Bu yoʻllar bizni yorugʻ manzillarga eltadi

16:47 06 Avgust 2025 Jamiyat
198 0

Yangi va zamonaviy rusumdagi avtomobillar uchun ravon yoʻllar kerak. Kaftdek tekis hamda davlat standartlari talabiga mos barpo qilingan yoʻllar transport vositalari umrini uzaytiradi, manzilga bexavotir va tez yetib olishingizga imkoniyat yaratadi. Shu jihatdan yurtimizda iqtisodiyotning qon tomiri hisoblangan yoʻlsozlik sohasiga eʼtibor kuchaytirilmoqda. Bu saʼy-harakatlar hududlarni bogʻlovchi trassalardan tortib, mahalliy yoʻllargacha boʻlgan oʻzgarishlarda oʻz aksini topmoqda. Bugun barpo etilayotgan keng va ravon, zarur infratuzilmaga ega zamonaviy yoʻllar Vatanimizning 34-yillik qutlugʻ toʻyi arafasida uzukka koʻz qoʻyganday yarashib turibdi.

— Yoʻllarning ravonligi bu xalqimiz farovonligining ramzi,— deydi Namangan viloyat avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi boshligʻi Dilshodbek Sayfiddinov.— Eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz arafasida yoʻllar haqida soʻz ochmoq savoblidir. Chunki yoʻllar bizning oʻzimiz maqsad qilgan ulugʻ manzillar sari chorlaydi. Eʼtibor bering, viloyatimizda umumiy foydalanilayotgan 3229 kilometr avtomobil yoʻllari boʻlib, ularni tep-tekis holda saqlash, joriy taʼmirlash va atrofini koʻkalamzorlashtirish doimiy nazoratimizda. Aytish kerakki, keyingi yillarda yoʻlsozlikda zamonaviy andozalarga oʻtildi. Buning uchun zarur boʻlgan zamonaviy mashina va mexanizmlar olib kelinmoqda. Qurilish va taʼmirlash ishlariga ilgʻor texnologiya kirib kelyapti. Aholining eng koʻp eʼtirozi ichki yoʻllar muammosi bilan bogʻliq. Toʻgʻri, odamlarni qiynab kelgan qishda loy, yozda chang yoʻllar bor va ularga fayz kiritish borasidagi ishlarimiz jadal surʼatda davom etmoqda. Masalan, oʻtgan yilning oʻzida birgina “Tashabbusli byudjet” doirasida gʻolib chiqqan mahallalarning 564 kilometr uzunlikdagi ichki yoʻllariga asfalt yotqizib berildi.

Yirik loyihalardan biri — “Pungon-Namangan” avtomobil yoʻli qayta qurilmoqda. Xalqaro ahamiyatga ega bu trassani bugungi kun talablariga mos tarzda barpo etish ishlari davom etmoqda. Mamlakatimiz poytaxtini vodiy bilan bogʻlovchi “Fargʻona halqa yoʻli”ning bir qismi boʻlgan mazkur trassada ayni paytda bir kecha-kunduzda oʻrtacha 20 mingdan ziyod transport vositalari qatnamoqda. Keyingi paytlarda harakat oqimining jadal ortishi natijasida uning oʻtkazish qobiliyati pasaya boshladi. Albatta, bunday holat tirbandliklarni yuzaga keltirishi tabiiy. Shundan kelib chiqib 75 kilometr masofadagi yoʻlni rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha ishlab chiqildi. Oʻtgan yili ijrosiga kirishilgan 368 million dollar qiymatidagi ushbu loyiha Xitoyning “CITIC Construction” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

“Moliyalashtirish-loyihalash-qurish” tamoyiliga asoslangan avtoyoʻlni rekonstruksiyalash ishlari toʻrt yilga moʻljallangan boʻlib, ayni jarayonda qatnov tartibini ikki tasmalidan toʻrt tasmali sement beton qoplamaga oʻtkazish, yuk koʻtarish qobiliyatini amaldagi 10 tonnadan 13 tonnaga oshirish, transport vositalari kunlik harakat jadalligini oʻrtacha 40 mingtaga yetkazish koʻzda tutilgan.

Boshqa bir loyiha esa “Namangan shahri — Uchqoʻrgʻon” avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilishga yoʻnaltirilgan. Uychi tumani orqali Uchqoʻrgʻon va Norin tumanlarini viloyat markazi bilan bogʻlovchi 17,5 kilometr masofada yangi yoʻnalish boʻyicha qayta qurish rejalashtirilgan ushbu obyektning umumiy qiymati 184 milliard soʻmni tashkil etadi. Loyihada doirasida koʻprik qurilishi ham koʻzda tutilgan boʻlib, ayni paytda uning boshlangʻich shakl-shamoyili koʻzga tashlanib qoldi.

Safarning bexatar boʻlishi yoʻllarning ravonligi bilan chambarchas bogʻliq. Bunda transport vositalari harakatiga piyodalarning xalaqit bermasligiga ham ahamiyat qaratish kerak. Namangan shahrining Sardoba dahasida barpo etilayotgan osma koʻprik ayni maqsadga xizmat qiladi. Uni qurish hududda joylashgan katta bozor yonidagi tirbandlikni bartaraf etish zaruratidan kelib chiqqan. Uzunligi 38, eni 3 va asosiy yoʻldan balandligi 6 metrni tashkil qiladigan inshootni joriy yil oxiriga qadar bitkazish koʻzda tutilmoqda.

Xalqimiz orasida “yoʻl qurmoq savob”, degan ajoyib naql yuradi. Bu — bejizga aytilmagan. Chunki yoʻl iqtisodiyotimizning qon tomiri, ellarni, dillarni va koʻngillarni birlashtiruvchi muhim vosita. Qaysi mamlakatda yoʻllar kaftdek tekis va zamonaviy asosda barpo etilgan boʻlsa, oʻsha yurtda taraqqiyot ildam odimlayotgan boʻladi. Buni yurtimizdagi dilni yayratadigan misoli qora tasmadek biri-biridan silliq va tekis trassalar misolida yaqqol kuzatish mumkin. Yoʻllarimizning obodligi inson qadrini ulugʻlashning bir koʻrinishi va hayotimiz farovonligi timsoli, desak sira mubolagʻa emas. Zero, Yangi Oʻzbekistonga aynan shu yoʻllar orqali boriladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?