Buxoro davlat texnika universiteti tashkil etildi

10:19 27 Yanvar 2025 Jamiyat
441 0

2025-yil 24-yanvarda “Buxoro davlat texnika universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga koʻra, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti va Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti negizida yangi universitet tashkil etildi.

Universitet hududdagi yuqori malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojni qondirish maqsadida muhandislik, ishlab chiqarish, oziq-ovqat texnologiyasi, neft va gaz, yashil energetika, arxitektura, axborot texnologiyalari kabi sohalar boʻyicha mutaxassislar tayyorlashga yoʻnaltirilgan.

Shuningdek, Buxoro davlat texnika universitetida neft va gaz muhandisligi sohasi boʻyicha Ilgʻor muhandislik maktabi tashkil etiladi. Bu maktab neft va gaz sohasida ilgʻor innovatsiyalarni joriy qilish va yuqori darajadagi kadrlarni tayyorlashga qaratilgan. Shuningdek, universitetda agrotexnologiyalar, logistika va dasturlash sohalari boʻyicha ham taʼlim yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyiladi.

2025/2026 oʻquv yilidan universitetda xalqaro tajribalar asosida fanlarni oʻzlashtirish va professor-oʻqituvchilarning samaradorligini baholash tizimi joriy etiladi. Bundan tashqari, professor-oʻqituvchilar va doktorantlar yetakchi xorijiy universitetlar va ilmiy tashkilotlarda stajirovka va malaka oshirish imkoniyatiga ega boʻladi.

Yirik ishlab chiqarish korxonalari universitetga sanoat hamkori sifatida biriktirilib, talabalarni amaliy bilim bilan taʼminlash maqsadida hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi ham koʻzda tutilmoqda.

Qarorga koʻra, 2026-yil 1-yanvardan Buxoro davlat texnika universitetiga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berilyapti. Bu universitetning taʼlim sifatini yanada oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga keng imkoniyat yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?