonuniy holatlarni oldini olish — asosiy maqsad boʻlgan. Ijtimoiy tarmoq faollari va foydalanuvchilari aynan shu jumlani «hokim xususiy bogʻchalarni buzib tashlash boʻyicha topshiriq beryapti” tarzida muhokama qilishmoqda. Bu esa mutlaqo asossiz va haqiqatga toʻgʻri kelmaydi», — deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, viloyatning boshqa shahar-tumanlaridagi maktabgacha taʼlim muassasalarida bu kabi holatlarni oʻrganish va zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Buxoro shahar hokimining tegishli oʻrinbosariga “hayfsan” intizomiy chorasi qoʻllanilgan, noqonuniy yoʻlak bartaraf etilgan hamda oʻrganish olib borilgan 2-son davlat maktabgacha taʼlim muassasasidagi jarayon tasvirga olinib, mutasaddilarga yuborilgan va shu tariqa keng tarqalgan.
Viloyat hokimligi viloyatda qonun ustuvorligi taʼminlanishi, noqonuniy buzilish qilinmasligi, viloyat hokimi tomonidan topshiriq berish paytida ayrim rahbarlarning masʼuliyatini oshirish uchun hissiyotli gapirishga toʻgʻri kelganini qoʻshimcha qilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring