Bugun Gʻafur Gʻulom tavallud topganiga 120 yil toʻldi

18:57 10 May 2023 Madaniyat
788 0

Oʻzbekiston xalq shoiri Gʻafur Gʻulomning sheʼriyati va nasrida oʻzbek xalqi tarixining, ijodkor yashagan davrning badiiy timsoli oʻz aksini topgan. Taʼkidlash joizki, shoirning ijodi rang-barang — sheʼrlar, qoʻshiqlar, dostonlar, qasidalar, hikoyalar, qissalar shular jumlasidandir.

Ijodkorning har bir asari bugungi kunda oʻzbek xalqining eng katta maʼnaviy xazinasi desak yanglishmaymiz.

Darhaqiqat, Gʻafur Gʻulomning urushdan keyingi davrdagi ijodi oʻzbek adabiyotida beqiyos oʻrin tutgani hech kimga sir emas. Quyidagi “Sen yetim emassan” sheʼrining oʻzi ham bunga yaqqol misoldir.

SEN YETIM EMASSAN

(Ikkinchi jahon urushining ota-onasiz qolgan goʻdaklarga)

Sen yetim emassan,

Tinchlan, jigarim.

Quyoshday mehribon

Vataning-onang,

Zaminday vazminu

Mehnatkash, mushfiq

Istagan narsangni tayyorlaguvchi

Xalq bor – otang bor.

Choʻchima, jigarim,

Oʻz uyingdasan,

Bu yerda

Na gʻurbat, na ofat, na gʻam.

Bunda bor: harorat, muhabbat, shafqat

Va mehnat nonini koʻramiz baham,

Sen yetim emassan,

Uxla, jigarim.

Bu yerda muzlagan

Ajdar halqumli

Vahshat toʻplarining

Qahqahasi yoʻq.

Bu yerda – odamzod

shaklida yurgan

laʼnati devlarning

manfur, yuqumli, maraz namoyishi

topolmas huquq.

Ulugʻ jang kunidir,

Jangki, beomon,

Lashkar degan axir

Bexatar boʻlmas,

Otang oʻlgan boʻlsa,

Qaygʻurma, qoʻzim,

Koʻzim usti

Minnating boshimga durra.

Shu sogʻlom havoda

Salomat-omon,

Xoʻrsinmay, erkinlab

Ola bera nafas.

Ey, ulugʻ naslimning

Yuragi, joni,

Kiprigingga ilinmas

Yigʻidan zarra.

Sen yetim emassan,

Uxla, jigarim.

Yetimlik nimadir-

Bizlardan soʻra,

Oʻninchi yillarning

Sargardonligi

Isitma aralash

Qoʻrqinch tush kabi

Xayol koʻzgusidan

Uchmaydi sira.

Men yetim oʻtganman,

Oh, u yetimlik…

Voy, bechora jonim,

Desam arziydi.

Boshimni silashga

Bir mehribon qoʻl,

Bir ogʻiz shirin soʻz

Nondek arzanda.

Men odam edimku,

Inson farzandi…

Sen yetim emassan,

Uxla jigarim.

Koʻzimga oʻyquning

Mudroq ovchisi

Toʻrin solmasdan, –

(Birinchi gudokka

Ikki soat bor) –

Otalik hissining

Bebaho, laziz

Toʻlqinlar ichra

Gʻarq boʻlib ketib,

Aziz boshing ustida

Termulmakdaman,

Sen yetim emassan,

Uxla, jigarim.

Nega choʻchib tushding,

Murgʻak tasavvur,

Goʻdak xayolingga

Nimalar keldi?

Balki Odess dahshati,

Kerch fojiasi,

Yovvoyi maxluqlar,

Qonxoʻr vahshiylar…

Mammasi kesilgan

Shoʻrlik onangning

Pajmurda gavdasi

Koʻzing oʻngida

Butun dahshati-la

Aks etar endi.

Onang xoʻrlandimi,

Otang oʻldimi,

Sen yetim qoldingmi,

Qaygʻurma, qoʻzim,

Koʻzim usti,

Minnating boshimga durra.

Ota-onasining

Tayini ham yuq,

Sut koʻr qilgur, haromi

Gitler oqpadar

Farzandning qadrini

Qayerdan bilsin?

Bir qoʻngʻiz moʻylovli,

Baroq soch malʼun,

Jigar rang bir mundir

Istagi uchun,

Nahotki yerimiz

Chappa aylanib,

Nahotki daryolar

Oqar teskari,

Nahotki odamlar

Kezar darbadar?!

Axir, juda yaqin

Qonli intiqom,

Alhazar, alhazar,

Koʻpirar tomirlarda qon,

Va portlar hademay

Bu oʻtli vulqon.

Sen yetim emassan,

Uxla, jigarim.

Sen kulayotibsan,

Balki bu kulgi

Soʻnggi oylar ichra

birinchi chechak.

Laʼli labingdagi

Gʻuncha tabassum

Albat toleingga

Muhr boʻladi

Va bunda aks etar

Porloq kelajak.

Tong yaqin, tong yaqin,

oppoq tong yaqin.

Bir nafas orom ol,

Uxla, jigarim.

Oq oydin tong oldi,

Uxlamoqdasen.

Lablaring shivirlar,

Izlamokdalar

Balki bir erkalash,

Bir ona boʻsa,

Ulugʻ oilaning

goʻdak farzandi,

bilib qoʻy endi:

Sen tezda ulgʻayib,

Olam kezasan.

Manglayda porlagan

Toleing – quyosh,

Butun yer yuzini

Qilur munavvar.

Haqorat yemrilur,

Zulm yanchilur,

Jahonda boʻlurmiz

Ozod, muzaffar.

Sen yetim emassan,

Mening Jigarim!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?