Britaniyada bolalarni sunnat qilish zoʻravonlik shakli sifatida belgilanishi mumkin

16:48 10 Yanvar 2026 Dunyo
425 0

Illyustrativ foto

Buyuk Britaniyada prokurorlar tayyorlanayotgan yangi qoʻllanmada bolalarni sunnat qilish ularga nisbatan zoʻravonlikning ehtimoliy shakli sifatida belgilanishi mumkin. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu hujjat sudyalar va koronerlar sunnat oqibatida bolalar oʻlimi va ogʻir shikastlanishlar qayd etilgani yuzasidan bildirgan xavotirlaridan soʻng ishlab chiqilgan. Qirollik prokuratura xizmati (CPS) tayyorlagan hujjat loyihasida sunnat koʻkrakni tekislash, bokiralikni tekshirish, gimonoplastika va jin chiqarish marosimlari bilan bir qatorda ehtimoliy jinoyat sifatida tilga olingan.

Taʼkidlanishicha, ayollar jinsiy aʼzolarini jarohatlashdan farqli oʻlaroq, erkaklar sunnati boʻyicha alohida jinoiy modda mavjud emas. Biroq hujjatda sunnat notoʻgʻri yoki nomaqbul sharoitda amalga oshirilsa, ogʻriqli va xavfli amaliyot boʻlishi, bolaga nisbatan zoʻravonlik yoki shaxsga qarshi jinoyat sifatida baholanishi mumkinligi qayd etilgan. Oxirgi yillarda bunday holatlar boʻyicha koronerlar tomonidan bir necha bor ogohlantirish berilgan.

Rasmiy statistikaga koʻra, 2001-yildan beri Buyuk Britaniyada 18 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimi bilan bogʻliq yetti holatda sunnat qilish asosiy omil sifatida koʻrilgan. Ularning kamida uchtasi chaqaloqlarning qon ketishi oqibatida halok boʻlishi bilan yakunlangan.

Musulmon va yahudiy jamoalari vakillari esa hujjatdagi iboralardan xavotir bildirib, sunnatning diniy va madaniy ahamiyatini himoya qilmoqda. Ular sunnat qilish oʻz-oʻzidan bolalarga nisbatan zoʻravonlik sifatida talqin qilinmasligi, ammo nazorat va xavfsizlik choralari kuchaytirilishi lozimligini taʼkidlagan. Musulmonlar kengashi va yahudiy tashkilotlar malakali mutaxassislar, yagona akkreditatsiya tizimi va qatʼiy standartlar joriy etilishini qoʻllab-quvvatlamoqda.

Ayni paytda ayrim shifokorlar va huquq himoyachilari bolalarni sunnat qilish faqat tibbiy zarurat boʻlganda va shifokorlar tomonidan amalga oshirilishi kerak, deb hisoblaydi. Ular bolalarning sogʻligʻini himoya qilish uchun qonunchilik va nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, xavfli holatlarning oldini olishni ustuvor vazifa sifatida koʻrmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?