Bugun Xiva shahrida IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali start oladi

Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq soʻzi”
Oʻzbek milliy baxshichilik va dostonchilik sanʼatining noyob namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni keng targʻib qilish, yosh avlod qalbida ushbu sanʼat turiga hurmat va eʼtibor tuygʻularini kuchaytirish, turli xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-maʼnaviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda yanada kengaytirish maqsadida, 2019-yildan buyon “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali” oʻtkazilib kelinmoqda.
Mazkur festival ilk marotaba 2019-yilda Surxondaryo viloyatida oʻtkazilgan, shuningdek, 2021-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida, 2023-yilda esa Sirdaryo viloyatida oʻtkazilgan. Navbatdagi festival esa joriy yilning 26-28-aprel kunlari Xivada YUNESKO va AYSESKO shafeligida IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali oʻtkaziladi.
Festivalda dunyoning 40 dan ortiq davlatlaridan, jumladan, Oʻmon, Gabon, Braziliya, Xitoy, Hindiston, Eron, Qozogʻiston, Janubiy Koreya, Kuvayt, Malayziya, Mavritaniya, Misr, Marokash, Qirgʻiziston, Rossiya, Turkmaniston, Vengriya, Ozarbayjon, Moʻgʻuliston, Serbiya, Belarus, Fransiya, Afgʻoniston, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Syerra-Leone, Shvetsiya, Iordaniya, Shvetsariya, Sudan, Turkiya, Bolgariya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Tunis, Slovakiya, Filippin, Qatar, Pokiston va Oʻzbekistondan 200 nafarga yaqin baxshilar ishtirok etishi kutilmoqda.
Mazkur festival doirasida bugun “II Turkiy dunyo madaniyati forumi” va “Yangi Oʻzbekistonda baxshichilik sanʼati: zamonaviy tadqiqotlar va istiqbollar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻz ishini boshladi.
Anjumanda Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Qozogʻiston kabi davlatlarning nufuzli ilm maskanlaridan tashrif buyurgan taniqli folklorshunos olimlar baxshichilik sanʼati tarixi va jahon madaniyati taraqqiyotida tutgan oʻrni haqida maʼruza qildilar. Shuningdek, anjumanda mamlakatimizning turli oliy oʻquv yurtlarida, ilmiy-tadqiqot institutlarida faoliyat yuritayotgan folklorshunos olimlar, baxshichilik va xalq ogʻzaki ijodi masalalariga qiziquvchi tadqiqotchilar ham sohaga doir ilmiy-nazariy maqolalari bilan faol ishtirok etmoqda.
Shuningdek, festival doirasidagi tanlov ishtirokchilarini baholash va gʻoliblarni taqdirlash uchun xalqaro tanlovida hakamlar hayʼati aʼzolari tarkibi Oʻzbekiston, Vengriya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Rossiya, Quvayt, Moʻgʻuliston davlatlari vakillaridan shakllantirilgan.
Maʼlumot uchun: “Gran-Pri” mukofoti — 7 000 AQSH dollarini tashkil etadi. 1-2-3-oʻrinlarni qoʻlga kiritganlar uchun mos ravishda har bir yoʻnalishda 2 ta nominatsiya (Doston ijrochiligi yoʻnalishi, Cholgʻu ijrochiligi yoʻnalishi) boʻyicha 5 000, 3500, 2500 AQSH dollaridan mukofotlanadi.
Anjuman yakunida baxshichilik sanʼati istiqboli bilan bogʻliq muhim rezolyutsiya qabul qilinadi.
Konferensiya doirasida tashkiliy qoʻmita tomonidan yaratilgan “Baxshi aytimlari” toʻplamining taqdimoti boʻlib oʻtadi. “Baxshi aytimlari” toʻplami 100 dona nashr qilingan. Unda xalq dostonlari va terminlarini qaysi vaqtda ijro etilishi, uning inson ruhiyatiga ijobiy taʼsiri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻrin olgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Milliy sertifikat imtihoni natijalari 21 ish kuni ichida e’lon qilinadi — Bilimni baholash agentligi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Ichki ishlar vaziri Buxoro viloyati IIBning 10 ga yaqin rahbarini ishdan boʻshatdi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Yangi hafta avvalida qanday ob-havo kuzatilishi maʼlum qilindi
- “Qutadg‘u bilig” dostoni qo‘lyozmasining faksimile nusxasi yaratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring