Britaniyalik mashhur bokschi Entoni Joshua avtohalokatga uchradi

21:13 29 Dekabr 2025 Dunyo
350 0

Videodan kadr

Professional boksning super ogʻir vazn yulduzi Entoni Joshua Nigeriyada avtohalokatga uchradi. U bilan birga mashinada boʻlganlarning ikki nafari vafot etgan.

Maʼlumotlarga koʻra, britaniyalik bokschi harakatlanayotgan avtomobil dushanba kuni soat 11:00 atrofida Nigeriyadagi Lagos–Ibadan avtomagistralida (Ogun shtati) yoʻl chetida toʻxtab turgan transport vositasiga borib urilgan. Ogun shtati politsiya komissari Lanre Ogunlovoning aytishicha, Joshua va uning haydovchisi turli darajada jarohat olgan va shifoxonaga olib ketilgan.

Politsiya rasmiy bayonotida qayd etilishicha, “Lexus” rusumli avtomobilda orqa oʻrindiqda oʻtirgan Entoni Joshua yengil tan jarohati olgan. Afsuski, mazkur mashinada boʻlgan yana ikki yoʻlovchi voqea joyida halok boʻlgan. Marhumlarning jasadlari Sagamu shahridagi “Livewell” shifoxonasi morgiga topshirilgan. Politsiya marhumlar oilalariga taʼziya bildirib, hodisa yuzasidan toʻliq tergov boshlanganini maʼlum qildi.

Nigeriya Federal yoʻl harakati xavfsizligi korpusi maʼlumotiga koʻra, toʻqnashuvda jami besh nafar katta yoshli erkak ishtirok etgan. Ulardan ikki nafari halok boʻlgan, bir kishi jarohat olgan, ikki nafari esa jabrlanmagan. Entoni Joshua jiddiy jarohat olgan boʻlishi mumkin, lekin hayoti xavf ostida emas.

Dastlabki xulosalarga koʻra, haydovchi avtomobil tezligini meʼyoridan oshirib harakatlangan va quvib oʻtish qoidalarini buzgan paytida boshqaruvni yoʻqotib, yoʻl chetida toʻxtab turgan yuk avtomobiliga borib urilgan. Mutasaddilar aynan yuqori tezlik va notoʻgʻri quvib oʻtish Nigeriya yoʻllaridagi eng asosiy halokat sabablaridan ekanini taʼkidlamoqda.

Maʼlumot uchun, britaniyalik 36 yoshli Entoni Joshua asli nigeriyaliklar oilasida tugʻilgan boʻlib, Sagamu shahri bilan yaqin oilaviy aloqalarga ega. U 20-dekabr kuni 15 oylik tanaffusdan soʻng bloger-bokschi Jeyk Polni oltinchi raundda nokautga uchratgan edi. Joshua kelasi yil yana bir sobiq jahon chempioni Tayson Fyuriga qarshi jang qilishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер