Bolaning taʼlim olishiga toʻsqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi

08:50 12 Aprel 2023 Siyosat
506 0

Xalqaro mehnat tashkiloti maʼlumotiga koʻra, bugungi kunda 218 million nafar bola majburiy mehnat qurbonidir. Shundan 89 million nafari xavfli va zararli ishlarda mehnat qilmoqda.

Mamlakatimizda keyingi yillarda majburiy mehnatga qarshi kurash borasida ulkan ishlar qilindi. Oʻzbekiston Xalqaro Mehnat tashkiloti bilan faol hamkorlik qilib, 14 ta, jumladan, 8 ta asosiy konvensiyasi, shuningdek, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashishga doir konvensiyalar ratifikatsiya qilindi.

Shu bilan birga, majburiy va bolalar mehnatiga barham berishning qonunchilik asoslari kuchaytirib borilmoqda. Jumladan, 2018-2021-yillarda tegishli kodeks va qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, bolalar mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaslik toʻgʻrisidagi talablarni buzish hamda mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash kabi xatti-harakatlar uchun maʼmuriy va jinoyat javobgarlik kuchaytirildi.

Xususan, “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi va Jinoyat kodekslarida voyaga yetmagan shaxsni mehnatga biror-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlagan shaxs maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilandi.

Quvonarlisi, Prezidentimizning kuchli siyosiy irodasi tufayli soʻnggi yillarda mamlakatimizda bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga batamom barham berildi. Majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanishga chek qoʻyilishi ortidan oʻzbek paxtasiga eʼlon qilingan boykot bekor qilindi. Natijada dunyoning eng koʻzga koʻringan uch yuzdan ortiq brendi bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish imkoniyati paydo boʻldi.

Endilikda bu boradagi davlat siyosatini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamlar tashlanayotgani Oʻzbekistonda har bir bolaning sifatli taʼlim olishi, orzu-istaklari roʻyobga chiqib, murod maqsadiga yetishidan dalolat beradi. Agar bolalarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi va orzu intilishlarini roʻyobga chiqarishga zarur sharoitlar yaratilsa, ularda oldinga intilish, harakat boʻladi.

Zero, yangilanayotgan Konstitutsiyamizning 44-moddasida bolalar mehnatining bolaning sogʻligʻiga, xavfsizligiga, ahloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning taʼlim olishiga toʻsqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi belgilab qoʻyilmoqda.

Mubolagʻasiz aytish mumkinki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilayotgan mazkur norma bolalar mehnatining ogʻir shakllaridan himoya qilish, ularni sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishishlari uchun muhim huquqiy kafolat boʻlib xizmat qiladi.

Umuman olganda, bolalar mehnatiga qarshi kurashish sohasida erishilgan yutuqlar, shubhasiz, Oʻzbekistondagi islohotlar muvaffaqiyatining muhim koʻrsatkichi boʻlib, mamlakatning xalqaro nufuzi va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti surʼatlari oʻsishiga ijobiy taʼsir oʻtkazadi.

Dilbar MAMAJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?