Bozor mexanizmlari erkin va shaffof ishlasa...

11:23 19 Fevral 2026 Jamiyat
217 0

Mamlakatimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Bu bosqichda iqtisodiyotni chuqur va izchil modernizatsiya qilish, xususiy mulk huquqlarini himoyalash, tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bunda albatta, tadbirkorlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish, monopoliyalarni cheklash, bozor ishtirokchilari uchun teng shart-sharoitlarni taʼminlash hamda bozor mexanizmlarining erkin va shaffof ishlashini yoʻlga qoʻyish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisining jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha maslahatchisi Otabek Usmonov fikrlari bilan qiziqdik.

—Ichki bozorda ochiq va adolatli raqobat tizimini taʼminlash mamlakat taraqqiyotining eng muhim sharti,— deydi Otabek Usmonov. — Bu milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti tamoyillari bilan uygʻunlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimizning 2025-yil 28-fevraldagi PF–35-sonli Farmoniga muvofiq, eksklyuziv huquqlar faqat alohida istisno holatlarda, jumladan jamoat xavfsizligi, aholi sogʻligʻini saqlash, milliy mudofaa manfaatlari, tabiiy ofatlar yoki epidemiyalar davrida va qatʼiy tartibda uch yildan oshmagan muddatga berilishi belgilangan. Shu bilan birga, tender va raqobat asosida berilgan litsenziyalar eksklyuziv huquq sifatida eʼtirof etilmasligi aniq huquqiy normalar bilan mustahkamlangani bugun tadbirkorlarimiz uchun qoʻl kelmoqda.

Eʼtiborli jihati shundaki, bu yondashuv davlat boshqaruvi tizimida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, raqobat muhitini kengaytirish hamda davlat organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatida teng shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Farmon ijrosini taʼminlash doirasida Raqobat qoʻmitasi tomonidan “Oʻzbekekspertiza” aksiyadorlik jamiyati, “OʻzInjiniring”, “Milliy PR-markazi”, “Sag agro MTP” hamda “Oʻzbekiston standartlar instituti” kabi 5 ta korxonaning eksklyuziv huquqlari bekor qilindi. Natijada qariyb 100 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari uchun bozorga kirishda teng va adolatli shart-sharoitlar yaratildi, davlat monopoliyasini qisqartirish yoʻlida muhim qadam qoʻyildi hamda xususiy sektor faoliyatini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochildi.

Raqobat qoʻmitasi tashabbusi bilan eksklyuziv huquq egalari faoliyatiga nisbatan qoʻshimcha va qatʼiy huquqiy talablar joriy etilganini ham alohida tilga olish joiz. Jumladan, eksklyuziv huquqqa ega boʻlgan korxonalar tomonidan isteʼmolchilar manfaatlarini kamsitish, asossiz ravishda ortiqcha narxlar belgilash, shartnoma tuzishdan bosh tortish yoki sunʼiy toʻsiqlar yaratish kabi raqobatni cheklovchi harakatlarga yoʻl qoʻymaslik qonunchilik normalari bilan aniq va ravshan tarzda mustahkamlandi.

Shuningdek, mazkur talablarni buzgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan maʼmuriy hamda moliyaviy javobgarlik choralarini qoʻllash amaliyoti tizimli ravishda yoʻlga qoʻyildi. Bu esa bozor munosabatlarida qonun ustuvorligini taʼminlash, adolatli raqobat muhitini shakllantirish hamda isteʼmolchilar huquqlarini ishonchli himoya qilishda muhim institutsional mexanizm sifatida namoyon boʻldi.
Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, Raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻtgan vaqt davomida 80 ga yaqin xoʻjalik yurituvchi subyektning bozorda ustun muzokara kuchiga egaligi eʼtirof etildi hamda ularning barchasiga nisbatan ustun mavqe subyektlari uchun nazarda tutilgan qatʼiy talablar tatbiq etildi.

Shu bilan birga, tabiiy monopoliya subyektlarini aniqlash va baholash boʻyicha mutlaqo yangi yondashuv joriy qilindi. Unga muvofiq, asosiy faoliyati tabiiy monopoliya sharoitida amalga oshirilmaydigan 56 ta korxonaning tabiiy monopoliya maqomi bekor qilindi. Shuningdek, pochta xizmatlari, elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish sohalarida raqobat muhiti shakllangani inobatga olinib, 6 ta xizmat turi tabiiy monopoliya sifatida eʼtirof etish amaliyotidan chiqarildi.

Ayni paytda, bozorning xususiyatlari va texnologik omillardan kelib chiqqan holda 5 ta korxona tabiiy monopoliya subyekti sifatida qayta eʼtirof etildi. Natijada, tabiiy monopoliya subyektlari soni 2023-yilga nisbatan 42 foizga qisqarib, iqtisodiyotda raqobat muhitini kengaytirish va bozor mexanizmlarini erkinlashtirish yoʻlida muhim institutsional oʻzgarishlar amalga oshirildi.

Aholi uchun dori vositalarining narxlari barqarorligini taʼminlash hamda ijtimoiy himoyani kuchaytirish maqsadida ushbu sohada davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlari sezilarli darajada takomillashtirildi. Xususan, 2025-yil 1-apreldan boshlab retsept asosida beriladigan dori vositalari uchun ulgurji savdodagi ustama 15 foiz, chakana savdodagi ustama esa 20 foizdan oshmasligi qatʼiy belgilab qoʻyilgani bugun oʻzining ijobiy samaralarini bermoqda. Shu bilan birga, referent narxi belgilanmagan dori vositalarini sertifikatlashtirish amaliyoti taqiqlandi, bu esa bozorda asossiz narx oshishining oldini olishga qaratilgan muhim chora boʻldi.

Olib borilgan monitoring va oʻrganishlar natijasida 2025-yil davomida qariyb 767 ta dorixonada qonunbuzilish holatlari aniqlandi hamda 7 milliard 900 million soʻm miqdorida asossiz olingan daromadlar boʻyicha ortiqcha mablagʻlarni isteʼmolchilar foydasiga qaytarish choralari koʻrildi. Bu esa dori vositalari bozorida qonun ustuvorligini taʼminlash va ijtimoiy adolatni tiklashga xizmat qilmoqda.

Faxriddin BOZOROV

(“Xalq soʻzi”) yozib oldi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер