“Bu gʻazalni zeri mashqidur Navoiy daftari”

15:22 09 Fevral 2025 Jamiyat
210 0

Asrlardan asrlarga, nasllardan nasllarga oʻtib, barhayot yashash ulugʻlargagina nasib etadigan baxt. Atoqli davlat va jamoat arbobi, sheʼriyat mulkining sultoni Alisher Navoiy ana shunday saodatga muyassar boʻlgan zotlardan biri.

Hazrat Navoiyning taʼsir maydoni chegara bilmaydi. Bu haqda shoir: Xitoydan to Xurosongacha boʻlgan yurtlarni qoʻshin tortmay qoʻlga kiritdim, deganida ayni haqiqatni aytgan. Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov esa: “Temur tigʻi yetmagan joyni, qalam bilan oldi Alisher”, deya mazkur fikrni yana bir bor tasdiqlagan.

Buyuk shoir hayoti va ijodini oʻrganish, targʻib etish masalalariga davlat miqyosidagi eʼtibordan gʻururlansak arziydi. Bugun bogʻchadan tortib, doktoranturagacha boʻlgan barcha bosqichda Alisher Navoiy hayoti va ijodini oʻrganish tobora chuqur ahamiyat kasb etmoqda. Filologiya fakultetlarida Navoiyshunoslik fani oʻqitilyapti. Har yili ulugʻ bobomiz tavallud kuniga bagʻishlangan xalqaro va respublika miqyosida anjuman hamda simpoziumlar oʻtkazilyapti. Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tomonidan qator xayrli ishlar amalga oshirilayotir.

Darhaqiqat, ulugʻ bobomizning ilm-fan va badiiy ijod sohasida amalga oshirgan ishlari, jumladan, nazm, nasr, din, tasavvuf, adabiyotshunoslik, tilshunoslik yoʻnalishlarida yaratgan durdona asarlari asrlar osha butun bashariyatni hayratga solib kelmoqda. Qolaversa, uning oʻz davrida davlat arbobi, muhrdor, vazir, olim, hokim sifatida nom qozonib, xalq qalbiga quloq tutib, xalqparvar inson timsolida tarixda qolgani, yurt tinchligi, farovonligi, obodligi yoʻlidagi ezgu va xayrli ishlari biz, avlodlar uchun ibrat namunasidir.

Alisher Navoiy ijodini oʻrganish shoir tirikligi davridayoq
boshlangan. Bobomiz ulugʻlar tahsiniga erishgan zotdir. Shoirning faoliyatidagi har bir ishi ustozlar eʼtirofiga sazovor boʻlgan.

Bu haqda Abdurahmon Jomiy yuksak ehtirom bilan: “Yaxshiyam, Navoiy oʻz asarlarini turkiyda yozdi, agar forsiy tilda yozganida bormi, bu maydonda muqim turmoqqa hech kimning majoli qolmas edi”, deya eʼtirof etgan edi. Shu maʼnoda, aytish mumkinki, Alisher Navoiy hamma zamonlarning shoiri. Soʻz sanʼati vakillarining barchasi uni oʻzlariga ustoz deb bilganlar.

Olimlarning eʼtirof etishlaricha, hazrat Navoiy ijodidan taʼsirlanish Qoʻqon adabiy muhiti shoirlari ijodida yaqqol kuzatiladi. Mazkur muhitning asoschisi Umarxon Amiriydan tortib, Nodira, Uvaysiy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Charxiy, Sobir Abdulla va Anvar Yunusgacha Alisher Navoiy maktabidan saboq olgan, bu maktab taʼsirida kamolot kasb etgan. Adabiyotshunos Abdurauf Fitratning qayd etishicha: “Qoʻqon xoni Umarxon tegrasida yigʻilgan shoirlarning hammalari Navoiyning sodiq shogirdlari boʻlib qoldilar”.

Taniqli rus sharqshunosi A. N. Samoylovich: “Men Navoiy bilan yangi davr ijodkorlari, Xiva va Qoʻqon adabiy muhiti vakillari orasida uning zamondoshlari Bobur va Husayniyga nisbatan hamohanglik kuchliligini angladim”, deb yozadi. Ayni jihatdan, “Alisher Navoiy va Qoʻqon adabiy muhiti” oʻzbek adabiyotshunosligining har tomonlama keng va chuqur oʻrganilishini kutib turgan muhim va yirik mavzularidan biri hisoblanadi. Alisher Navoiy shaxsiyati va sheʼriyatining Umarxon Amiriy ijodiga taʼsiri ana shu katta mavzuning bir qismidir.

Amiriy buyuk ustod dahosiga oʻzgacha mehr bilan qaradi. Alisher Navoiy yaratgan “shavqangiz va muhabbatomiz” gʻazallar, ulardagi goʻzal ifodalar, “rangin va tahsin qofiyalar” uning diqqatini oʻziga koʻproq tortgan edi. Amiriy ham “Navoiy daftari”, yaʼni ulugʻ oʻzbek shoiri devonlarini havas va hayrat bilan mutolaa etib, ularni mahorat maktabi sifatida qabul qilgan. Shoir merosiga qanchalik chuqur kirib borsak, uning Navoiy ijodidan bahramandligini shunchalik teran anglaymiz. Bir sheʼrida:

Bir paripaykar xati laʼlini sharh ettim, Amir,

Bu gʻazalni zeri mashqidur Navoiy daftari, —

deb yozgan Amiriy sanʼatkor shoir gʻazaliyotidagi yetakchi belgilarni chuqur anglagan va uni oʻzi uchun mahorat maktabi deb bilgan. Amiriy Alisher Navoiy gʻazallariga tatabbular qilib, taxmislar bogʻlabgina qolmay, isteʼdodli shogird sifatida ustoz soʻz sanʼatkori asarlaridan taʼsirlanib, uning yoʻlida qator gʻazal va baytlar yaratgan, koʻnglida aks sado berib ilhomlantirgan fikrlarini davom ettirgan va rivojlantirgan, u qoʻllagan timsolu tashbehlarning yangidan-yangi qirralarini ochgan.

Alisher Navoiy bir baytida mubolagʻa sanʼatini haddi aʼlosiga yetkazib, xasdek jismim bilan gʻam togʻini koʻtarishga bel bogʻladim, lekin devor orasidagi somon kabi uning ostida qoldim deydi:

Koʻhi gʻam tortargʻa xasdek jism ila bel bogʻladim,

Ostigʻa qolmishmen andogʻkim samon devor aro.

Amiriy esa bu tashbehga ham yangilik qoʻshadi — togʻ ostida qolgan shisha kabi koʻnglim dard togʻi ostida behuda sabr qilib yotibdi:

Shishaye togʻ ostida qolgʻon — bu yangligʻ beasar

Boʻldi koʻnglum koʻhi darding ostida sabrozmo.

Alisher Navoiy gʻazallarida oshiqning maʼshuqa husnini bir koʻrib, “surati devor”, “naqshi devor” boʻlib qolganligi haqidagi tasvirlar koʻp uchraydi. Quyidagi bayt bu mavzudagi baytlarning eng mashhuri hisoblanadi:

Keldi Chin naqqoshi ul yuz naqshini qilmoqqa tarh,

Chehra ochib, naqshi devor aylading naqqoshni.

Amiriyning ayni mazmundagi bir necha baytlari mavjud. Aytaylik, quyidagi baytda “Bu shaklu bu shamoyil bilan noz bazmi aro kirib, sarvqomatlarning barchasini soyai devorga aylantirding desa:

Bu shaklu bu shamoyil birla bazmi noz aro kirding,

Sihi qadlarni qilding soyai devor, xush kelding.

Mana bu baytda “Ul oy kabi goʻzalning zebo suratini koʻrib, uning oldida oʻzimni surati devorga oʻxshatdim”, deb lutf etadi:

Koʻrub ul oyning zebo suvratini, qolmadi hushim,

Oʻzumni bu jihatdin suvrati devora oʻxshattim.

Boshqa baytda esa “Ishq ichra bir pari hijronida hayrat mayini simirib, menday surati devorga aylangan yana bir kishi bormi?” deb mubolagʻa qiladi:

Kimdurur ishq ichra mendek bir pari hijronida

Suvrati devor yangligʻ sogʻari hayrat chekan.

Alisher Navoiy sheʼriyatida meni jondan judo qilguncha jonondan judo qil mazmunidagi qator baytlar uchraydi. Jumladan:

Hajr oʻlumdin talx emish, mundin soʻng, ey gardun, meni

Aylagil jondin judo, qilgʻuncha jonondin judo.

Amiriyning quyidagi baytida salafining ayni mazmundagi baytlari aks sadosini koʻramiz:

Hajr oʻlmakdin batardur, oshiqu bexonumon

Jondin ayrilsun, ammo yoridin ayrilmasun!

Maʼlumki, sheʼriyatda baʼzi narsa-hodisalar, hayvon va oʻsimliklar oʻz tabiatiga koʻra istiora tarzida inson, uning holati, xatti-harakatining timsoliga aylanib ketgan.

Alisher Navoiy ijodida ham bunday timsollarning butun bir silsilasini koʻramiz: sham, parvona, quyun, singan safol, sipand va hokazo. Chunonchi, quyun obrazi shoir ijodida haddi aʼlosida qoʻllangan — u sarson-sargardon, dalli-devona, besabru toqat oshiq timsoli boʻlib keladi. Xususan, quyidagi baytida u “Oʻzligim qafasini buzib chiqish uchun oʻzimni har yonga uraman, zero, dard vodiysida sargardon quyun kabi bir ahvoldaman”, deb mubolagʻa qiladi:

Toʻlgʻanurmen oʻzlugumdin chiqgʻali bukim erur,

Dard vodiysida sargardon quyundek hayʼatim.

Mana bu baytida esa “Ey doʻst, mabodo Majnun ishq dashtida meni soʻrab qolgudek boʻlsa, u bu vodiyda quyundek sargardon boʻlib yoʻqolib ketdi deb ayt”, deya lutf etadi:

Soʻrsa Majnun ishq dashtida meni, ayt, ey rafiq —

Kim, quyundek itti bu vodiyda sargardon boʻlub.

Amiriy ijodida ham ayni timsolning faolligini koʻramiz. Misol uchun quyidagi baytda “Ishq dashtida menga duch kelgan Majnun: “Bu vodiy ichra charx urgan quyunmi yoki ishq yoʻlida tuproqqa aylangan jismingning gʻuborimi?” deb soʻradi”, deya mubolagʻa qiladiki, u salafining yuqoridagi baytdagi fikrni rivojlantirib, toʻldirib keladi deyish mumkin:

Mani sargashta koʻrgach, ishq dashtida dedi Majnun:

“Quyunmudur bu vodiy ichra sargardon gʻuboringmu?”.

Tahlillardan maʼlum boʻladiki, Amiriy Alisher Navoiy asarlarini sevib mutolaa qilgan, ijodxonasidan mahorat sabogʻini olgan, oʻziga kuchli taʼsir koʻrsatib, joʻshqin ilhom bagʻishlagan gʻazallariga tatabbular qilgan, taxmislar bogʻlagan, ular taʼsirida baytu misralar tuzgan. Ustoz soʻz sanʼatkori yaratgan obrazlarning yangi qirralarini namoyon etgan, badiiy sanʼatlarni avj nuqtaga koʻtargan, matlani goʻzal tarzda shakllantirish sabogʻini oʻzlashtirgan.

Zebo QOBILOVA,

Qoʻqon universiteti ilmiy ishlar va

innovatsiyalar boʻyicha prorektori,

filologiya fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер