“Bu aql bovar qilmaydigan darajada qoʻrqinchli edi” — Kamchatkada yuz bergan kuchli zilzila haqida nimalar maʼlum
Shu yilning 30-iyul kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 11:30 da Kamchatka yaqinida 1952-yildan beri eng kuchli zilzila sodir boʻldi. Uning magnitudasi 8,8 ni tashkil etdi. Zilzila epitsentri Tinch okeanida, Petropavlovsk-Kamchatskiydan 161 km sharqda, 32 km chuqurlikda joylashgan.
Petropavlovsk-Kamchatskiy gubernatori Vladimir Solodovning baʼkidlashicha, bu butun instrumental davrdagi eng kuchli zilzila boʻlgan.
Rossiya Fanlar akademiyasining Yagona geofizika xizmatining mahalliy boʻlimining taʼkidlashicha, asosiy zilziladan keyin 2-5 ball intensivlikdagi yana 30 ta silkinishlar sodir boʻlgan.
Rasmiylar zudlik bilan sunami xavfi haqida eʼlon qildi va xizmatlar va boʻlimlar ishini muvofiqlashtirish uchun mintaqaviy shtab tuzdi. Bundan tashqari, davlat hududiy muassasalarida ish kuni qisqartirildi.
Yer silkinishlari Saxalin viloyatida ham sezilgan. Severo-Kurilskda mahalliy aholi potensial xavfli zonadan balandroq joyga olib ketilgan. Bundan tashqari, baland toʻlqinlar shaharning qirgʻoqboʻyi qismiga kelib urilgan. Zilziladan keyin Kamchatkaning Yelizovskiy tumanida, Vodopadnaya ob-havo stansiyasi yaqinida 3-4 m balandlikdagi sunami ham qayd etilgan.

“Atrofdagi hamma narsa, jumladan, oyogʻim ostidagi asfalt larzaga tushdi”
Petropavlovsk-Kamchatskiyning ayrim tumanlarida yer silkinishlari 7-8 ball kuchda sezildi, deya xabar berdi Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi hududiy boshqarmasi. Boshqarmaning maʼlum qilishicha, binolarga jiddiy zarar yetmagan, qurbonlar yoʻq.
Galina ismli mahalliy fuqaroning aytishicha, u zilzila vaqtida tashqarida boʻlgan va darhol koʻchaga yugurib chiqqan.
“Bu qoʻrqinchli, aql bovar qilmaydigan darajada qoʻrqinchli edi. Atrofdagi hamma narsa, jumladan, oyogʻim ostidagi asfalt larzaga tushdi. Yonimda baʼzi odamlar vahima ichida qichqirishdi, baʼzilari hatto yigʻlab duo qilishdi. Bu taxminan 15 daqiqa davom etdi”, — deydi Galina. Uning qoʻshimcha qilishicha, odamlar bir necha soatdan beri uylariga borishga qoʻrqmoqda. Baʼzilar yozgi uylariga ketishgan, shuning uchun ham shaharda tirbandliklar qayd etildi.
Bundan tashqari, zilzila oqibatida Petropavlovsk-Kamchatskiy shahridagi 15-sonli bolalar bogʻchasi binosining devori qulagan. Gubernatorning aytishicha, oʻsha paytda hech kim boʻlmagan.
1-sonli shahar bolalar poliklinikasida ham zarar qayd etilgan, uning ishi vaqtincha toʻxtatilgan.
“Zilzila yetkazgan moddiy zararning umumiy qiymati bir hafta ichida maʼlum boʻladi”, — deydi Solodov.
“Amur Mash” nashri xabariga koʻra, zilzila paytida Petropavlovsk-Kamchatskiydagi Yelizovo yangi aeroportida shift panellari yoʻlovchilar ustiga qulagan. Aeroportdagi ayollardan biri boshidan jarohat olgan. Viloyat Sogʻliqni saqlash vazirligi uning ahvolini qoniqarli deb baholadi. Rossiya sayyohlik sanoati ittifoqi sayyohlar orasida qurbonlar yoʻqligini maʼlum qildi.
Solodovning taʼkidlashicha, viloyatda sogʻliqni saqlash tizimi shay holatga keltirildi. Petropavlovsk-Kamchatskiydagi zilziladan soʻng tez yordam brigadalariga murojaatlar soni koʻpaygan. Bemorlar yuqori qon bosimi, aritmiya va epilepsiyadan shikoyat qilganlar.
Viloyat onkologiya markazida tabiiy ofat sodir boʻlgan vaqtda shifokorlar operatsiya oʻtkazayotgan edi. Ular bemorni tashlab ketmaganlar va yordam berishda davom etganlar. Rasmiylar shifokorlarni davlat mukofotlari bilan taqdirlash niyatida.

Toʻrtta sunami toʻlqini va Saxalindagi oqibatlar
Zilziladan keyin Paramushir orolidagi Severo-Kurilskda favqulodda holat eʼlon qilindi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, zilzila Severo-Kurilsk viloyatida 4-5 magnitudada sezilgan. Pechka quvurlari va ventilyatsiyani qisman zarar yetgan.
“Moʻrilar mashinalar ustiga qulab tushdi. Xudoga shukur, faqat mashinalarga. Jabrlanganlar yoʻq”, — deydi qutqaruvchi boʻlib ishlaydigan mahalliy fuqaro Aleksandr.
Uning soʻzlariga koʻra, vayronagarchilik tufayli ayrim xonadonlar yashash uchun yaroqsiz holga kelgan. Shu munosabat bilan Severo-Kurilskda Saxalinskaya koʻchasida chodirlar shaharchasi tashkil etilmoqda.
Viloyat gubernatori Valeriy Limarenko shahar elektr va suv taʼminoti tarmogʻiga zarar yetgan boʻlishi mumkinligini inkor etmadi. Hozirda Severo-Kurilskda elektr taʼminoti uzilgan.
Sunami xavfi eʼlon qilingandan soʻng, koʻpchilik Alperin tepaligiga va oʻt oʻchirish stansiyasi yaqinidagi tepalikka evakuatsiya qilindi. TASS xabariga koʻra, jami 2700 ga yaqin odam, jumladan, salkam 600 nafar bola Kuril orollaridagi xavfsiz hududlarga koʻchirilgan.
Severo-Kurilskiy tumanida bir nechta sunami toʻlqinlari qayd etilgan. Shahar porti va “Alaid” baliqchilik korxonasi suv ostida qolgan.
Bundan tashqari, sharqiy qirgʻoqda joylashgan Rossiya geografiya jamiyatining kichik chodir lagerini suv olib ketdi. Odamlar oʻz vaqtida ogohlantirildi va hech kim jabrlanmadi, deya taʼkidladi viloyat maʼmuriyati.
“Toʻrtta sunami toʻlqini 200 m gacha chayqalish bilan oʻtdi. Sunami xavfi boʻlgan hududda haligacha sunami haqida ogohlantirish oʻchirilmagan – bu portga tutash hududlar”, — deydi tuman hokimi Aleksandr Ovsyannikov.
Qutqaruvchi Aleksandrning soʻzlariga koʻra, sunami toʻlqinlaridan birining balandligi toʻrt metrni tashkil etgan.
“Zilzilalar hali ham davom etmoqda, yaʼni ular tinchlanmayapti — har bir necha daqiqada ular yana boshlanadi — har xil chastotada va har xil kuchda”, — deydi u.
Limarenkoning aytishicha, hozirda silkinishlar kuzatilmoqda, Saxalindagi zilzila dinamikasi pasaymoqda.

Zilzilaga sabab — quyosh faolligining oshishi
Rossiya Fanlar akademiyasi Yagona geofizika xizmatining Baykal boʻlimi direktori Yelena Kobelevaning soʻzlariga koʻra, Kamchatkadagi kuchli zilzila quyosh faolligi oshishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
“Men buni quyosh faolligi oshishi bilan bogʻlaydigan koʻplab hamkasblarimning fikriga qoʻshilaman. Biz tez-tez magnit boʻronlarini eʼlon qilamiz va quyosh chaqnashlarini qayd qilamiz”, — dedi u.
Kamchatka zilzilasining tasiri butun dunyoda sezilgan. Yaponiya, Xitoy, Indoneziya, AQSH, Peru, Meksika va Chilida sunami haqida ogohlantirishlar eʼlon qilindi. Yaponiyada bir nechta kitlar qirgʻoqqa chiqib ketishdi.
Rossiya Fanlar akademiyasi Yagona geofizika xizmatining Kamchatka boʻlimi kuchli zilzilalar kamida yana bir oy davom etishi haqida ogohlantirdi. Ularning magnitudasi 7,5 ballga yetishi mumkin. Bunday zilzilalar Petropavlovsk-Kamchatskiyda 5-6 ball tebranishlarga va xavfli sunamiga olib kelishi mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring