Buxoro va Navoiyda 35 gektardagi qum va shamolni ushlab qoluvchi oʻsimliklar qoplamasi yoʻqolib ketgani aniqlandi

19:09 21 Oktyabr 2024 Siyosat
208 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Oʻzbekkosmos” agentligi Buxoro va Navoiyda 35 gektardagi qum va shamolni ushlab qoluvchi choʻl oʻsimliklari qoplamasi yoʻqolib ketganini aniqladi.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga ishchi guruhi tuzib, ushbu 2 ta viloyatning choʻl va yarim choʻl hududlarida “yashil” maydonlarni koʻpaytirish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi. “Oʻzbekkosmos” agentligi bilan birgalikda choʻllarda ekologik holatni monitoring qilish platformasi yaratiladi.

Oʻrmon xoʻjaligi agentligining bu yoʻnalishdagi masʼuliyati oshiriladi. Endilikda agentlik choʻllanishga qarshi kurashish bilan ham jiddiy shugʻullanadi, hokimliklar qoshidagi “Yoʻl koʻkalam” tashkilotlari agentlik tizimiga oʻtadi.

Agentlikka har bir hudud iqlimiga mos 100 milliondan ziyod nihol va koʻchatlarni oddiy usulda mahalliylashtirish hamda yetishtirish xarajatini 20 foizgacha kamaytirish topshirildi.

Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 20 gektarda tajriba-sinov maydonchasi qilib, degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklaydigan oʻsimliklarni yetishtirishni tashkil qilish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzini keng ommalashtirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Badantarbiya qilish, yugurish, velosiped haydash kabi odatlarni targʻib qilish, yengil kasalliklarni ham dori bilan tuzatishga oʻrganib qolishning oldini olish zarurligi qayd etildi. Bu yoʻnalishda tushuntirish ishlarini, ayniqsa 30 yoshdan katta aholiga moʻljallangan ommaviy dasturlarni koʻpaytirish muhim ekani koʻrsatib oʻtildi.

Sport vazirligiga 30 yoshdan katta aholini ommaviy sport bilan qamrab olish dasturini yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Prezidentimiz “mahalla yettiligi”ni odamlarni jismoniy mashq, yurish, yugurish, velosiped haydashga chorlashda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Professional va maktablarda faoliyat yuritayotgan sport trenerlarini mahallalarga biriktirish, tibbiyot brigadalari, oilaviy shifokor va poliklinikalar ishiga aholini toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzini oʻrgatish boʻyicha yangi-yangi yondashuvlarni joriy qilish muhimligi qayd etildi.

Mahallalarning jismoniy faollik reytingi tuzilishi, eng yaxshi mahalla va oilalarni ragʻbatlantirilishi belgilandi.

Yigʻilish davomida mutasaddilarning hisobotlari va rejalari tinglandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?