Boʻlajak kelinlar qaynona masalasida qanday fikrda?

Qiz bola xonadon farishtasi, otasining erkasi, onasining dardkashi, mehriboni, balogʻatga yetgach esa oʻzga bir oilaning boʻlajak kelinidir. Ular ota uyida mehrga toʻlib, xuddi quyosh nuridan bahra olib oʻsgan niholdek oʻsib -ulgʻayadi. Onalaridan yoki buvijonlaridan kelinlik sir-asrorlarini oʻrganadi. Boradigan joyida “toshdek qotishi”da eng muhim oʻrinda boʻladigan qaynona bilan qanday munosabatda boʻlish kerakligi haqidagi maslahatlarni eshitib boradi. Xoʻsh, hozirgi qizlarimiz ayni masalaga -qaynona –kelin munosabatlariga qanday qaraydi?
Yaqinda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi Xonzoda Husanova koʻmagida yuqoridagi va «Boʻlajak kelinlar qaynona bilan yashashni xohlaydimi» degan savollar doirasida viloyat kutubxonasida oliy oʻquv yurtlarining qabul sinovlariga tayyorgarlik koʻrayotgan abituriyent qizlar oʻrtasida kichik soʻrovnoma oʻtkazdik. Rosti, javoblar natijasiga koʻra qaynona bilan yashashni orzu qilganlar koʻpchilikni tashkil etdi-yu, ammo bu borada juda oz boʻlsada, afsuski, aksincha fikr aytganlar ham qayd etildi.
«Albatta, qaynonam bilan yashashni xohlayman. Chunki yangi oilamizning baxtli, fayzli boʻlishida u kishining koʻrsatmalari, hayotiy tajribalari juda ham kerak».
“Turmushdagi turli vaziyatlardan adashmay chiqib ketishda qaynonamga suyanaman”.
«Yosh kelinlar uchun turmushning past-u balandini oʻzlashtirib olishida qaynonaning yordami alohida ahamiyatga ega».
«Qaynona bilan birga yashash, uning izzat-hurmatini joyiga qoʻyish oʻzbek oilasining azaliy qadriyati, momolarimizdan qolgan meros, milliyligimizning oʻziga xos, takrorlanmas jihatiku... Shunday ekan, men albatta qaynonam bilan yashayman va uning orzusidagi kelin boʻlaman ”.
«Qaynonali kelin qarqara kelin, qaynonasiz kelin masqara kelin, savolingizga javobim shu».
«Orzuim qaynonali xonadonga kelin boʻlish va oʻzim ham kelajakda kelin olib, oqila qaynona boʻlish...»
Bular qaynona bilan birga yashashni oʻzlarining qizlik burchi deb bilan koʻpchilik respondentlarning javoblaridan misollar edi.
Endi qaynonadan ayri yashashni istayotgan ayrim boʻlajak kelinlarning ham fikrlarini keltiramiz:
«Qaynonalar farzandi(oʻgʻli)ni kelinidan qizgʻonadi, shuning uchun oilada koʻp janjallar kelib chiqaradi deb koʻp eshitganman, shuning uchun oʻzim mustaqil kelin boʻlib yashashni xohlayman».
«Kinoseriallar orqali boshqa xalqlarda qaynona –kelin birga yashamasligini koʻrib, shunday fikrga kelganman».
«Televideniyeda namoyish etilayotgan milliy seriallarimizdagi voqealarning aksariyati qaynona-kelinlarning kelishmovchiligi haqida. Shularni koʻribmi, erta-bir kun kelin boʻlsam, men ham shunday muammo, mojarolarga duch kelsam-a degan xavotir tufaylimi, bilmadim, qaynonasiz kelin boʻlish haqida orzu qilaman»...
Ha, mana shunday gaplar.Haqiqatan ham yosh qizlarning bunday fikrlarga kelishiga oynai jahonda berib borilayotgan oila haqidagi, 80-90 foiz voqealari janjalli seriallar, koʻrsatuvlar taʼsir qilmayaptimikan? Toʻgʻrida, televizorni yoqishadi, qaysidir kanalda qaynonasi bilan yashay olmay yoinki qaynonasiz yaxshi yashayotgan kelinlar tabassum qilib chiqib turadi yoki qaysidir bir koʻrsatuvda qaynonasi bilan janjal qilib, oilasi oʻxshamaganlar ketma-ket chiqaveradi. Bunday oqibati chuqur oʻylab koʻrilmay ekranlashtirilgan syujetlar yosh qizlarimizning oila, milliy xonadonimiz borasidagi qarashlarini buzmasdan, yana kimning ongiga putur yetkazsin, axir?! Hattoki, qaysidir kanalda serial boʻlayotgan bir paytda bizning mentalitetimizga zid boʻlgan kadrlar ham efirga chiqib ketadi.Momolarimning aytishicha, avvallari kinolarda kelin-kuyovning toʻshagini oʻzlaridan boshqa hech kim koʻrmas ekan. Endi esa ana oʻsha muqaddas va oilaning qoʻshqavatli pardasi ostidagi goʻshasi ham qaysi serialni koʻrmang, bemalol ommaga oshkora qilinmoqda. Holbuki, er-u xotinning bu maskani daxlsiz va faqat oʻzlarigagina tegishli boʻlmogʻi oʻzbek oilasining azaliy qonun –qoidasi, uyat degan eng oliy qadriyatlarimizdan birining hayotiy misoli boʻlib kelgan.
Toʻgʻri, moʻjaz soʻrovnomamiz natijasiga koʻra bayon etilayotgan mavzuni juda dolzarb masala darajasiga koʻtarmoqchi emasmiz.Lekin ne ilojki, ushbu maqolamizga bir-ikki nafar boʻlsada, milliy oilamiz qadriyatlaridan voz kechmoqchi boʻlgan zamondosh dugonalarimiz ham borligi qayd etilgani bois, hali sezilar-sezilmas, bilinar-bilinmas bu qarashlar erta bir kun yana-da kengayib ketmasmikan degan savol va xavotir bilan nuqta qoʻyishga majburmiz.
Surayyo KELDIBEKOVA,
Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring