Buxoro amirining avtomashinasi

14:42 28 Oktyabr 2025 Jamiyat
424 0

Illyustrativ foto

Hozir dunyoda avtomobillarning yuzlab markalari mavjud. Zamonning tezkorligini qarangki, bugun elektromobillarga qadar yetib keldik. Holbuki, bundan bir asr oldin, yaʼni XX asr dastlabki oʻn yilligida avtotransport, ayniqsa, yengil avtomobillarning dastlabki avlodlari yaratilganida odamlar hayratga tushishgan. Ularning oʻshanda Rossiya imperiyasi mustamlakasi boʻlgan Turkistonga ilk bor kirib kelishi esa “texnika moʻjizasi” , “yerda oʻrmalovchi, oʻziyurar afsonaviy transport” deb nom olganini arxiv manbalari tasdiqlaydi.

Professor, tarixchi olima S.B.Shadmanova XX asr boshida Turkistonda chop etilgan oʻnlab davriy matbuot materiallarini oʻrganarkan, Toshkent texnika omborida birinchi avtomobillar 1910-yillarda keltirilganini aniqladi. U “Omnibus” markali 8 oʻrindiqli avtomobil, soatiga 128 kilometr yuradigan “Bens”, “Fiat”, “Ford”, “Legio”, “Reno” rusumli mashinalar boʻlganini isbotladi. Oʻsha yillarda uch, besh, yetti va hatto sakkiz – oʻn kishilik oʻrindiqqa ega avtomobillar Toshkent shahri va atrofidagi hududlarga yoʻlovchilarni tashiy boshlagan. Avtomobillar tezligi, qulayligi, manzilga yoʻlovchilarni qisqa vaqtda yetkazishi kabi jihatlari bilan kucherlar xizmat koʻrsatadigan foytunlardan afzal edi. Afsuski, manbalarda ilk davrlarda avtomobil kira haqi qancha boʻlganligi bilan bogʻliq maʼlumotni uchratmadik.

Aytmoqchi, Buxoroi sharifga ilk avtomobillar qachon kirib kelganligi masalasi ham bizni juda qiziqtirib qoʻydi. Manbalardan shu savolga javob izladik. Fors-tojik tilida, arab imlosida chop etilgan “Buxoroi Sharif” gazetasining 1912-yil 16-apreldagi sonida “Maktubi bashiora” (“Ishora maktubi”) sarlavhali xabarni oʻqish mumkin. Unda “Buxoro amirining Karmana (hozirgi Navoiy)da amirlik bogʻida avtomobili saqlanmoqda. Ushbu avtomobil zanglamasligi uchun 150-200 tanga evaziga bir kishi biriktirib qoʻyilgan“, degan maʼlumot keltirilgan. Nazarimizda, Rossiya imperatorining topshirigʻi bilan Turkiston general-gubernatori Buxoro amirligi siyosiy aygʻoqchiligi vositachiligida Toshkent texnika omborlaridagi avtomobillardan birini 1911-yilda taxtga kelgan Amir Olimxonga tortiq qilgan. Ushbu xabarga tayanib, 1911-1912-yillar chegarasida Buxoroga xorijda ishlab chiqarilgan avtomobil yetib kelgan, deb hisoblash mumkin.

Amirning monarxiya tartibi agʻdarilganidan soʻng, 1920-1924-yillarda BXSRda zamonaviy transportga ega boʻlish vazifasi dolzarb qilib qoʻyildi. BXSRning davriy matbuoti hisoblangan “Ozod Buxoro” gazetasi sonlaridan birida “1923-yil 21-noyabrda Buxoro koʻchalaridan birida tez yuradigan avtomobil Sharif Ismoil soatsozni bosib oʻldurgʻon” mazmunidagi noxush xabar bosilgan.

Arxiv manbalari bilan tanishish asnosida amin boʻldikki, BXSR hukumati rahbarlari Fayzulla Xoʻjayev va Otaulla Xoʻjayevning saʼy-harakatlari bilan 1923-yilning boshlarida Buxoroga “Fort” markali Amerika yengil avtomobili keltirilgan. Jumladan, Oʻzbekiston Milliy Arxivi, R – 48-fond, 1-roʻyxat, 171-yigʻma jild, 70-varagʻidagi yozuvlardan maʼlum boʻlishicha, BXSR harbiy noziri Xalq Nozirlar Kengashi raisiga 1923-yilning 26-fevralida 504-raqamli bildirishni yoʻllab, unda: “Buxoro Xalq Nozirlar Kengashi ixtiyoriga “Fort” markali yengil avtomobil olib kelindi. 1923-yilning bahorida avtomobil haydovchilar otryadi tashkil etilib, bir necha “Fort” markali yengil avtomobillar keltiriladi va ular barcha yoʻllar boʻylab qatnay boshlaydi” deb xabar qilingan.

Ikkinchi bir hujjatda esa 1923-yilning kuzida BXSR Xalq Xoʻjaligi Kengashi Eski Buxoro – Yangi Buxoro yaʼni Kogon oraligʻidagi 12 kilometrlik masofada avtomobil yoʻli qurish, yoʻlni avtoulovlarga moslab taʼmirlash uchun davlat byudjetidan 30 milliard rubl mablagʻ ajratilgani bildirilib, bu ishni amalga oshirish uchun yoʻl qurilishi muhandisi A.Zaxaryanga 240 ta Buxoro tangasi va boshqa zarur jihozlar berilgani aytiladi.

Arxiv hujjatlari va BXSR matbuoti maʼlumotiga tayanib shunday xulosaga kelish mumkinki, 1923-yilning kuzidan Buxoroi Sharif koʻchalarida, shuningdek, Buxoro – Kogon yoʻnalishida kam sonli boʻlsada avtomobillar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. Zamonaning zaylini qarangki, bir asr oldin Buxoroi Sharif koʻchalarida ahyon-ahyonda avtomobil qatnardi. Bugunga kunga kelib esa ularning yoʻllarda qatorlashib, tirbandlikni yuzaga keltirishi, uzogʻimizni yaqin qilishi oddiy holga aylanib qoldi. Muhimi, Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston dunyoning avtomobil ishlab chiqaradigan oz sonli davlatlarining biriga aylandi.

Shodmon HAYITOV,

Buxoro davlat universitetining

Jahon tarixi kafedrasi professori, tarix fanlari doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер