Bugundan toʻqimachilikda “dolzarb yuz kunlik” eʼlon qilamiz — Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi. Unda mamlakatimiz iqtisodiyotining 3 foizini, sanoatning 14 foizini yaratayotgan toʻqimachilik tarmogʻini yanada qoʻllab-quvvatlash masalalari koʻrib chiqilmoqda.
Soʻnggi besh yilda tarmoqda 3,5 milliard dollarlik 396 ta yirik korxona ishga tushdi, ishlab chiqarish 10 milliard dollarga yetdi. Sohada 500 mingdan ortiq odam band. Bu sanoatda band jami aholining 20 foiziga teng.
Shu bilan birga, sohada ishlab chiqarish va eksport koʻrsatkichlari sekinlashishi kuzatilmoqda, bu esa xalqaro vaziyatni inobatga olgan holda ishlab chiqarish, ish oʻrinlari va eksportni saqlab qolish boʻyicha tezkor choralar koʻrishni taqozo etmoqda.
Jahonda paxta kotirovkalari 2022-yildan boshlab pasayib ketayotgani klasterlar uchun muammo keltirib chiqarmoqda. Soʻnggi uch yilda narx tonnasiga 3 ming dollardan 1,5 ming dollarga tushdi.
Tadbirkorlar eski qarzini yangi hosil hisobidan bir-biriga ulab yopmoqda. Ushbu vaziyatdan chiqib ketish uchun 2022-2023-yillar uchun paxta xomashyosiga berilgan imtiyozli kredit 3-marta uzaytirildi, oʻtgan yilda paxta narxini tushirish uchun tonnasiga 1 million soʻmdan subsidiya berildi.
Davlatimiz rahbari jahon bozorida narxning keskin tushishi bugun boshlanmaganini, iqtisodiy kompleks ilmiy tashkilotlar bilan birga bu borada turli xil ssenariylar va yechimlarni tayyorlab qoʻygan boʻlishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda tolani qayta ishlash quvvati yetarli boʻlmagan ayrim “uddaburonlar” davlatning arzon resursi hisobiga paxta “spekulyatsiyasi” bilan shugʻullanayotgani tanqid qilindi.
Toʻqimachilik korxonalarining tijorat kreditidan 2,2 milliard dollar qarzdorligi bor. Kreditlarning 90-95 foizi xorijiy valyutada, atigi 16 foiz korxona xalqaro sertifikatga ega.
“Bunday sharoitda korxonalar tashqi bozorda qanday raqobat qiladi, kreditini qanday qaytaradi?”, — deya savol qoʻydi Prezidentimiz.
Har bir viloyatda 10-15 tadan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi borligi bilan ularning brendlar bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyish, zamonaviy standartlarga oʻtkazish ishlari oqsayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Andijon, Namangan, Fargʻona, Navoiy va Toshkent viloyatlarida tolani qayta ishlash quvvatlari oʻzidagi xomashyoga nisbatan 2-2,5 barobar koʻp. Shunday boʻlsa-da, hokimlar hududiy investitsiya dasturini ishlab chiqishda ip-kalava loyihalarini taklif etib kelayotganiga eʼtiroz bildirildi.
Xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz toʻqimachilik mahsulotlari eksportiga yanada faol koʻmaklashishi muhimligi qayd etildi.
Prezident topshirigʻiga asosan toʻqimachilikda faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq tadbirkorlarning fikrlari oʻrganildi.
“Ularni qiynayotgan masalalar bilan toʻliq tanishdim. Hozir yechimlarini aytaman. Bugundan toʻqimachilikda “dolzarb yuz kunlik” eʼlon qilamiz”, — dedi davlatimiz rahbari.
Avvalo, ahvoli yomonlashgan ayrim korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish va tannarxni kamaytirish choralari belgilab olindi.
Joriy yilda klasterlarning kreditdan qarzdorligini garov qoʻyish sharti bilan 5-yilgacha uzaytirishga ruxsat berildi. Endilikda garov qoʻygan klasterlar faqat asosiy qarzni toʻlaydi.
Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasi va banklarga hisoblanadigan foizlar esa asosiy qarz toʻliq qoplanganidan keyin undiriladi. Bu orqali klasterlarda yiliga 800 milliard soʻm aylanma mablagʻ qoladi. Agar klasterlar ham asosiy qarz, ham foizini oʻz vaqtida toʻlasa, foizning Jamgʻarmaga ketadigan qismining yarmi tadbirkorga qaytariladi.
Klasterlarga 2022-2023-yillar hosili uchun berilgan kredit boʻyicha 1-avgust holatiga yuzaga kelgan 377 milliard soʻmlik penyadan voz kechiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring