Bosh maqsad — yoshlarni kasbga yoʻnaltirish va ularning bandligini taʼminlashdir
Joriy yilning 5-aprel kuni “kun.uz” saytida “Yerni egasiga berish kerak, dehqonning ishiga hech kim aralashmasligi shart. Tahlil va taklif” nomli maqola eʼlon qilindi.
Maqolada nega 4 million gektarga yaqin ekin yerlarimiz boʻla turib, qishloq aholisi Rossiyada qora ishchi boʻlib yurgani, kimdir bir parcha yaroqsiz yerida xalqini toʻygʻazib, yana meva-sabzavotni eksport ham qilayotgani, yurtimizda esa shuncha yer va unda ishlashni istaydigan fuqarolar koʻp boʻlishiga qaramay ular oʻzgalarga xizmatkor qilib qoʻyilgani bayon etilgan. Dehqonlarning ustida mingta mansabdor turib, ularni erkin ishlashlariga yoʻl qoʻyilmayotgani taʼkidlangan.
Dehqonning haq-huquqi goʻyo ilashib turgan qurigan barg kabi – har qanday lahzada uzilib tushishi va toptalishi, mahalliy hokimiyatlarning qoʻshtirnoq ichidagi nazorati ostida faoliyat yuritadigan fermerlarning yerlari har qanday vaziyatda olib qoʻyilishi mumkinligi tilga olingan.
Shu oʻrinda aytish lozimki, yurtimizda har bir fuqaroning oʻzi xohlagan sohada mehnat qilishi, oʻzi xohlagan soha boʻyicha shugʻullanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, imkoniyatlar yetarli. Xususan, oʻz biznesini boshlash istagida yurgan yigit-qizlarga dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, bogʻdorchilik va tadbirkorlikning boshqa turlari bilan shugʻullanishi uchun ularga imtiyozli kreditlar, subsidiyalar ajratilmoqda.
Shuningdek, joriy yilda respublikamizda 233 647.3 gektar yer maydoni yoshlarga ajratilishi rejalashtirilgan boʻlib, shu yil 6-aprel holatiga koʻra, 51 682 gektar yer maydonlari yoshlarga ajratib berilishi natijasida 239 816 ta ish oʻrni yaratishga erishildi. Yangi yer maydonlari oʻzlashtirilishi, lalmi yerlarga quduq qazilib, suv chiqarilayotgani bois yoshlarimiz bodom, yongʻoq, gilos, olma, shaftoli, nok koʻchatlari ekib, koʻchatlar ostida qovun, tarvuz, oshqovoq, loviya, mosh, yeryongʻoq urugʻlari qadayapti.
Agar Xitoyda 8 sotix yeri bor odam badavlat hisoblansa, bizning qishloqlarimizda bundan ham katta tomorqalar bor. Shu sababli serhosil yerimiz bor ekan, undan doimo unumli foydalanishimiz, mehnat qilib daromad olishimiz kerak. Negaki, hozirgi ogʻir sharoitda aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan birlamchi talabini qondirish koʻp jihatdan yerdan oqilona foydalanishimizga bogʻliq.
Bu borada yurtimizda ekin yerlaridan samarali foydalanish, yer egalarining huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirish, ularda shaxsiy masʼuliyat va javobgarlik hissini oshirish, qishloqda fuqarolarning bandligi va farovonligini oshirish, soha ravnaqiga toʻsiq boʻlayotgan kamchiliklarni uzil-kesil bartaraf qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Sohaga oid qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlar esa yerning haqiqiy egasi sifatida fermer va dehqon xoʻjaliklarining huquqiy maqomini aniq belgilab berish bilan birga, ularning qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi asosiy subyektlar sifatida shakllanishi va rivojlanishini taʼminladi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qishloq xoʻjaligi sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikning takomillashtirilishi va “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi, shubhasiz, agrar tarmogʻini yana-da rivojlantirishda muhim huquqiy hujjat boʻldi.
Unga muvofiq, 18 yoshga toʻlgan, muomalaga layoqatli boʻlgan, oʻziga dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara (ikkilamchi ijara) huquqi asosida berilgan Oʻzbekiston fuqarosi yoki Oʻzbekiston hududida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxs dehqon xoʻjaligi boshligʻi boʻlishi mumkin. Shuningdek, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning asosiy ekindan boʻshagan qismi 0,06 gektardan 10 gektargacha boʻlgan oʻlchamda bir yilgacha boʻlgan muddatga ikkilamchi ijaraga (uchinchi shaxslarga berish huquqisiz) berilishi belgilandi.
Endilikda dehqon xoʻjaligi oʻz ixtisoslashuvini, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi ekinlarining turlari va hajmlarini, ularni yetishtirish hamda agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish usullarini hamda dehqon xoʻjaligi oʻzi ishlab chiqarayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga bozordagi talab va taklif nisbatidan kelib chiqib narxlarni ham mustaqil ravishda belgilaydi.
Dunyoda aholi sonining oʻsib borishi, ekin yerlar va suv resurslarining cheklanganligi, ayniqsa, global iqlim oʻzgarishi va tabiiy ofatlar natijasida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash barcha mamlakatlarda eng dolzarb masala boʻlib qolmoqda. Bunday paytda aholini oziq-ovqat mahsulotlari boʻlgan talabini qondirish, bozorlarda narxlar barqarorligini taʼminlashda tomorqa va dehqon xoʻjaliklari yer maydonlaridan samarali foydalanish eng toʻgʻri va samarali yoʻldir.
Tahlillarga koʻra, hozirgi kunda respublika boʻyicha 5,5 milliondan ortiq dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari 502 ming gektar ekin yerlaridan foydalanib kelmoqda. Oxirgi toʻrt yilda dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish boʻyicha bir qator qarorlar qabul qilindi. Qonunlarimizga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib takomillashtirilgani natijasida ekin yeridan samarali foydalangan tomorqa yer egalarini ragʻbatlantirish mexanizmi joriy etildi.
Xususan, 2018-yil 24-dekabrda qabul qilingan (OʻRQ-508) qonun bilan Soliq kodeksining 311-moddasiga oʻzgartirish kiritilib, dehqon xoʻjaliklari aʼzolari hamda 4 sotixdan kam boʻlmagan tomorqa yerida band boʻlgan yoki ushbu uchastkada qoramol yoxud 50 boshdan kam boʻlmagan parranda parvarishlayotgan jismoniy shaxslar yiliga sugʻurta badallarini eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorda toʻlash orqali bir yil mehnat stajiga ega boʻlishi belgilab qoʻyildi. Mutlaqo yangi tizim asosida, uyma-uy kirib, tomorqaga ekin ekishni targʻibot qilish ishlariga keng jamoatchilik jalb qilindi.
Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish maqsadida 2018-yil 26-aprelda qabul qilingan Prezident qaroriga muvofiq Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzurida Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilib, hozirda ushbu jamgʻarma dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Misol uchun, Jamgʻarma tomonidan 2018-2021-yillarda jami 570 mlrd soʻm, shundan 310 mlrd soʻm aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, 147 mlrd soʻm “Tomorqa xizmati” MCHJlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun yoʻnaltirildi. Tumanlarda tashkil etilgan 400 dan ortiq “Tomorqa xizmati” korxonalari tomonidan aholiga urugʻlik, koʻchatlar yetkazib berish, texnika, kimyoviy ishlov va boshqa xizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.
“kun.uz” saytida eʼlon qilingan maqolada tadbirkorlikka layoqatli kishilar uchun imkon qadar yaxshiroq sharoit yaratish kerakligi, koʻplab oilalar yerda ishlab ijod qilishi, izlanishi, oʻsib kelajakka rejalar qilishi, farzandlari kelajagini shu zamin bilan bogʻlashi qayd etilgan. Qishloq yoshlari berilgan imkoniyatlardan foydalanmay kelayotgani, mustaqil dehqon boʻlishni, hokimlar tazyiqi va aralashuvidan holi faoliyat yuritishni orzu qilishlari bildirilgan.
Bugun yangi Oʻzbekistonda yoshlarga munosabat butunlay oʻzgarganiga hammamiz guvoh boʻlib turibmiz. Prezidentimiz ham Oliy Majlisga murojaatnomasi va viloyatlarga tashriflari chogʻida yoshlar muammolari hamda ularni bandligini taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratadi.
Yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasiga bagʻishlab joriy yil 27-yanvar kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mamlakatimiz rahbari bu masalaga yana bir bor toʻxtalib, Murojaatnomada aytilgan takliflarni amalga oshirish, yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini bartaraf etish boʻyicha mutasaddilarga zarur koʻrsatmalar berdi.
Barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash boʻyicha mutlaqo yangi – “temir daftar” tizimi joriy etilib, qisqa muddatda bu tizim orqali koʻplab fuqarolarimizning bandligi taʼminlandi.
Dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalariga 300 milliard soʻm imtiyozli kredit va subsidiya ajratilgani ham qishloq aholisini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda yangi yoʻnalishga aylandi. Yoshlar tadbirkorligi va bandligini taʼminlash uchun 100 million dollar, ularning biznes loyihalarini kreditlash, kasb-hunarga oʻqitish uchun 1 trillion soʻm va 50 million dollar ajratilishi yurtimizda ertamiz egalariga boʻlgan eʼtiborning amaldagi yorqin ifodasidir.
Har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yoʻnalishidan kelib chiqib, dehqonchilik bilan shugʻullanadigan oilalarga 10 sotixdan 1 gektargacha yer maydonlari ajratilishi, fermer va dehqonlar uchun keng imkoniyatlar yaratilishi mirishkorlarimiz uchun katta ragʻbat boʻldi. Chunki manfaatdorlik va adolat boʻlgan joyda, albatta, oʻzgarish va oʻsish boʻladi, odamlar hayotdan rozi yashaydi.
Yana bir gap. Mamlakatimiz agrar sohada islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash eng asosiy masalalardan sanaladi. Shu bois, yer munosabatlarini huquqiy asosda rivojlantirish va tartibga solish, yerlardan oqilona foydalanish va muhofaza qilish maqsadida Yer kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqildi.
Aytish kerakki, amaldagi Yer kodeksi 93 ta moddadan iborat boʻlib, undan 8 ta modda talablarga javob bermasligi sababli yangi tahrirdagi Yer kodeksi loyihasidan chiqarildi. Loyihada 63 ta yangidan modda kiritilgan boʻlib, unda yerlarning turlari, yerlarni bir turdan boshqa turga oʻtkazish asoslari, yer uchastkasini boʻlish, ajratib chiqarish, yer uchastkalarni birlashtirish, yer sohasini tartibga solish va Davlat yer kadastri sohasidagi yangi tushunchalar oʻz ifodasini topgan.
Yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish hamda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni cheklash, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarini bekor qilish boʻyicha normalar bilan toʻldirilmoqda.
Shuningdek, amaldagi kodeksda qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlarni xususiylashtirish mexanizmlari tartibga solinmagani, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ajratishda ochiqlik va shaffoflik taʼminlanmagani, jumladan, fermer xoʻjaliklaridan tashqari boshqa tadbirkorlik subyektlariga yer ajratish masalasi belgilanmagani juda koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan boʻlsa, yangi tahrirdagi Yer kodeksi loyihasida yuqoridagi kamchiliklar bartaraf etilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi bir qator vazirlik va idoralar bilan birgalikda yangi kodeks loyihasi ustida ishlab, uni yana-da takomillashtirish boʻyicha ish olib bormoqda. Oʻz navbatida, joylarda aholi bilan muloqotlar chogʻida sohaga qonun loyihalarini joylarga chiqib, omilkor odamlarimiz bilan ochiq muloqot qilib, ularni oʻylantirayotgan masalalarni aniqlash, takliflarini qonun ijodkorligi jarayonida eʼtibordan chetda qoldirmaslikka harakat qilyapti. Zero, qishloq xoʻjaligini isloh qilish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash biz uchun eng muhim vazifalardan biridir.
Bir soʻz bilan aytganda, yoshlar bandligini taʼminlashning eng samarali usullaridan biri bu – yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash boʻlsa, ikkinchisi –dehqonchilik qilish uchun ularga yer ajratishdir. Shu bois, zaxira yerlarni yoshlarga foydalanish uchun berish, tomorqada limonchilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik qilishlari uchun kreditlar ajratishda biz ularga eng yaqin koʻmakchi boʻlyapmiz. Bosh maqsadimiz ham ishsiz yoshlar uchun munosib sharoit yaratish, ularni kasbga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlashdan iborat.
Botirbek TOʻRAZODA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring