“Bu holatni qabul qilib boʻlmaydi”: Isroil askarlari Gʻarbiy Sohildagi qochqinlar lagerini koʻzdan kechirayotgan xorijiy diplomatlarga qarata oʻq uzdi

11:59 22 May 2025 Dunyo
164 0

Isroil askarlari Gʻarbiy Sohildagi Jenin qochqinlar lagerini koʻzdan kechirish uchun kelgan 20 dan ortiq yevropalik va arab delegatsiyasi diplomatlariga qarata oʻq uzdi. Bu haqida “Al Jazeera” nashri xabar berdi.

Bildirilishicha, Isroil harbiylari mazkur holatni izohlar ekan, delegatsiya vakillari tasdiqlangan yoʻnalishdan chiqqanligi sababli ularga qarata ogohlantiruvchi oʻq uzishga toʻgʻri kelganini aytishgan. Jenin shahri meri Isroil harbiylarining bu bayonotini rad etib, delegatsiya vakillarining hudud boʻylab harakatlanish yoʻnalishlari Isroil tomoni bilan avvaldan kelishib olinganini maʼlum qilgan.

Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas mazkur hodisani keskin qoralab, Isroil hukumati rasmiylaridan harbiylarining bu harakatiga huquqiy baho berishni, tezlik bilan tergov oʻtkazishni talab qilgan. Bundan tashqari, Iordaniya, Misr, Turkiya, Daniya hamda Qatar rasmiylari ham Isroil askarlarining xorijiy diplomatlarga nisbatan oʻq uzganini qoralagan.

Shuningdek, Kanada bosh vaziri Mark Karnining taʼkidlashicha, 21-may, chorshanba kuni sodir boʻlgan ushbu voqea yuzasidan tushuntirish olish maqsadida mamlakatdagi Isroil elchisi chaqirilgan. Elchiga Isroilning bu harakatini qabul qilib boʻlmasligi, zudlik bilan hodisaga sababchi boʻlganlarni tergov qilish lozimligi aytilgan.

Xorijiy diplomatlarning Isroil askarlari tomonidan oʻqqa tutilishi ortidan Meksika tashqi ishlar vazirligi ham oʻz munosabatini bildirdi.

“Boʻlib oʻtgan voqea diplomatik vakillarning daxlsizligini belgilovchi Diplomatik munosabatlar toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasining 29-moddasi qoidalarini buzadi. Yuqorida qayd etilgan Konvensiyaga aʼzo boʻlgan barcha davlatlar, jumladan, Isroil ham uni hurmat qilishga majbur”, — deyiladi Meksika TIV bayonotida.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Jenin qochqinlar lagerini koʻzdan kechirish uchun kelgan delegatsiya aʼzolaridan hech kim jarohat olmagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?