«Bu Vatanda bir Vatan qurmoqni istaydir koʻngil…»
Vatan bunyod etiladi. Vatan quriladi. Vatan ulugʻlanadi. Vatan himoya qilinadi, asrab-avaylanadi.
Vatanning ham obod qiladigan, gullab-yashnatadigan meʼmori boʻladi.
Meʼmor Vatan farovonligi, goʻzalligi, tinchligi, taraqqiyoti, xalqaro nufuzi, obroʻsi uchun masʼul, javobgar hisoblanadi. Bu vakolatni, ishonchni unga xalqi beradi.
Bu, bir tomondan, sharafli, ikkinchi tomondan — mashaqqatli, murakkab vazifadir. Behuda aytilmagan axir: Vatan yukini yuragida Vatani borlar koʻtaradi.
Oʻzbek xalqida oʻzi tugʻilib oʻsgan tuproqda, kindik qoni toʻkilgan yerda Vatan qurish odati bor. Chuqur oʻylab qarasak, mana shu kichkinagina oilamiz yashaydigan uyni bir umr quramiz. Butun oʻy-fikrimiz mana shu uyni tiklashga qaratiladi.
Aslida, mana shu uy, ostona — Vatanimizdir.
Afsuski, butun boshli Vatanni qurish, uni yangilash, oʻzgartirish, avlodlarga munosib meros qoldirish qanchalik ogʻir mehnatligini hammamiz ham anglab yetmaymiz. Uning zalvarini tasavvur qilolmaymiz. Fikr etolmaymiz.
Vatanimiz siyosiy kaltabinlik, uzoqni koʻra olmaslik, oʻz qobigʻiga oʻralib qolish oqibatida mustaqillikning oʻtgan chorak asri davomida strategiyasini, maqsadini, yoʻnalishini bir necha marta oʻzgartirdi. Faqat 2016-yilga kelib aniq maqsad, mustahkam va oʻzgarmas strategiya, maʼlum bir yoʻnalishimizni tanlab oldik. Bu yoʻldan qaytmasligimizni, chekinmasligimizni baralla eʼlon qildik.
Bugun Vatanimiz Oʻzbekiston va qoʻshni mamlakatlar oʻrtasida yechilmay qolgan biror muammo yoʻq. Oʻzbekiston dunyo hamjamiyati oldida ham oʻz burchi va majburiyatlarini chuqur his etadi.
Oʻzbekiston xalqaro maydonda ziddiyatlar yaratmaydi. Hech kimga tahdid solmaydi. Daʼvo qilmaydi. Aksincha, baʼzi bir tarixiy ziddiyatlarni ham oradan koʻtarish siyosatini yuritadi.
Markaziy Osiyoda erishilgan bugungi tinchlik, barqarorlik, oʻzaro hamjihatlik, chegaralarning ochilishi, bir-biriga xalaqit bermaslik, aksincha, koʻmaklashish, qoʻllab-quvvatlash, tarixiy qadriyatlarni, anʼanalarni tiklash negizida Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi muhim oʻrin egallaydi. Bu nafaqat bizning fikrimiz, balki xalqaro ekspertlarning, institutlarning ham eʼtirofidir.
2025-yil 26-yanvar, yakshanba kuni Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov oʻzining “Facebook”dagi sahifasida shunday post qoldirdi:
“Amirsoy”, Oʻzbekiston.
Mamlakatimiz hududining 94 foizi togʻlardan iborat. Yetti viloyatimizning har birida togʻ changʻili oromgohlar qurish mumkin edi. Lekin bizda bunaqa maskanlar deyarli yoʻq.
Chunki biz mustaqillikka erishganimizdan soʻng oddiy odamlardan tortib Prezidentlargacha faqat siyosat bilan shugʻullanganmiz. Har kuni miting yoki har kuni toʻy boʻlgan.
Bugun oʻylab qarasam iqtisodiyot, turizm va boshqa sohalarga mutlaqo eʼtibor qaratmaganmiz. “Amirsoy” togʻ-changʻi maskanini koʻrganimda cheksiz hayratga tushdim.
Mening hamkasbim Shavkat Mirziyoyev bu hayratlanarli maskanni yoʻq joydan barpo etibdi. Gap boʻlishi mumkin emas. Faqat “Yashang!” deya olaman. Qancha odam ish bilan taʼminlangan. Millionlab odamlar bu yerga dam olgani kelishadi. Xizmat koʻrsatish madaniyati Yevropa darajasidan hecham qolishmaydi.
Eng yuksak darajada…”
Qirgʻiz Respublikasi Prezidentining bu samimiy, doʻstona fikrlari Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tarixiy xizmatlariga berilgan munosib bahodir. Mazkur eʼtirof meni juda toʻlqinlantirib yubordi. Vatanimdan, Prezidentimdan faxrlandim.
Biz Oʻzbekistonda yuz berayotgan oʻzgarish va yangilanishlarga koʻnikib qoldik. Hatto tabiiy qabul qiladigan boʻldik. Bundan-da yaxshiroq sharoitlarni orzu qila boshladik. Oʻtmish mashaqqatlarini juda tez unutdik. Nazarimda baʼzi birovlarda shukr kamaygandek. Oʻrnini noshukrlik egallagandek...
Qoʻshni davlat rahbarining cheksiz hayratida ozgina armon, afsus-nadomat ham bor. Uning fikrlarini oʻqish davomida oʻzimga qator xulosalar chiqardim. Mamlakatimiz taraqqiyotning eng toʻgʻri yoʻlidan ketayotganiga ishonchim yanada mustahkamlandi. Notinchlik, ur-yiqitlar, oʻzaro ahillikning yoʻqotilishi qimmatga tushishini yana bir bor angladim.
Kun davomida koʻnglim koʻtarilib, ruhim tetiklashib, butun vujudimni gʻurur, quvonch va shodlik, hayotdan rozilik egallab oldi.
Darhaqiqat, Vatan qurish oson emas. Yoʻqdan bor qilish undan ham qiyin. Biz ham bunyodkorlarga tasannolar aytishimiz, “Yashang!” deyishimiz kerak.
Sayyohlik maskanlarini jahon va Yevropa standartlariga mos holda qurishning ham oʻzi boʻlmaydi, albatta.
Qiyinchiliklar haqqi-hurmati Vatan uchun bir dona gʻisht qoʻymasangiz, bir dona koʻchat ekmasangiz ham mayli… Faqat, Vatan shaʼnini saqlang. Vatan barpo etayotganlarning Vatanga boʻlgan muhabbatiga xiyonat qilmang.
Amirsoy — bu dengizdan bir tomchi. 2016-yildan shu bugungacha barpo etilgan gigant zavod va fabrikalar, maktablar, shifoxonalar, yoʻllar, koʻpriklar, sport inshootlari, temir yoʻllar, taʼlim dargohlari, butun boshli shaharlar... Sanab adogʻiga yetib boʻlmaydi ularning!
Yuqorida aytdik. Bizning koʻzimiz oʻrganib qoldi. Tashqaridan kelgan nufuzli mehmon, davlat va siyosat arbobi soʻzlarining magʻzini chaqishimiz, oʻzimizga xulosa chiqarib olishimiz kerak.
Bugun kechagi his-hayajonlarim bosilmasdan turib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva oʻzining “Facebook”dagi sahifasida eʼlon qilgan mana bu xushxabar meni juda quvontirdi:
“Men Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish jarayonidagi hozirgi holat haqida qisqacha maʼlumot bermoqchiman. 2024-yilda mamlakatimiz ushbu yoʻnalishda katta qadam tashladi.
Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan qatʼiy iqtisodiy islohotlar natijasida amalga oshdi. Xususan, oʻtgan yili JST Ishchi guruhi ikkita muhim yigʻilish oʻtkazdi. Bu bizga aʼzolikning asosiy hujjati — Ishchi guruh hisoboti loyihasini tayyorlashga kirishishga imkon berdi. Shuningdek, AQSH, Xitoy va Yaponiya kabi 15 ta mamlakat bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlandi. Natijada Oʻzbekiston hisobida 23 ta imzolangan bitim bor.
Qisqa vaqt ichida biznesni va raqobatni yanada shaffof etish uchun 20 ta muhim qonun qabul qilindi.
Tez orada tashkilotning toʻlaqonli aʼzosi boʻlish uchun joriy yilda ham biz shu surʼatda davom etamiz. Bu mamlakatimizning investitsion jozibadorligini oshirishi hamda oʻzbek biznesining mintaqaviy va global qoʻshilgan qiymat zanjirlariga kirib borishini taʼminlashi lozim.
JSTga aʼzolik va davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarning yakuniy maqsadi, shubhasiz, xalqimiz farovonligini taʼminlash, unga munosib ish oʻrinlarini yaratish va iqtisodiyot boshqaruvini samaraliroq tizimga oʻtkazishdir…”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz oldiga qanday ulugʻvor maqsadlarni qoʻyganini anglayapmizmi? Mamlakatimiz qaysi yoʻldan ketayotganini tushunyapmizmi? Bularni tahlil qilib, xalqimizga yetkazish kerak, albatta.
Mustaqil boʻlganiga salkam 35-yil toʻlgan mamlakatimiz nima uchun Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlmagan? Toʻgʻrisini tan olib aytadigan boʻlsak, 2016-yilgacha xalqaro tashkilot va institutlarning eshigi Oʻzbekiston uchun yopiq edi.
Bunday tashkilotlar bilan olib borilgan muzokaralar boshi berk koʻchaga kirib qolgandi. Xalqaro tashkilotlarni qoʻying. Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda ham hammadan ajralib, yakkalanib qolgandi. Oʻzining yaqin qardoshlari — tili bir, dini bir, qondoshlari bilan ham kelisha olmaydigan mamlakatga xalqaro hamjamiyat ham shubha bilan qarardi, ishonmasdi. Buning oqibatida biz muammolar girdobida qolib ketgan edik.
Bugun esa Vatanimiz qaddini tiklagan. Yoʻlini topib olgan tarixiy davrda yashayapmiz.
Afsuski, bunday kunlarimizni koʻrolmaydiganlar, nafaqat tashqarida, balki ichimizda ham bor. Ulardan ehtiyot boʻlishimiz, qutqusiga uchmasligimiz, aldanib qolmasligimiz, toʻgʻri yoʻldan adashmasligimiz juda-juda muhim...
Ikki kun ichida oʻqiganim — ikkita xushxabar menga xuddi qanot bagʻishlaganday boʻldi. Maqolamga sarlavha sifatida Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning oʻlmas satrlarini bejiz tanlamadim. Bu tuygʻular bugungi kunlarimizga qanchalar hamohang...
Prezident Shavkat Mirziyoyev butunlay yangi Vatan qurmoqda. Yangi Oʻzbekistonni barpo etmoqda. Bu Vatan chin maʼnoda bizning qanday xalq ekanimizni ifodalaydi, koʻrsatadi, butun dunyoga namoyish qiladi.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring