Bosh vazir oʻrinbosari Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti bilan uchrashdi

07:26 06 Aprel 2021 Jamiyat
408 0

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Arkadiy Dvorkovich Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida faxriy mehmon Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasida boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, mamlakat shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari Avazjon Karimov hamda Milliy olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimovlar ham ishtirok etdi.

Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda A.Abduxakimov soʻnggi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportga, xususan shaxmatga alohida eʼtibor qaratilayotganligi, buning natijasida Vatanimiz sportchilari xalqaro maydonlarda yuksak natijalar qayd etib kelayotganligini mamnuniyat bilan taʼkidladi.

Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Shaxmatni yana-da rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori bilan Oʻzbekistonda shaxmatni rivojlantirishning oʻziga xos mexanizmi yaratilganligi, natijada yaqin kelajakda mamlakatimiz dunyoda shaxmati rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishga intilayotganligini ham aytib oʻtdi.

FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovich yurtimizda shaxmatni rivojlantirishga qaratilgan eʼtibordan mamnun ekanligini taʼkidlab, yosh shaxmatchilarimizning xalqaro maydonlarda qozonib kelayotgan gʻalabalarini eʼtirof etdi. Qolaversa, iqtidorli yosh grossmeysterlar yordamida Oʻzbekiston yaqin kelajakda yana-da yorqin gʻalabalarni qoʻlga kiritishiga ishonishini bildirdi.

Shuningdek, mamlakatimizda shaxmatni rivojlantirish borasida FIDE tomoni Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi bilan amaliy hamkorlik qilishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro sovgʻalar almashdi.

Taʼkidlash joiz, bugun Toshkentdagi «Oʻzekspomarkaz» Milliy koʻrgazmalar markazida ilk bor “INNOPROM. Oʻzbekistonda katta sanoat haftaligi” xalqaro sanoat koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi. Rossiya Federatsiyasining «Skolkovo» jamgʻarmasi raisi Arkadiy Dvorkovich yurtimizga tashrifi davomida ushbu tadbirda ham ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?