Bryusselda “Fuqarolik jamiyati haftaligi – 2025” tadbirlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda

10:11 18 Mart 2025 Siyosat
127 0

Joriy yilning 17-20-mart kunlari Yevropa Ittifoqining Iqtisodiy va Ijtimoiy Qoʻmitasi tomonidan Bryussel shahrida “Fuqarolik jamiyati haftaligi – 2025” xalqaro tadbirlari oʻtkazilmoqda. Ushbu nufuzli anjumanda Oʻzbekiston fuqarolik jamiyati delegatsiyasi, jumladan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari ham ishtirok etmoqda.

Tadbirda inklyuzivlik, demokratik ishtirok va hamkorlikni rivojlantirish kabi muhim masalalar muhokama qilinayotgan boʻlib, fuqarolik jamiyatining global miqyosdagi oʻrni va roli, innovatsion yondashuvlar hamda ilgʻor tajribalarga eʼtibor qaratilmoqda. Anjuman Yevropaning barcha mamlakatlaridan yetakchi fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, YIga aʼzo davlatlar hukumat vakillari, xalqaro tashkilotlar mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari ishtirokida oʻtmoqda.

Oʻzbekiston delegatsiyasi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish va fuqarolarning jamiyatdagi faol ishtirokini oshirish masalalari boʻyicha tajriba almashmoqda. Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, inklyuziv jamiyat qurish borasidagi yutuqlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida xalqaro hamjamiyat bilan fikr almashilmoqda.

Tadbir doirasida delegatsiya xorijiy ekspertlar bilan muloqotlar oʻtkazib, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilmoqda. Xalqaro hamkorlik Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yangi bosqichiga zamin yaratishi va demokratik jarayonlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?