“Bu dunyoda eng yorugʻ baxt — el tinchidir”

18:49 25 Aprel 2024 Madaniyat
523 0

26-aprel — Oʻzbekiston xalq shoiri

Muhammad Yusuf tavallud topgan kun

Yurtimizda Muhammad Yusuf ijodidan bexabar, kitoblarini oʻqimagan, sheʼrlarini yod olmagan yoxud ular asosida bastalangan qoʻshiqlarni tinglamagan odamning oʻzi topilmasa kerak.

Shoir qisqa umr koʻrganiga qaramay butun hayotini mana shu yurt, xalq dard-u tashvishida oʻtkazdi, yonib yashadi, otashin ashʼorlar bitdi. Bu bitiklar hali asrlar osha xalq qalbida jaranglab turadi.

OʻZINGDAN QOʻYMASIN, XALQIM

Qushday uchib quchogʻingdan dunyo kezdim,

Kezib-kezib topganlarim sogʻinch boʻldi.

Qancha olis ketsam shuncha qadring sezdim,

Qayda yursam yodi mehring ovunch boʻldi.

Aylanayin qaro qosh-u koʻzingdana,

Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim, oʻzingdana.

Birov uchun birovlar tush koʻrib bermas,

Minnat qilmay bir bogʻ oʻtin oʻrib bermas.

Bayramingda oylab bazm qilgan kaslar

Boshingga ish tushsa turib bermas.

Nomus kuyi tushmasin hech boʻgʻzingdana,

Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim, oʻzingdana.

Erk vodiysi — zahmatlarga siylovdir bu,

Toy qoqilib ot boʻlguvchi yaylovdir bu,

Ranj chekmasang nurli-nurli tonglar qayda

Sinovdir bu, balki buyuk sinovdir bu.

Bosh ketsa ham qaytma endi soʻzingdana,

Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim, oʻzingdana.

Boldan shirin tatir qora bugʻdoying ham,

Oʻzingdan boʻlsa gar shoh-u gadoying ham.

Bir tan-u jon, bir-biringdan rozi yursang,

Xudoyim ham sendan rozi, Xudoyim ham.

Gohi ipak, gohi yaktak, boʻzingdana,

Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim, oʻzingdana.

Er boshiga ish tushsa oʻt kechguvchidir,

Chidaymizda, bu zahmatlar oʻtkinchidir.

Hurliging haq — qolgan bari oʻtaversin,

Bu dunyoda eng yorugʻ baxt — el tinchidir.

Ayirmasin beminnat non, tuzingdana,

Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim, oʻzingdana.

TILAK

Har kimsaning boʻlsin oʻzin boshpanasi,

Har kimsa oʻz kulbasida davrin sursin.

Odamni-ku aytmay turay, bu dunyoda

Hatto, qushning yot butoqda ini qursin.

Tirik inson bir kuni och, bir kun toʻqdir,

Bir kun toʻkin, bir kun burda noni yoʻqdir.

Bir oʻgʻil-u otasiz ham kunin koʻrgay,

Otasi yoʻq xalqning koʻrgan kuni qursin!..

Garchi boshin eggani yoʻq edik bizlar,

Ekkanidan tekkani yoʻq edik bizlar.

Vatanida vatani yoʻq edik bizlar…

Oʻsha zulmat oʻtmish, sening uying kuysin.

Oʻz elingda endi hushing, oʻzing chogʻla,

Oʻz qoʻlingda endi qushing, oʻzing ovla.

Oltinlaring tirnoqlaring bilan kavla,

Va yigʻib qoʻy! Bolalaring uchun tursin.

Beshiklarga toʻlib ketsin bir oʻzbeklar,

Tili chiqmay koʻzi chaqnar hur oʻzbeklar —

Davlatbeklar, Eʼtiqodbek, Iymonbeklar

Bobojon, deb soqollaring silab tursin.

Men bu sheʼrni yozganim yoʻq atay oʻylab,

Men sheʼr yozdim gurkiragan yurtga boʻylab.

Shunday yurtni Xudoyimning oʻzi qoʻllab,

Shunday yurtni Xudo oʻzi asrab yursin!..

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер